Manfaatlar to‘qnashuvi ishonchga putur yetkazadi

Manfaatlar to‘qnashuvi — o‘z manfaatlari shaxsiy jarayonlarga va xizmatga ta’sir qiladigan vaziyat. 2024 yil 6 dekabrda «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan.

Ushbu qonun korrupsiyaning oldini olish, davlat tashkilotlarida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida o‘z ishi haqida chora-tadbirlar belgilaydi. Manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir.

2024 yil 6 dekabrda kuchga kirgan «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun jamiyat va davlat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, uning qabul qilinishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, korrupsiya kabi salbiy holatlarni bartaraf etishda sezilarni o‘rin egallaydi. Mazkur qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, unga oid munosabatlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvi haqida axborotni oshkor qilish va uni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi.

Shuningdek, qonun davlat tashkilotlaridagi xodimlarning huquq va majburiyatlarini aniq tartibga soladi. Manfaatlar to‘qnashuvi, avvalo, har qanday sohadagi rivojlanish illati bo‘lmish korrupsiya holatlarining oldini oladi. Ya’ni, shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeini shaxsiy manfaatlari maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi yo‘lidagi xatti-harakatlarining bir qismini bartaraf etadi, davlat byudjetining noqonuniy o‘zlashtirilishining oldini oladi, davlat tashkilotlarida mehnat munosabatlari va davlat xaridlarining ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi.

Manfaatlar to‘qnashuvi jamiyatga katta zarar keltiradigan illatlardan biri bo‘lib, u bor joyda sohalar rivojlanish o‘rniga, orqaga ketadi, adolatsizlik bo‘ladi, o‘zaro ishonch so‘nadi, mutaxassislar salohiyati ro‘yobga chiqmaydi. Aniqroq aytganda, manfaatlar to‘qnashuvi bu shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini ob’yektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyat hamdir. O‘z vaqtida bunga qarshi keskin kurashilsa, ya’ni manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yilsa, korrupsiya barham topadi, ish faoliyatida o‘zgarish, rivojlanish bo‘ladi.

Mazkur qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olish bo‘yicha cheklovlar ham belgilandi. Xususan, qonunda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat xizmatchisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilish orqali shaxsiy naf olishi, manfaatlar to‘qnashuviga oid axborotni oshkor etishda ma’lumotlarni yashirishi yoki ataylab yolg‘on ma’lumot berishi, biri boshqasiga bo‘ysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashi manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishini inobatga olgan holda, bunday tartibda ishlash ta’qiqlanadi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning o‘zi bilan mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan bo‘shatilgan xodimi ikki yil ichida oxirgi ish joyida o‘zi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlar yoxud ularning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ishga ushbu xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirgan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmasi vazifasini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning xulosasiga asosan qabul qilinish tartibi ham mazkur qonunda o‘z ifodasini topdi.

«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, uni aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari bilan xizmat majburiyatlari o‘rtasida ziddiyatlar kelib chiqishining oldini olish orqali jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shahnoza MUHAMMADQULOVA,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining sudyasi.