Imom Moturidiy majmuasida xorijlik mutaxassislar hamkorligida qurilish ishlari olib borilyapti

Samarqand zaminida ko‘plab diniy ulamolar yashab, faoliyat ko‘rsatgan va Markaziy Osiyoda islom dini aynan shu hudud orqali tarqalgan. Bugun dunyodagi 2,5 milliard musulmonning qariyb 70 foizi Moturidiy ta’limotiga amal qilishi shundan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, o‘tgan yil yurtimizda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Ulug‘ alloma hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga qaratilgan xalqaro va respublika ahamiyatidagi anjumanlar o‘tkazilib, moturidiylik ta’limoti bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar dunyo olimlari nigohida bo‘ldi.

 Shu bilan birga, sana munosabati bilan Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasida qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlanib, ulug‘ alloma va ulamolar merosini o‘rganish maqsadida “Chokardiza” qabristoni hududida arxeologik tadqiqotlar amalga oshirildi. Xususan, Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan “Chokardiza”da olib borilgan qazishma ishlari davomida buyuk faqih, islom huquqshunosligining mukammal asari hisoblangan “Hidoya” kitobi muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlandi. Bu yerda alloma sharafiga maqbara bunyod etiladigan bo‘ldi.

Ayni paytda Moturidiy bobomizning boy ilmiy-ma’naviy merosi va ta’limotini chuqur o‘rganish, tadqiq etish hamda mamlakatimizda islom qadriyatlarini asl holatda targ‘ib qilish va sof aqidaviy yo‘nalishni keng yoyish maqsadida Imom Moturidiy majmuasi hamda islom olamida muhim o‘rin tutgan to‘rt mingdan ziyod olimu muhaddislar dafn etilgan “Chokardiza” qabristonida qurilish-bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.

- Abu Mansur Moturidiy 870 yilda Samarqandning Moturid qishlog‘ida tavallud topgan bo‘lib, umrining oxirigacha, ya’ni 944 yilga qadar shu zaminda yashagan, - deydi Imom Moturidiy majmuasi rahbari Ulug‘bek Amirov. - U zot Madinadagi Boqe’a va Makkadagi Mu’allo qabristonlaridan keyingi muqaddaslik darajasiga ega bo‘lgan, yuzlab ulug‘ allomalar, sayyidlar, shayxlar, imomlar va g‘oziylar mangu qo‘nim topgan “Chokardiza” qabristonida dafn etilgan. Bobomiz Imom A’zam Abu Hanifa mazhabini ilmiy jihatdan rivojlantirib, islom dinining turli oqim va guruhlarga bo‘linib ketish xavfini oldindan anglagan hamda bunday parokandalikning oldini olishga qaratilgan ilohiyot ilmining asoschilaridan biri sifatida tarixda chuqur iz qoldirgan.

2000 yilda Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk imom, faqih, kalom ilmining yetuk namoyandasi hamda “Moturidiya” ta’limotining asoschisi Abu Mansur Moturidiy al-Xanafiy as-Samarqandiy sharafiga majmua bunyod etilgan. O‘tgan yili Prezidentimiz qarori asosida alloma tavalludining 1155 yilligi munosabati bilan majmuani yanada obodonlashtirish ishlari boshlandi. Xususan, ziyoratgoh hududida masjid, tahoratxona, ma’muriy bino, innovatsion muzey, kutubxona, avtoturargoh hamda “Chokardiza” qabristonida maqbara, ayvon va boshqa bir qator ob’yektlar barpo etilmoqda.

Hozirda ziyoratgohda “SamTexnoStroyInvest” MChJ tomonidan keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Qurilish tashkiloti ish boshqaruvchisi Sherzod Kamolovning ta’kidlashicha, qurilish-rekonstruksiya jarayoni o‘tgan yilning avgust oyida boshlangan. Loyiha doirasida Hindiston, Pokiston, Xitoy hamda Eron davlatlaridan jalb etilgan mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Jumladan, ob’yektlarning fasad qismini xitoylik quruvchilar, gumbazlarning mozayka ishlarini eronlik ustalar, ayvon va ustunlar barpo etishni esa hindistonlik mutaxassislar amalga oshirmoqda. Qurilish jarayonida zamonaviy va yuqori sifatli materiallardan foydalanilmoqda va ishlar joriy yilning aprel oyiga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.