Frontdan maktub: Ahmadjon urushda ekanini farzandlari bilmasligini istagan
Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib uylariga qaytdi.
Ayni paytgacha Ikkinchi jahon urushi haqida, ushbu mash’um urush halqimiz boshiga necha-necha kulfatlarni solgani xususida bir qancha maqolalar e’lon qilingan, kitoblar nashr qilingan. Biroq shu bilan urushning oqibatlari, ayniqsa frontda jang olib borgan vatandoshlarimiz va ularning yaqinlarining boshidan kechirgan qiyinchiliklari xususida yangi va yangi manbalar topilaveradi.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida 80 dan ortiq frontda yozilgan maktublar saqlanadi. Ushbu maktublar Ikkinchi jahon urushida ishtirok etayotgan askarlar tomonidan o‘zlarining yaqinlariga yozilgan bo‘lib, o‘tgan asrning 50-80 yillarida muzey-qo‘riqxona ilmiy xodimlari tomonidan to‘plangan. Quyida maktublardan birini to‘liq holda e’lon qilamiz.
Ushbu maktub Husniya Jalilova tomonidan 1965 yilda topshirilgan va uning turmush o‘rtog‘i tomonidan yozilgan. E’tiborlisi, xat muallifi Ahmadjon jang olovi ichida bo‘lsa-da, urush haqida yozmagan. Katta ehtimol bilan u urushda ekanini farzandlari bilmasligini istagan.
H.Jalilova urush yillarida Tojikistonning Leninobod viloyati, Shahriston tumanida yashagan. Xat topshirilgan vaqtda Samarqand shahri Komsomolskaya ko‘chasi 26-uyda istiqomat qilgan.
Maktub tuzilishi va tili o‘zgarishsiz holatda e’lon qilinmoqda.
“Axmadjon tomonidan sog‘inchli salom. Man sog‘, san qadrdon yorimni, aziz bolaginalarim Erkinjon, Shavkat zalotoyimni, Jonon, Jahonlarni sog‘indim.
Xusniya man sizlarning xatlaringni olmaganim uchun ko‘p xafa edim. 4 yanvar 1943 yilda Erkinjonni nozik qo‘lchalari bilan chiroylik qilib yozgan xatini, 10 dekabr 1942 yilda Nabijonni yozgan xatini, 15 fevral 1943 yilda saning xatingni, 3 ta xatni bir kunda oldim. Ma’nosiga yaxshi tushundim, juda xursand bo‘ldim. Sanga xech qanday yordam bermaganlar. Bu to‘g‘rida Obkom sekretari o‘rtoq Bulanov va Qahharovlarga bugun xat yozdim. San yangi uyga ko‘chibsan va Samarqandga ketishga harakatdaman debsan. Shunday qilish kerakki, ishqilib bolalaring bilan tinchingni top.
Manga azizim xat yozib tur. Har kun xatni kanda qilma. Bir ilojini qilib suratlaringni yuborsalaring edi. Erkinjon ziq bo‘lmasin. Mandan butun o‘rtoqlarim va yaqinlarimga salom ayt.
G‘oibona sizlarni o‘pib Axmadjon. 19.02.1943".
Nashrga tayyorlovchi: Mahmudxon Yunusov.