Ko‘cha muzqaymoqlari aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi

Yozda muzqaymoq eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri hisoblanadi. Biroq har qanday muzqaymoq ham inson salomatligi uchun xavfsiz emas.

Mahsulotning qayerda va qanday sharoitda tayyorlangani juda katta ahamiyatga ega.

Har yili katta yo‘l yoqalarida sanitar talablarga javob bermaydigan holatda ko‘cha muzqaymoqlari sotiladi. Ularning qachon, qayerda va qay sharoitda tayyorlangani haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas. Bundan tashqari, qadoqlarda mahsulotni qanday sharoitda va qancha muddatgacha saqlash mumkinligi ham yozilmagan. Shunday ekan, ushbu mahsulotni iste’mol qilish hayot uchun xavfli hisoblanadi.

"Sanepidqo‘mita" Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan har yili viloyat hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqalarida sotilayotgan ko‘cha muzqaymoqlari ustidan nazorat reydlari o‘tkazib kelinadi. Reydlar davomida ushbu mahsulotlarning iste’molga yaroqliligi, ya’ni sifati, sotuvchi xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi o‘rganiladi. Biroq o‘tkazilgan reyd va nazorat tadbirlari davomida ko‘chada sotilayotgan muzqaymoqlarni tegishli hujjatlarsiz sotilayotganligi aniqlangan. Sotuvchilar bilan suhbat jarayonida ularda hech qanday hujjat yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, o‘tgan yili “muzqaymoq mavsumi” davomida yigirmadan ortiq o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida sotuvchilar tomonidan sotilayotgan mahsulotlardan 3 ta muzqaymoq vaflisi va 3 ta joyda sotilayotgan muzqaymoqlardan laboratoriya namunalari olingan. Laboratoriya xulosalariga ko‘ra, mazkur oltita tahlilning barchasidan ichak tayoqchasi bakteriyalar guruhi va 3 ta oltinsimon stafilakkok infeksiyalari aniqlangan.

Sanitariya talablariga rioya qilinmay tayyorlangan va ko‘chada sotilayotgan, muzqaymoq tarkibida ichak tayoqchasi bakteriyalari (Escherichia coli infection) va oltinsimon stafilokokk (Staphylococcal food poisoning) aniqlanishi juda xavfli hisoblanadi.

– Agar bunday muzqaymoq iste’mol qilinsa, inson organizmida ko‘ngil aynishi va qayt qilish, kuchli ich ketishi, qorinda og‘riq va buralib og‘rishi, harorat ko‘tarilishi, umumiy zaiflik va suvsizlanish kabi zaharlanish belgilari kuzatilishi mumkin, - deydi "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi mudiri Yusuf Rahimov. – Ba’zi hollarda qon aralash ich ketishi, buyrak faoliyati buzilishi, qattiq suvsizlanish, hatto hayot uchun xavfli asoratlar keltirib chiqishi mumkin.

Oltinsimon stafilokokk bu bakteriya oziq-ovqatda ko‘payib o‘ta xavfli ekzotoksin hosil qiladi. Toksin issiqlikka ham chidamli bo‘lishi mumkin. Odatda 1-6 soat ichida zaharlanish belgilari boshlanadi. Tez-tez qayt qilish, qorin og‘rig‘i, kuchsizlik kuzatiladi. Ayniqsa bolalar, homilador ayollar, qariyalar, immuniteti past insonlar uchun xavf yuqori bo‘ladi.

Iste’mol uchun sotilayotgan har bir mahsulot, albatta, qadoqlangan bo‘lishi va unda ishlab chiqarilgan joyi, sanasi, mahsulot tarkibi va saqlash muddatlari alohida ko‘rsatilishi kerak. Ko‘chada sotilayotgan ushbu mahsulotlarda esa bunday ma’lumotlarni qidirib topolmaysiz. Muzqaymoq sut va sut mahsulotlaridan tayyorlanadi va u tez buziluvchanlik xususiyatiga ega. Muzqaymoqlarni minus haroratda saqlash talab etiladi. Bunday holatda saqlanmagan muzqaymoq erib, sifati o‘zgaradi. Ko‘chalarda sotilayotgan muzqaymoqlarning idishlari esa muzlatkich emas, ular mahsulotni xavfsiz saqlanishini ta’minlamaydi.

