Suv ombori hududida tabiatga qariyb 1,8 milliard so‘m zarar yetkazilgan
Kattaqo‘rg‘on suv ombori hududida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
30 may kuni davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd va kuzatuv tadbirlari jarayonida Nurobod tumani, Po‘latchi mahallasi, Yakkashayid qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Q.S. va X.Z. tomonidan taqiqlangan ov usulidan foydalanilgani aniqlangan. Ular ov quroli hisoblangan elektr qarmoq yordamida 40 ta baliqni noqonuniy ravishda ovlagan.
Mazkur qonunbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 1 milliard 355 million 480 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisob-kitob qilindi.
Shuningdek, o‘sha kuni tungi kuzatuvlar chog‘ida mazkur hududda yashovchi fuqarolar T.Sh. va Q.O. tomonidan ham elektr qarmoqdan foydalanib, taqiqlangan usulda baliq ovlangani aniqlandi. 12 ta baliqni ovlagan shaxslar hayvonot dunyosiga yana 424 million 360 ming so‘m zarar yetkazgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.