Haqiqat izidan: Inson taqdiri va adolat mas’uliyatini yelkasida ko‘targan tergovchi
Tergovchilik faoliyati jinoyat ishlarini ochish, haqiqatni aniqlash va adolatni qaror toptirish bilan chambarchas bog‘liq. Bu mas’uliyatli kasb faqat bilim va malakagina emas, balki sabr-toqat, halollik va insonparvarlikni ham talab etadi.
Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tergovchisi, katta leytenant Ma’mur Ro‘zimurodov ustozlaridan o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llab, qonuniylik va adolatni ta’minlash yo‘lida xizmat qilmoqda.
U tergov jarayonlarida har bir holatni chuqur tahlil qiladi, dalillarni puxta o‘rganadi va ishga xolis yondashadi. Shuning uchun uning ishtiroki bilan ko‘plab jinoyatlar o‘z vaqtida ochilib, haqiqat qaror topgan.
2018 yildan beri ichki ishlar tizimida xizmat qilib kelayotgan Ma’murjon otasi Ro‘zimurod Jo‘raevga havas qilib shu sohani tanlagan.
- Birinchi ustozim dadam, u kishidan sohaga doir ko‘p narsani o‘rganaman, boy tajribalari menga juda asqotyapti, - deydi Ma’murjon.
2024 yilning oktyabr oyi. Abdulla Bobomurodov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida qarindoshi Hafiz Murodovning uyiga o‘g‘irlikka tushadi. Xonadonda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilib, kalit tanlash yo‘li bilan kirib, uyni elektr energiyasidan uzadi va jinoyat izlarini yashirishga urinadi. Ya’ni, xonadonga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamasi xotira kartasiga shikast yetkazib, yaroqsiz holatga keltiradi va uni quduq ichiga tashlab yuboradi. Uydan 65 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni va og‘irligi 700 gramm bo‘lgan ayollar tilla taqinchoqlarini olib ketadi.
Mazkur holatni yashirishga, huquq-tartibot organlari xodimlarini chalg‘itishga urinmasin, Abdulla Bobomurodovning qing‘ir ishi Ma’mur Ro‘zimurodovning sinchkovligi va har bir kichik detalga ham alohida e’tibor qaratishi natijasida tezda fosh etildi. Voqea joyida qolgan izlar kalavaning uchini topishga yordam berdi. U darhol tergov guruhini chaqirdi. Hujjatlar, fotosuratlar va tahlillar hammasi bir nuqtada tutashdi. O‘rganishlar va surishtiruvlardan so‘ng jinoyatni sodir etgan shaxs ushlandi.
- Tergovchi uchun insonning so‘zidan ko‘ra, uning qarashi ko‘p narsani aytadi, nigohlar yashirin sirlarni oshkor qiladi, – deydi M.Ro‘zimurodov. – Ustozim – Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Nabi Egamberdiyevning bu so‘zlariga xizmatim davomida qat’iy amal qilib yanglishmayapman.
Ma’mur uchun jinoyatni fosh etish faqat aybdorni topish emas, haqiqatni tiklash, jabr ko‘rgan insonning adolatga bo‘lgan ishonchini qaytarishdir.
Umida Mamadaliyeva.