– Amaldagi sanitariya qoida va me’yor talablari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarini sotuvchi har bir xodim har 6 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Shuningdek, u maxsus kiyim bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Agar sotuvchi yuqumli kasallikka chalingan bo‘lsa, savdo jarayonida mijozlarga ham yuqtirishi mumkin. Biroq, ko‘cha sotuvchilarining birortasida tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi bo‘yicha hujjat yo‘q. Qolaversa, sotuvchilar sotuv jarayonida sanitariya qoida va me’yorlariga amal qilmaydi. Ular maxsus qo‘lqoplardan foydalanmaydi, - deydi mutaxassis.

 

Ko‘chada tayyorlanadigan muzqaymoqlar ko‘p hollarda sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob bermaydigan sharoitlarda ishlab chiqariladi. Bunday joylarda qo‘l yuvish imkoniyatlari cheklangan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ishlatiladigan suv sifati nazorat qilinmaydi. Mahsulot ochiq havoda saqlanishi yoki idishni og‘zi ochiq qoldirilishi chang, hasharot va tashqi muhit ta’siri yuqori bo‘ladi.

Maxsus sex va ishlab chiqarish korxonalarida esa mahsulot belgilangan sanitariya talablari asosida tayyorlanadi. U yerda zamonaviy va maxsus jihozlardan foydalaniladi. Xodimlar doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Mahsulotlar esa laboratoriya nazorati ostida, belgilangan harorat rejimida muntazam ravishda nazorat qilinadi.

– Ko‘cha sharoitida tayyorlanadigan muzqaymoqlarda ba’zan sifati kafolatlanmagan sut, qaymoq yoki turli qo‘shimchalardan foydalanilishi mumkin, - deydi Yusuf Rahimov. - Bu esa ichak infeksiyalari, ovqatdan zaharlanish, allergik reaksiyalar, turli mikrob va bakteriyalar tarqalishi kabi xavflarni keltirib chiqaradi. Sex va korxonalarda ishlab chiqarilgan muzqaymoqlarda esa sertifikatlangan va tekshirilgan xom ashyo ishlatiladi. Shuningdek, mahsulot qadog‘ida uning tarkibi, ishlab chiqarilgan sanasi, saqlash muddati kabi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Muzqaymoq doimiy sovuq haroratda saqlanishi shart. Ko‘cha savdosida elektr ta’minotidagi uzilishlar yoki sovutish uskunalarining talab darajasida ishlamasligi tufayli mahsulot erib, sifati buzulishi mumkin. Erigan muzqaymoqni qayta muzlatib iste’molga ishlatish sanitariya me’yor talablari bo‘yicha taqiqlangan. Erigan muzqaymoq bakteriyalarni rivojlanishi uchun eng qo‘lay muhit hisoblanadi. Bunday erigan va qayta muzlatilgan muzqaymoqlarni iste’mol qilish inson salomatligi uchun xavflidir. Sexda ishlab chiqarilgan va turg‘un savdo shaxobchalarida sotilayotgan muzqaymoq mahsulotlari esa maxsus muzlatkichlarda belgilangan haroratda saqlanadi va tashiladi.

Rasmiy faoliyat yuritayotgan korxonalar tegishli davlat organlari tomonidan doimiy nazorat qilinadi. Mahsulot sifati uchun mas’ul shaxslar belgilangan bo‘ladi. Ko‘cha savdosida esa mahsulotning qayerda tayyorlangani, kim tomonidan ishlab chiqarilgani yoki qanday sharoitda saqlanganini aniqlash qiyin.

Muzqaymoq iste’mol qilishda turli ko‘ngilsizliklar yuzaga kelmasligi uchun yuqorida aytilgan talablarga qat’iy rioya qilib, e’tiborli bo‘lish lozim.

"Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi axborot xizmati.