Navbahor Imomova “Zarnews.uz”da

Xalqaro jurnalist Navbahor Imomovaning “Zarafshon” gazetasi va Zarnews.uz sayti tahririyatiga kelishi, muxbirlar bilan muloqoti o‘zgacha tajriba maydoniga aylandi. Yo‘q, bu yerda biz hamma taniydigan jurnalist bilan lavha tayyorlamadik, maqola yozmadik, faqat suhbat qurdik.

Avvalambor, Navbahor Imomova tahririyatdagi sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar fikrlari bilan qiziqdi. Tabiiyki, jurnalistga yaratilgan sharoit uning yaxshiroq ishlashi uchun bir imkon, xususan, tahririyatdagi kutubxona, muzey, sport zali, oshxona aynan ana shunday sharoitlardandir. Ayniqsa, bu yerda tashkil etilgan bosma nashrlar muzeyi mehmonda yaxshi taassurot qoldirdi.

Imkoniyatlar ko‘zdan kechirilgach, o‘zaro suhbatga kirishildi: axir muxbir uchun xalqaro maydonda qalam surgan jurnalist bilan fikr almashishdan ko‘ra samaraliroq mahorat darsi bormi?

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev tahririyatdagi ijodiy muhit, gazetadagi maqolalar tayyorlanishi, sayt faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

- Bugun jurnalistika juda jiddiy muammolar qarshisida qolayotgani sir emas, - dedi Navbahor Imomova. – Qaysi davlatda bu boradagi ahvol bilan qiziqmang, gazetalar yopilayotgani, televideniye ko‘rilishi tobora pasayib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Barcha xabarlar ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi va odamlarda informatsiya tushunchasi tobora mavhumlik kasb etmoqda. Sifatli informatsiya, ya’ni odamlarga qiziq bo‘lgan axborot berish emas, odamlarga kerak bo‘lgan yangiliklarni uzatish bu boshqa-boshqa narsa. Birinchisi, ya’ni o‘z axborot makonlarida auditoriyaning qiziqishi bilan hisoblashadigan voqeliklar bilan obunachilarini ko‘paytirib borayotganlar tobora ko‘payib bormoqda. Bozor sharoitida ular bunga majbur. Ammo odamlarga zarur informatsiyani sifatli tarzda uzatadigan professional jurnalistkaning taqdiri nima bo‘ladi, degan savol paydo bo‘ladi. Va bu savol bugun butun dunyoda ochiq qolayotir. To‘g‘ri, bugungi kunda asosiy yechim sifatida davlatning bu sohaga mablag‘ ajratilishi sifatida ko‘riladi. Lekin hamma davlatlarda ham shunday yechim qo‘llanilayotgani yo‘q. Yana bir tomoni, bu mehnatni odamlar ko‘rishi, o‘qishi kerak. Demak, ijtimoiy tarmoqlardan ko‘zini uzmayotgan aholi uchun bu maskanda ham kontentlar yaratish, izlanish, muhimi, professionallikdan uzoqlashmaslik kerak.

To‘g‘ri, bugun Amerikaning eng mashhur gazetalarida ham jurnalistikaning asosiy, o‘zgarmas qoidalariga amal qilinadi va odamlar bu sifatli informatsiya uchun pul to‘lashadi. Lekin ko‘plab mayda nashrlar yopilib ketayapti. Mashhur telekanallardagi eng ommaviy chiqishlarning ko‘rilishi hatto bir millionga ham yetmayapti. 

Gazeta o‘qish, professional jurnalistikani saqlab qolishda bugun O‘zbekistonda ham har bir viloyat yo nashr o‘z holicha emas, birgalashib harakat qilishi, umumiy bir yechimlarga kelishi ayni muddao.

Suhbat dunyoda yuz berayotgan voqeliklar, ularni yoritishda xalqaro jurnalistlarning tajribasi va boshqa ko‘plab, sohaga tegishli mavzular bilan davom etdi.

Gulruh Mo‘minova.