Samarqandda 13 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashaydi. Ulardan biri Ahad Ochilov o‘z xotiralari bilan bo‘lishdi

“1942 yil. Janggohlardan har kuni mudhish xabarlar ko‘payib borayotgan bir paytda armiyaga chaqiruv oldim. Yurtning mard yigitlari safida xizmatga otlandim. Dastlab safdoshlarim bilan Ashxaboddagi tankchilar texnikumida 8 oylik tayyorgarlikdan so‘ng tankchilar batalonida Shimoliy Kavkazda urushga kirdik. Keyin Ukraina hududidagi janglarda qatnashdim.

Urushdagi g‘alabadan so‘ng ham harbiy xizmat davom etdi. Dastlab Odessa harbiy okrugida bir yil xizmatda bo‘ldim. Keyin Germaniyada 1949 yilgacha xizmat qildim. Vengriyada bo‘lgan janglarda boshimdan jarohat olgan edim, yillar o‘tgan sari jarohat o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Va 1949 yil harbiy xizmatdan javob berishdi...”

Bu urushda qon kechib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan samarqandlik Ahad bobo Ochilovning xotiralari.

Samarqand tumanining Saxovat mahallasida istiqomat qilayotgan 98 yoshli otaxon urushdan keyingi faoliyatini ta’lim-tarbiya sohasi bilan bog‘ladi. Dastlab pedagogika texnikumida, keyin Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan Ahad bobo 52 yil bir maktabda – tumandagi 3-o‘rta maktabda yoshlarga ta’lim-tarbiya berdi.

– Daraxt bir joyda ko‘karadi, degan naqlga amal qildik-da, bolam, - deydi otaxon hazil aralash. – Yoshlarga ta’lim berish urushning qonli janggohlarini unutishga yordam berdi. Tinch va farovon hayotga erishish uchun kuch ato etdi. Yoshlar bilan ishlab, ularning muvaffaqiyatini o‘zimnikidek qabul qilib, ulardan ko‘proq sevindim. Qoqilganlariga tirgak bo‘lishga intildim. Nafaqaga chiqqach ham 18 yil maktabda mehnat qildim. Hozir ham shogirdlarim yo‘qlab, maslahat so‘rab turishadi. Bundan ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. O‘zim ham evaralarning darslarini nazorat qilishga harakat qilaman. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, hayotda o‘z o‘rningni topishning eng oson yo‘li ilm ekanligini uqtiraman. Yaratganga shukur, oilamizdagi hamma o‘qimishli, ziyoli. Farzandlar, nabiralar, evaralarning, qolaversa, shogirdlarning muvaffaqiyatlarini ko‘rib quvonaman, shundan kuch-quvvat olib, qarilik gashtini suryapman. Inson uchun eng oliy baxt mana shu.

Ahad boboning 6 farzandidan bugun 26 nevara 30 evarasi bor. Ular jam bo‘lsa, otaxonning bag‘ri ham, hovlisi ham to‘lib ketadi. Qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilari, mahalla faollari tez-tez bu tabarruk faxriyni yo‘qlab, u kishidan maslahat, yo‘l-yo‘riq so‘rashadi. Ayniqsa, keksa muallimning yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasidagi boy hayotiy tajribasini o‘rganib, qimmatli maslahatlarini olib, o‘z faoliyatlarida qo‘llashadi.

Bugungi kunda viloyatimizda Ahad bobo singari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari juda kam qoldi – ular atigi 13 kishi. Asrga tengdosh yoki 100 yoshdan oshgan bu piru badavlat nuroniylarning mashaqqatli kechgan hayot yo‘llari bugungi avlod uchun katta ibrat maktabi. Ularning urush haqidagi xotiralari yoshlar uchun tarixiy hikoya, ertakdek tuyuladi.

– Ilohim, biz ko‘rgan qiyinchilik va mashaqqatlar, urush dahshatlari bugungi va kelgusi avlodlar uchun ertak bo‘lib qolsin. Ularning hayoti tinch-osoyishta, baxtli kechsin, yurtimizda tinchlik barqaror bo‘lsin,  – deydi Ahad bobo qo‘llarini duoga ochib.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (foto).