Vatan tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi
Shu yilning 19 fevral kuni davlatimiz rahbari “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmon va “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi.
Farmonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga 10 ming AQSh dollaridan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 million so‘mdan, 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga esa 3 million so‘mdan pul mukofotlari berilishi belgilandi.
Bir necha kundan so‘ng esa Prezident farmoni bilan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali ta’sis etildi.
O‘sha paytda viloyatimizda 4 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 263 nafar frontorti mehnat faxriysi hayot kechirayotgandi.
Afsuski, oradan ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tib, urush qatnashchilari soni yana ikki nafarga, frontorti mehnat faxriylari 11 nafarga kamaydi. “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limidan shu ma’lumotlarni olar ekanman, bu faxriylarimiz umriga umr qo‘shish uchun ularga har lahzada e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kerakligi bejiz aytilmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Bo‘ron Gadoyev va Ahad Ochilov – bugun Ikkinchi jahon urushining Samarqanddagi tirik guvohlari, o‘sha olis va og‘ir yillarni o‘z taqdirida, tanasida his qilgan insonlar, ikki asrni ko‘rgan va asrga tengdosh otaxonlar.
Bo‘ron Gadoyev 1925 yilda Urgut tumanidagi Ispanza mahallasida tug‘ilgan. Urushga 1943 yilda 18 yoshida yuborilgan. 7-Belorussiya frontida xizmat qilgan. 3 yil davomida 91-injenerlik qo‘shinida bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan.
1946 yilda xizmatdan qaytib, hayotini pedagogika sohasiga bag‘ishlagan. 5 nafar farzandni voyaga yetkazgan. Hozirda yuzdan ortiq nevara, evara, chevaralarning duogo‘y bobosi. Bir necha yil oldin otaxonning xonadonida bo‘lib, u kishi bilan suhbatlashganimizda aytgan gaplari hech yodimdan chiqmaydi.
– Qariyb ellik yil muallimlik qildim, maktabni boshqardim, yoshlarga ta’lim-tarbiya berdim, – degandi Bo‘ron bobo. – Xudoga shukr, barcha sohalarda ishlaydigan shogirdlarim ko‘p. Yo‘qlab turishadi, xursand bo‘laman. Shogirdlarimga, bugungi yoshlarga ko‘p aytaman-da: bunday tinch-xotirjam zamon hech qachon bo‘lmagan. O‘zim ham har kuni Yaratgandan tani sihatlik, xotirjamlik so‘rayman. Boshqa narsalarga mehnat bilan erishish mumkin. Lekin taningiz sog‘ bo‘lmasa, uyda, yurtda xotirjamlik bo‘lmasa ko‘ngilga hech narsa sig‘maydi-da. Xotirjamlik uchun bugun hamma hamjihat bo‘lishi kerak.
Ahad Ochilov 1925 yilda Samarqand tumanidagi Saxovat mahallasida tug‘ilgan. 1942 yilda urushga ketgan. 2-Ukraina frontida janglarda qatnashgan. Urushdan keyin Ahad Ochilov ham ta’lim sohasida mehnat qilgan. 1949 yildan 2006 yilgacha Samarqand tumanidagi 3-o‘rta maktabda o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Umr yo‘ldoshi Zubayda Ochilova bilan uch o‘g‘il, uch qizni kamolga yetkazgan.
– Tankchilar diviziyasi bilan Dnepr, Ukraina, Moldaviya, Vengriya, Chexoslovakiyani ozod qilishda ishtirok etdim, – deb urush yillarini xotirladi shu yilning 10 mart kuni 100 yoshga to‘lgan Ahad Ochilov. – Germaniyada bo‘ldim. Bu qirg‘inbarotda yosh boshim bilan omon qolganimning o‘zi mo‘’jiza. Qaytib kelganimda yurtimizda turmush tarzi, odamlarning hayoti juda og‘ir edi. Hamma narsa frontga yuborilgan, yo‘qchilik, ocharchilikni boshdan o‘tkazdik. Men ko‘rgan narsalarni hech bir avlodim ko‘rishini istamayman...
Ha, urushni ko‘rganlar, o‘sha davr qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazganlar hech kimga o‘sha qiyinchiliklarni ravo ko‘rmaydi, u kunlarni xotirlashni ham istashmaydi. Faqat bugungi avlod tinchlikning, xotirjamlikning qadriga yetishi uchun o‘zlari boshidan o‘tkazgan kunlarni ko‘zda yosh bilan xotirlab, aytib berishadi.
– Shu kunlarda viloyatimizdagi ta’lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi!” shiori ostida Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi nishonlanmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. – Sana munosabati bilan joylarda keksa avlod vakillari bilan uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Faxriylarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Albatta, bugun ikki nafar urush qatnashchisi va 252 nafar frontorti mehnat faxriylarini bu tadbirlarga taklif etish qiyin, ularning eng yoshi ham 90 dan oshgan. Shuning uchun bu faxriylarimizni ko‘p bezovta qilmagan, urintirmagan holda ularni xonadoniga borib, yo‘qlayapmiz, hol-ahvol so‘rayapmiz. Tegishli tashkilotlar tomonidan zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda, uy-joylarini ta’mirlash, salomatligini tiklashga ko‘maklashilmoqda. Faxriylarimizga Prezident farmoni asosida pul mukofotlari va “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medalini, davlatimiz rahbarining tabriknomalari va qimmatli sovg‘alarini topshiryapmiz.
G‘olib Hasanov.