Dunyo moturidiyshunoslari Samarqand ziyoratida

Samarqandda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda dunyoning o‘ttizga yaqin davlatidan muftiylar, islomshunos va dinshunos olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning ilk kunida ishtirokchilar Samarqandning diqqatga sazovor joylari, muqaddas qadamjolarini ziyorat qilib, ulug‘ allomalarga beshik bo‘lgan qadim shahar tarixi bilan tanishdilar.
– Samarqand ziyorati davomida Imom Moturidiy maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Registon maydonida bo‘ldik, - deydi Malayziya Islomni anglash instituti direktori o‘rinbosari, professor Mohd Yusuf Usmon. – Ushbu qadamjolarda bo‘lib shuni angladimki, Samarqandga sayohat qilgan kishi uchta taassurotga ega bo‘ladi. Birinchisi – bu jismoniy taassurot, ya’ni ko‘zi bilan ko‘rgan tarixiy obidalar mahobatini his qiladi. Ulardan zavq oladi. Ikkinchisi – ma’naviy taassurot. Bunda azaldan o‘zbek xalqining ma’naviy dunyosi boy bo‘lganligi, ilm-ma’rifat nechog‘lik ulug‘langanligini anglaydi. Betakror san’at namunalaridan bahra olib, ma’naviy dunyosi boyiydi. Uchinchi taassurot – ilmiy taassurot. Buni anglash biroz mushkul bo‘lsa-da, lekin tarixning o‘chmas ildiziga aylangan muqaddas qadamjolarga muhrlangan bebaho ma’lumotlar moziyni ko‘z oldingizda gavdalantiradi. Shunday ekan, nima uchun bu manzil makon sayyohlik markaziga aylanmasligi kerak?! O‘ylaymanki, Samarqandning turistik salohiyati yil sayin ortib, bundan-da rivojlanadi.
Moturidiyshunos olim, Anqara universiteti professori, doktor So‘nmez Kutlu ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, ulug‘ allomani o‘rganishning bugungi kundagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
– Imom Moturidiy hazratlari qadamjosini ziyorat qilganimiz bizga o‘zgacha ruhiy kuch bag‘ishladi, – deydi doktor So‘nmez Kutlu. – Bu zaminning nechog‘lik buyukligi tarixdan barchaga ma’lum. Bugun diqqatga sazovor joylarda bo‘lib, butun dunyo ahli bu yerga talpinayotganligi guvohi bo‘ldik. Nega? Chunki, bu yerda shunday ulug‘ zotlar tug‘ilib, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shganki, buni dunyo e’tirof etadi. Shunday zotlardan biri alloma Imom Moturidiydir. Moturidiy Islom dunyosining eng ulug‘ zotlaridan biri. U uzoq umr ko‘rib, bizga Islomni to‘g‘ri anglashimiz uchun ko‘plab asarlar qoldirdiki, bugun ham ushbu asarlar o‘z qimmatini yo‘qotmagan va ular hamon asosiy o‘quv qo‘llanmalar hisoblanadi. Xususan, Abu Mansur Moturidiyning "Ta’vilot al-Qur’on" asarini alohida qayd etib o‘tishim lozim. Ushbu asar Qur’onning boshdan oxirigacha to‘liq tafsiri hisoblanib, horzirgacha bu darajada batafsil, to‘liq sharhlangan undan boshqa asar yozilmagan.
Moturidiyning ta’limotini o‘rganish islom olami uchun juda zarur deb hisoblayman. Chunki dunyoni anglash, unda tinchlik va osoyishtalikni saqlashning yagona yo‘li ilm-ma’rifat ekanligi ul zotning asarlari mazmun-mohiyatini tashkil qiladi. Alloma shunday yozadi: “Agar mahalladan bir tolibi ilm chiqsa, uni butun mahalla qo‘llab-quvvatlasin, chunki u ertaga butun mahallani o‘qimishli qilishi mumkin”. Haqiqatda ham shunday jamiyatda o‘qimishli avlod ko‘paysa uni boshqarish ham, mamlakatni rivojlantirish ham oson kechadi. Islom dunyosida shunday ibora bor: Qur’on Makkada nozil bo‘ldi, Qohirada o‘qildi, Istanbulda yozildi, Samarqandda uning mohiyati anglab yetildi. Buni Moturidiy amalga oshirdi. Ya’ni, Islom dining asl mohiyati nimaligini ulug‘ allomamiz o‘z asarlari orqali ommaga tushuntirib, asl talqin mohiyatini anglab yetishimizga zamin yaratdi. Shu bois, bugun butun dunyo islomshunoslari allomaning shaxsiyati, ta’limotini o‘rganib, tadqiqotlar davomida to‘plangan yangiliklarni keng targ‘ib qilish bilan Moturidiyning ommalashishiga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz. Bu yo‘lda bizni qo‘llab-quvvatlayotgan, sharoit yaratayotgan O‘zbekiston hukumatiga ham minnatdorlik bildiraman.