Xalq bilan ochiq muloqot: muammoning ichiga kirish va amaliy yechimlar mezoni

... Ertalabdan Ishtixon tumanidagi "Ustozlar xiyoboni"dan odamlarning qadami uzilmadi. Bu yerga kelgan har bir fuqaroning ko‘zida ham umid, ham qat’iy ishonch bor edi. Zotan, bugun dardini aytsa, u shunchaki qog‘ozda qolib ketmasligini, aksincha, yuqori darajada nazoratga olinib, qisqa muddatlarda ijobiy yechim topishini yaxshi bilishadi.

Shu sabab sayyor qabul dastlabki daqiqalardanoq qizg‘in, ta’sirli va nihoyatda samimiy muloqot maydoniga aylandi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev qabul stoli ortida har bir murojaatchini diqqat bilan tingladi. Muloqotlar davomida rasmiyatchilikdan mutlaqo voz kechilgan. Har bir fuqaroning masalasi, xoh u shaxsiy muammo bo‘lsin, xoh butun mahallaga tegishli ijtimoiy infratuzilma masalasi bo‘lsin, atroflicha, ich-ichiga kirib o‘rganildi. Bundan tashqari, qabul jarayonida tuman hokimligi, sektor rahbarlari, viloyat va tuman darajasidagi mas’ul tashkilot va idoralar rahbarlari ham ishtirok etdi. Bu esa har qanday masalaga shu yerning o‘zida, vaqt yo‘qotmasdan, byurokratik to‘siqlarsiz tezkor yechim topish imkonini berdi.

- Biz bu yerga faqat qog‘oz to‘ldirish, shunchaki uchrashuv o‘tkazish uchun kelganimiz yo‘q, - dedi Qahramon Quronboyev. - Maqsadimiz sizlarni qiynayotgan, kundalik hayotingizga xalaqit berayotgan real muammolarni eshitish va ularni joyida, amalda hal qilish. Agar qaysidir masala bugun vaqt va katta mablag‘ talab qilsa, uning aniq ijro muddati va mas’ulini belgilaymiz. Hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydi, har bir insonning dardi biz uchun muhim.

Murojaatlarning salmoqli qismi ijtimoiy va maishiy muammolarga qaratildi. Yillar davomida to‘planib qolgan kommunal masalalar, ichimlik suvi ta’minotidagi kamchiliklar, ichki yo‘llarning nosozligi, elektr energiyasi tizimidagi uzilishlar, transformatorlarni yangilash kabi hayotiy va kundalik muammolar fuqarolar tomonidan kuyunchaklik bilan o‘rtaga tashlandi.

Sayyor qabulda yoshlarning ishtiroki alohida ko‘zga tashlandi. Bugungi kun yoshlari faqat muammo aytib, yordam so‘raydigan passiv qatlam emas, balki aniq taklif, innovatsion g‘oya va tadbirkorlik tashabbuslari bilan chiquvchi faol kuchga aylanganini yaqqol namoyish etishdi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar va loyihalar qabulning eng yorqin va ruhlantiruvchi sahifalaridan birini tashkil qildi.

Sayyor qabul davomida faqat individual yoki shaxsiy muammolar emas, balki tizimli, butun tumanning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini o‘zgartirishga xizmat qiladigan yirik masalalar ham muhokama markazida bo‘ldi. Mahallalardagi infratuzilmani yaxshilash maqsadida "Obod mahalla" dasturlari doirasida olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ishlarning sifatsiz bajarilishi yoki belgilangan muddatlardan kechikish holatlariga yo‘l qo‘ygan pudrat tashkilotlari rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

Qabul davomida har bir qabul qilingan murojaat maxsus elektron bazaga kiritib borildi. Murojaat bilan birga uni ijro etishi lozim bo‘lgan mas’ul shaxs, uning aniq ismi-sharifi, lavozimi va topshiriqni bajarish muddati ko‘rsatilgan individual "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasining maxsus nazorat guruhi har bir murojaatning oxirigacha yetkazilishini, fuqaroning o‘zi natijadan to‘liq rozi bo‘lmaguniga qadar jarayonni nazoratda ushlab turishini e’lon qildi.