Hozirgacha tadbirkorlarimiz 250 ga yaqin masalani ko‘tardi
Joriy yildagi Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti Samarqandda o‘tkaziladi.
Shu bois 20 avgust - Tadbirkorlar kuni arafasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ularning murojaatlari, muammolari va takliflarini tizimli o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Topshiriq ijrosi bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan 20 nafar viloyat ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Shuningdek, viloyatdagi tadbirkorlik sohasiga tegishli bo‘lgan 37 ta idora va tashkilot 15 maydan 15 avgustgacha har kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish reja-jadvali tuzildi.
Shu bilan bir qatorda, tuman (shahar) hokimliklariga o‘tkaziladigan joylarni oldindan belgilash, to‘liq tayyor holga keltirish, hududdagi faol tadbirkorlarni qabullarda ishtirokini ta’minlash, uchrashuvlar vaqti va joyi aniq belgilanib, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda e’lon qilish va o‘z vaqtida reja asosida o‘tkazilishi to‘g‘risida mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Viloyat shtabi tarkibi faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida 20 nafar shtab a’zolari uchun xona va joylar tayyorlanib, shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning ochiq muloqoti oldidan o‘tkaziladigan barcha tadbirlar viloyatda samarali tashkil etiladi hamda Respublika shtabiga ma’lumotlar o‘z vaqtida taqdim etib borilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi tomonidan ochiq muloqotlar doirasida 9 iyungacha 13 ta uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda jami 249 ta tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bildirilgan turli darajadagi muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularning 140 tasi (56 foizi) ijobiy hal etildi, 43 tasi (17 foizi) ga rad javobi va 66 tasi (26 foizi) tasiga tushuntirish berilgan.
Jumladan, 42 ta soliq, bank-moliya, kredit, garov ta’minoti, 35 ta autsion, yer va bino-inshoot ajratish, 56 ta kommunikatsiya tizimiga ulanish, arxitektura va kadastr, 24 ta qonunbuzarlik, noqonuniy aralashuv,
22 ta ruxsatnoma va litsenziya olish masalasi, 28 ta pul mablag‘larini undirish, 17 ta boshqa muammolar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha mas’ul idora va boshqarmalar tomonidan o‘rganilib, yechimi bo‘yicha xulosalar berilmoqda.
Fazliddin Rahmatov,
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shtabi kotibi.