102 yoshli Ahad Ochilov urush dahshatini ko‘rgan Samarqandda yagona faxriy

Gap Ikkinchi jahon urush qatnashgan, bugun ham hayot bo‘lgan samarqandlik 102 yoshli Ahad bobo Ochilov haqida. Uning hayoti – jasorat, sabr va matonat timsoli. Otaxonning har bir xotirasida urushning dahshati, inson irodasining qudrati va tinchlikning beqiyos qadri mujassam.

– Meni harbiy xizmatga chaqirishganda 17 yoshda edim, – deydi Ahad bobo. – O‘sha bahor kuni Samarqand tumanidagi sobiq “Moskva” jamoa xo‘jaligi dalasida mehnat qilib yurgandim. Bir payt otliq ikki kishi kelib qoldi.

– Sen Ahad Ochilovmisan? – dedi ulardan biri.

– Ha, menman, – dedim.

– Biz bilan borasan. Seni harbiy komissariat kutyapti.

Men uyga kirib, oyoq kiyim va pidjak olishga, ota-onam bilan xayrlashib chiqishga ruxsat so‘radim.

– O‘zimiz aytamiz, – dedi ulardan biri qamchisini keskin siltab. – Buyruq bajariladi!

Shu tariqa yosh Ahad besh-olti chaqirim yo‘lni yalangoyoq bosib o‘tishga majbur bo‘ladi. Harbiy komissariatda esa hatto, yoshi yoki yashash manzilini ham surishtirishmaydi – ism-sharifini yozib olib, temir yo‘l vokzaliga jo‘natishadi. Yaxshiyamki, poyezd yurishidan oldin otasi yetib kelib, o‘g‘lini duo qilib kuzatadi.

– Otamning o‘sha duosi ijobat bo‘lib, Yaratgan meni urush davomida asrab kelgan bo‘lsa kerak, – deydi otaxon ko‘zlari namlanib.

Ikki kunlik mashaqqatli yo‘ldan so‘ng ular yuk poyezdida Turkmaniston poytaxti Ashxobodga yetib kelishadi.

– Piyoda shahar chekkasigacha yurdik. U yerda harbiylar kutib turgan ekan. Hammomning bir eshigidan kirib, ikkinchi eshigidan harbiy kiyimda chiqdik. Shu zahotiyoq bolalik ortda qolganini his qildim, – deydi Ahad bobo.

Ahad Ochilov Ikkinchi Ukraina fronti tarkibida xizmat qiladi. U Ruminiya va Vengriya hududlaridagi og‘ir janglarda, shuningdek Chexoslovakiyani ozod qilish bo‘yicha Praga amaliyotida ishtirok etadi.

G‘alaba haqidagi xushxabarni ular Germaniya hududida qarshi olishadi.

Ko‘pchilik harbiylar uyiga qaytarilgan bo‘lsa-da, Ahad Ochilovni polk qo‘mondoni, podpolkovnik Razimov o‘z yonida qoldiradi.

– Rus tilini yaxshi bilarkansan, deb meni yordamchi qilib tayinladi. Shu tariqa men Germaniyaning Vittenberg shahrida 1950 yilgacha xizmat qildim, – deydi u.

Biroq yurtga qaytish ham oson kechmadi. U tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga qaytgach, onasining vafot etgani, otasi og‘ir xastalikka chalinganini eshitadi.

– Otam, bir ukam va ikki singlim juda og‘ir sharoitda yashab kelayotgan ekan. Samarqand davlat universitetida tahsil oldim. Ishladim, ro‘zg‘orni tikladim. Ikki singlimni uzatdim, ukamni uylantirdim. O‘zim ham oila qurdim. Bugun esa qariyb 100 nafardan ziyod nevara-evaralar qurshovidaman, – deydi otaxon shukronalik bilan.

Ahad Ochilov 52 yil davomida maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars berdi. Yuzlab shogirdlar tarbiyaladi. Uning hayot maktabi ham, mehnat faoliyati ham yoshlar uchun ibrat namunasidir.

Xotira va qadrlash kuni arafasida otaxonning uyidan mehmon arimaydi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, talabalar va o‘quvchilar tez-tez xabar olib turishadi. Xususan, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat va tuman bo‘limlari vakillari ham kelib, jamg‘arma tomonidan ajratilgan pul mukofotini topshirishdi.

Biz borgan kuni Samarqand davlat arxitektura – qurilish universiteti o‘qituvchi va talabalari, shuningdek “Jasorat” maktabi o‘quvchilari otaxon holidan xabar olish uchun kelgan ekan.

– Uzoq umr ko‘rishingizning siri nimada? – deb so‘radi yoshlardan biri.

Ahad bobo tabassum qildi.

– Sport, intizom va ovqatlanishda me’yorni saqlashda, bolam. Me’yor – salomatlikning eng ishonchli posboni. Jismoniy mehnat insonni chiniqtiradi. Inson o‘zini halokatga yetaklaydigan odatlardan uzoq yurishi kerak. Har kuni harakatda bo‘lgan odamning tanasi ham, ruhi ham baquvvat bo‘ladi, – dedi u.

Suhbat so‘ngida Ahad bobo chuqur xo‘rsindi.

– Urushning har bir daqiqasi dahshat edi, , – dedi u. – Uning nomi o‘chsin. Bugungi tinch va osuda kunlarning qadriga yetaylik. Hozir to‘kin-sochinlik, farovonlik davri. Davlatimiz nuroniylarga katta e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz biz kabi urush qatnashchilarini doim e’zozlab kelmoqda. Har yili mukofotlar berilyapti, tadbirlarga taklif etilyapmiz. O‘tgan yili poytaxtda Prezident bilan ham uchrashdik. Duo qildik – yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, O‘zbekistonimiz yanada gullab-yashnasin.

Ha, bu kabi nuroniylar – tirik tarix. Ular ko‘rgan kunlarni kitoblardan o‘qib anglab bo‘lmaydi. Ahad bobo kabi insonlarni asrash, qadrlash va ularning hayot yo‘lini yosh avlodga yetkazish – barchamizning insoniy burchimizdir. Chunki tinchlikning haqiqiy qadrini urushni ko‘rganlar yaxshi biladi. Ularning duosi, hayot sabog‘i va ibratli umri yurtimizga baraka va fayz bag‘ishlab tursin.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).