Hayotni saqlab qolgan bilim: Mansurning hikoyasi

Tun yarmida Mansur kuchli qorin og‘rig‘idan uyg‘onib ketdi. Ingranib, qotib uxlayotgan sherigi Kamolni uyg‘otdi.

Turtkidan cho‘chib uyg‘ongan do‘sti norozi bo‘lib to‘ng‘illadi:

- Nima deysan, tinchlikmi?

- Do‘stim, ahvolim og‘ir, do‘xtirga bormasak bo‘lmaydi, o‘lib qolaman… 

- Esing joyidami, dashtda, tupkanning tubida bo‘lsak, yarim kechada qayerga boramiz?

Yangi zavod quruvchilari yashayotgan cho‘ldagi bu vagon uylardan boshqa yaqin atrofda aholi manzili yo‘q. Eng yaqin bo‘lgan tuman markazi 80 kilometr narida.

- Nima qilsak ekan-a? «Tez yordam» chaqirsak ham bir soatda keladi! - Kamol do‘stiga achinib qaradi.

- Jo‘ra, biroz chida, men hozir bir ilojini qilaman.

U geologlarning «UAZ» mashinasi haydovchisini uyg‘otib kelganda Mansurning og‘riqdan ingrashi hali ham qolmagandi. Yarim kechada bir amallab tuman shoshilinch tez yordam markaziga yetib kelishdi.

- Ko‘richak xuruji, - dedi vrach tekshirib ko‘rgach. - Darhol operatsiya qilish kerak. Afsuski, bugun bizda buning iloji yo‘q. Jarrohlik stoli ustidagi lampa ishlamayapti. Usta chaqirganmiz, ertaga keladi. Viloyat markazi esa olisda. Tong otishini kutishga to‘g‘ri keladi. Endi nima bo‘lsa ham chidaysiz, uka. Hamshira, darhol og‘riqni qoldiruvchi va tinchlantiruvchi ukol qiling!

Ukoldan so‘ng Mansur biroz yengil tortdi.

- Do‘xtir, usha lampangizni ko‘rsam bo‘ladimi?

- Nima, elektrikmisiz?

- Ha, qurilishga yo‘llanma bilan kelganmiz, - Mansur operatsiya xonasida shiftda o‘rnatilgan jarrohlik stoli ustidagi o‘n olti ko‘zli lampani ko‘zdan kechirdi.

- Yaqinda Koreyadan keltirishdi. Biror ishkal bormi yoki elektriklarimiz tushunmadimi, yonmadi, - do‘xtir izoh berdi.

Mansur koridorga chiqib, elektrshit rubilnigini o‘chirdi. So‘ngra operatsiya xonasiga ketgan simlarga sinchiklab ko‘z yugurtirdi: “Hm, tushunarli”!

- Kamol, haydovchidan so‘rang, otvyortkasini berib tursin!

- Hozir, mana! - Kamol Mansurga otvyortkani tutqazdi. Mansur operatsiya xonasi lampasi ulangan simlardan biri yaxshi mahkamlanmagani uchun tok o‘tkazmayotganini fahmladi. U simni mahkam qotirdi. Koridorga chiqib, rubilnikni qo‘shdi.

- Duxtir, lampani yoqib ko‘ring-chi?

Do‘xtir lampani yoqqan edi, operatsiya xonasi charog‘on bo‘ldi.

- Qoyil! Hamshira, bemorni operatsiyaga tayyorlang! - do‘xtir xursand bo‘lib buyurdi. Bemorning holatidan xavotirlangan do‘xtir xursand bo‘ldi. - Xudoga shukur-e!

...Mansur operatsiyadan keyin o‘ziga kelganida tong yorisha boshlagan edi. Hammasi ortda qoldi. U muhandis, elektrik bo‘lish orzusida universitetda o‘qib yurganida olgan bilimi chiroq bo‘lib, hayotini saqlab qolishini xayoliga ham keltirmagandi.

Tog‘aymurod Shomurodov.