O‘quvchi qizlar janjali sabab 12 nafar ota-ona jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanidagi 41-umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchi-qizlari janjallashgani haqidagi video tarqaldi. Holat bo‘yicha viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati munosabat bildirdi.

- Voqea yuzasidan ishchi guruh tuzilib, holat ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘rganildi, - deyiladi munosabatda. - Aniqlanishicha, shu yilning 13 oktyabr kuni 9-"A" sinf o‘quvchisi F.F. bilan 9-"B" sinf o‘quvchisi R.G. kechga yaqin o‘zlarining yashash xonadonlarida uy telefonida o‘zaro gap talashgan. Oqibatda 14 oktyabr kuni dars tugagandan keyin Qoratepa mahallasidagi Sarbozor ko‘chasida, taxminan soati 14:20 lar atrofida o‘zaro janjallashishgan. Voqea joyida o‘quvchilarning sinfdoshlari ham bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan jarayonlarda ishtirok etgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan yig‘ilish o‘tkazilib, ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Tuman IIB mas’ullar tomonidan jarayonlarda ishtirok etgan jami 12 nafar o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.