78-o‘qchi diviziya safidagi jasorat haqida eshitganmisiz?

Vatandoshlarimizning front va front ortida ko‘rsatgan jasorati, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi beqiyos.

Bu mashaqqatli yillarda yurtimizdan minglab insonlar Vatan himoyasi uchun jang maydonlariga otlandi. Ularning qanchadan-qanchasi janglarda halok bo‘lib, muqaddas tuproq bag‘rida mangu qo‘nim topgan bo‘lsa, yana ko‘plab yurtdoshlarimiz qahramon sifatida el-yurt bag‘riga qaytdilar. Shu bois, ularning so‘nmas xotirasini yod etish, ruhlari pokiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham muqaddas burchdir.

Bugungi tinch va osuda hayotimiz ana shu jasur ajdodlarimiz matonati va fidoyiligi evaziga ta’minlangan. G‘alabaning 81 yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda Vatan uchun jon fido qilgan bobolarimiz jasoratini eslash, ularning ibratli hayot yo‘lini yosh avlodga yetkazish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

Arxiv hujjatlari esa bu qahramonlik tarixining tirik guvohidir. Arxivimizda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, shuningdek, urushdagi xizmatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlangan samarqandlik vatandoshlarimizning fotohujjatlari va shaxsiy materiallari asrab kelinmoqda. Bu noyob manbalar orqali biz o‘tmish qahramonlarining hayoti, jasorati va Vatan oldidagi fidokorona xizmatlari haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lamiz.

Jumladan, arxiv materiallarida Samarqand shahrida tashkil etilgan 78-o‘qchilar diviziyasi haqida muhim ma’lumotlar uchraydi. Mazkur diviziya safida xizmat qilgan katta serjant, Sovet Ittifoqi Qahramoni Quchqor Qarshiyev nomi alohida iftixor bilan tilga olinadi. Uning jangovar harakatlarda ko‘rsatgan jasorati nafaqat safdoshlariga, balki keyingi avlodlarga ham ibrat bo‘lib qolgan.

Shuningdek, samarqandlik harbiy shifokor Agalar Grigoryanning hayot yo‘li ham alohida e’tiborga loyiq. U 1941 yil Samarqand meditsina institutining jarrohlik fakultetini tamomlab, el sog‘ligi yo‘lida xizmat qilishni orzu qilgan edi. Ammo urush boshlangani haqidagi dahshatli xabar butun mamlakat qatori uning taqdirini ham o‘zgartirdi. Oradan ikki yil o‘tib, u shahar komissariyatiga ariza bilan murojaat qilib, frontga jo‘nadi.

Agalar Grigoryan 78-o‘qchilar diviziyasi sanitariya qismining boshlig‘i etib tayinlandi. U nafaqat rahbar, balki mahoratli jarroh sifatida ham minglab yarador askar va ofitserlarning hayotini saqlab qoldi. Jang maydonlarida u kechayu kunduz demay, og‘ir sharoitlarda operatsiyalar o‘tkazib, ko‘plab insonlarga qayta hayot baxsh etgan. Uning jasorati va fidokorona mehnati davlat tomonidan yuksak baholanib, II darajali “Vatan urushi” ordeni, ikki marta “Qizil Yulduz” ordeni hamda bir qator medallar bilan taqdirlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 78-o‘qchilar diviziyasi 1942 yil 19 fevraldagi NKOning № org/2578-sonli buyrug‘i asosida Samarqand shahrida tashkil etilgan bo‘lib, dastlab 403-diviziya nomi bilan yuritilgan. Keyinchalik esa o‘zining intizomi, matonati va jangovar muvaffaqiyatlari bilan alohida shuhrat qozongan harbiy tuzilmalardan biriga aylangan.

Masalan, front ortida ham yurtdoshlarimiz katta mehnat jasoratini namoyon etganlar. Ayollar, qariyalar va yoshlar zavod-fabrikalarda mehnat qilib, front uchun qurol-yarog‘, oziq-ovqat va kiyim-kechak tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatgan. Samarqandga evakuatsiya qilingan minglab insonlarga boshpana va mehr berilgani ham xalqimizning bag‘rikengligi va insonparvarligini namoyon etadi.

Xulosa qilib aytganda, ajdodlarimizning qahramonlik yo‘li va ular qoldirgan boy ma’naviy meros bugungi tinch va farovon hayotimizning mustahkam asosidir. Ularning xotirasini abadiylashtirish, jasoratini qadrlash va bu tarixni kelajak avlodlarga yetkazish har birimizning muqaddas vazifamizdir.

Fazliddin Ulug‘ov,

viloyat davlat arxivi yetakchi arxivchi.