Jomboydagi madaniy meros ob’yektlari qachon ta’mirlanadi?

Tumanda 45 ta arxeologiya va arxitektura ob’yekti bo‘lib, o‘tgan yil viloyat madaniy meros boshqarmasi tomonidan 39 ta muhofaza belgisi topshirilgan.
Ammo yodgorliklarning aksariyati qoniqarsiz holatda va hozirgacha muhofaza belgilari o‘rnatilmagan obidalar bor.
Jumladan, tumanning Qang‘li mahallasidagi XIX-XX asrlarga tegishli Ibrohim ota masjidining ustunlari chirib ketgan. Masjid ustunlari tez fursatda qayta ta’mirlanmasa, qor-yomg‘irli kunlarda ob’yektga jiddiy zarar yetishi mumkin.
Ko‘kgumbaz mahallasida esa I, IX-X asrlarga oid to‘rtta tepalik bo‘lib, muhofaza belgisi o‘rnatilmagan. Bundan tashqari, tumanda arxeologik ob’yektlar ro‘yxatiga kiritilgan tepaliklarning aksariyatida muhofaza zonalari tashkil etilmagan va No‘sh, Bobotepa, O‘rtabo‘z masjidlarining ta’miri qoniqarsiz holatda turibdi. Oqibatda hududda mahalliy aholi tomonidan chorva mollarini boqish, tuproq qazib olish va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari ko‘p uchramoqda.
Shayx Xudoydodi valiy kim bo‘lgan?
Albatta, tumanda ziyoratchilar bilan doim gavjum muqaddas qadamjolar yo‘q emas. G‘azira qishlog‘ida joylashgan Shayx Xudoydodi valiy majmuasi ana shunday ziyoratgohlardan biri. Bu yerda qabriston, maqbara va masjid bo‘lib, barchasi Yassaviya tariqatining atoqli vakili, shoir Shayx Xudoydodi valiy nomi bilan ataladi. Hazratning asl ismi Xudoyberdi bo‘lgan. Maqbarada Shayx Xudoydodi valiy va ularning yaqinlari dafn qilingan. Manbalarga ko‘ra, Shayx Xudoydodi valiy 1461 yilda (hozirgi Navoiy viloyati hududi) Karmanada tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni olgach, Samarqandga kelib, Ulug‘bek, Javzoniya va Buxorodagi Mulla Muhammad madrasalarida ta’lim olgan.
- Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Yassaviya tariqatining mashhur namoyandasi Shayx Jamoliddin Azizon shayx Xudoyberdining ilm va riyozat yo‘lidagi ma’naviy piri bo‘lgan, - deydi Shayx Xudoydodi Valiy masjidi noib imomi Faxriddin Xo‘jaqulov. - Shayx Jamoliddin Azizon tomonidan Xudoyberdiga “Xudoydod” (Xudo yetkazdi, uchrashtirdi ma’nosida) deb nom beriladi. U kishining tarbiyasida 50 nafardan ortiq muridlar ushbu tariqatning nufuzli vakillari bo‘lib yetishadi. Jumladan, Shayx Xudoydodi Validan kator risolalar va she’riy manzumalar meros qolgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Bobur Mirzo, Shayboniyxon, Jonibek Sulton va Ubaydullaxon kabi hukmdorlar Shayx Xudoydodini o‘zlariga pir deb bilib, maslahatlariga amal qilgan.
2011 yilda hazrat tavalludining 550 yilligi munosabati bilan majmuada keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilgan. Darvoza va binolar yangilangan, ma’naviyat markazi barpo etilib, xonaqoh o‘rnida gumbazli baland maqbara qurilgan. Darvozaxona kengaytirilib, ko‘cha tomonida g‘ishtin devor barpo etilgan. 2014 yilda majmuada hashar va homiylar yordami bilan qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Ayni paytda bu ezgu ishlar davom ettirilib, majmua hududida homiylar ko‘magi bilan yangi masjid qurilmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.