45 yoshdan keyingi hayot formulasi
Samarqandda “45+dan keyingi hayot formulasi: sog‘liq, donishmandlik, go‘zallik” shiori ostida II Ayollar forumi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman respublika va qo‘shni davlatlarda faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiyot sohasi olimlari, bir nechta yo‘nalishdagi shifokor mutaxassislar, akusher-ginekologlarni jamladi. Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkilotchiligida o‘tkazilgan mazkur anjumanda ginekologiya, endokrinologiya, kardiologiya, psixologiya hamda tibbiyotning boshqa yo‘nalishlaridagi mutaxassislarni birlashtirib, ayollar salomatligi va hayot sifatiga oid dolzarb masalalar muhokama etildi.
- 45 yoshdan so‘ng ayollarda turli fiziologik o‘zgarishlar sezilib, bu jarayonlar uning sog‘ligiga ta’sirini ko‘rsatadi, - deydi Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakili, tibbiyot fanlari doktori Sevara Irgasheva. – Xususan, yurak-qon, asab tizimi, endokrin xastaliklar ularga xavf solish ehtimoli bor. Odatda bu yoshdan keyin juda ko‘p ayollar faol hayotdan chekinib, ancha xotirjamlikka beriladi. Vaholanki, aynan shu yoshda ayollar uchun faol hayot, doimiy jismoniy mashqlar, qiziqadigan mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib turishlari juda muhim sanaladi. Forumda yetakchi olimlar tomonidan ayollarda gormonal o‘zgarishlarning o‘ziga xos xususiyatlari, yurak-qon tomir kasalliklarining profilaktikasi, suyak tizimi salomatligi va osteoporozning oldini olish, ayollarning psixoemotsional holati kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi, bu bo‘yicha bugun dunyodagi erishilayotgan ilmiy natijalar va yangiliklar xususida fikr almashildi.
- Forumda mamlakatimiz hamda Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston kabi davlatlardan o‘nlab olimlar, ekspertlar ishtirok etmoqda, - deydi Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali rahbari Lola Hamroyeva. –Ularning ma’ruzalari, ilmiy o‘rganishlari natijalari har bir mutaxassis uchun tajriba almashish, o‘z bilimlarini yanada boyiitish imkonini beradi. Chunki ayolning sog‘lom bo‘lishi bugun faqat bitta omilga emas, bir nechta faktorlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu masalada yetakchi tibbiyot muassasalarining tavsiyalari, qarashlarini o‘rgangan holda umumiy xulosalarni jamlash va amaliyotga tatbiq etishni maqsad qilganmiz.
Bugun Samarqandda 20 ga yaqin tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi tibbiyot muassasalari, 15 ta tug‘ruq kompleksi, 4 ta perinatal markazlar faoliyat ko‘rsatadi. Aytish kerakki, ayollarning sog‘lom farzand dunyoga keltirishi ularning sog‘lom turmush tarziga nechog‘lik rioya qilayotganiga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu masalada akusher-ginekologlarning doimiy tavsiyalari, ular bilan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishlari ham muhim omillardan biri bo‘lmoqda.
Ikki kun davom etgan anjumanda jismoniy va ruhiy salomatlikni saqlashda professional yondashuv, biologik o‘zgarishlarni yangi, sifatli hayot poydevoriga aylantirish yo‘llari, o‘zgarishlardan qo‘rqishni yengish va yetuklik salohiyatini oshirish kabi masalalar bo‘yicha ekspertlarning chiqishlari ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Qalb go‘zalligi va kuchi bilan dunyoni yaxshilayotgan ayollar haqidagi chiqishlar, O‘zbekiston va Qozog‘istonlik dizaynerlarning liboslar namoyishi, konsert dasturi Forum ishiga shukuh bag‘ishladi.
Gulruh Mo‘minova,
Alisher Isroilov (suratlar).