Kitob festivalida kitobga “haykal” o‘rnatildi
Ishtixon marmaridan tayyorlangan, 60 tonnali mazkur monument ochilishi festival ishtirokchilari uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Ishtixon tumani markazidagi Ustozlar xiyobonida qad rostlagan mazkur monument shu hududdagi ma’naviy muhitga to‘la hamohang tushdi.
- Yaqinda mamlakatimiz rahbari Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start bergandilar, - dedi festivalda so‘z olgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Kuni kecha esa Prezidentimiz adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari bilan yirik uchrashuvda sohada kutilayotgan katta yangiliklar haqida ta’kidlab o‘tdilar. Mana bugun Ishtixonda shu ishlarning uzviy davomi sifatida yirik kitobxonlik festivali o‘tkazildi. Bularning barchasi mamlakatda kitobxonlik darajasini ko‘tarish uchun amalga oshirilayotgan inqilobiy o‘zgarishlardir. Ayniqsa, tuman markazida kitobga o‘rnatilgan monument ulkanligi bilan mamlakatda yagona, desam adashmagan bo‘laman.