Uch hayrat
Yurtimiz bo‘ylab, ko‘klam nafasi kezayotgan, muborak Ramazon oyi oxirlab, erta hayit degan kun – 2026 yil 19 martda mamlakatimiz yetakchisi – Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, bu muqaddas qadamjoni ziyorat qildi.
Majmua tarkibidagi binolar, diniy va ma’rifiy maskanlarni bir-bir ko‘zdan kechirdi, bu yerda amalga oshirilgan ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlariga yuksak baho berdi.
Butun mamlakatimiz uzra ezgu bir chorlov yangrab, tarixiy xotiramiz, milliy g‘ururimiz ulug‘ bir kuch bilan qayta uyg‘ongandek, ertasi kuni – Hayit tongida qadim o‘zbek diyorining turli qishloq va kentlaridan ziyoratchilar Zarafshon sohillari tomon oqib kela boshladi. Toshkent shahri yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni sahar pallasi poytaxti azimdan misli ko‘rilmagan darajada ko‘p mashinalar karvoni yo‘lga chiqqan. Bunday holat ilgari hech qachon kuzatilmagan.
Darhaqiqat, shu kunlarda Imom Buxoriy bobomizga mehrimiz, ehtiromimiz har qachongidan ham yuksak maqomda namoyon bo‘lmoqda!
Payariqqa – qadrdonlarimga telefon qildim. Hoji Abdushukur ota Muhammadqulov dedi: “Yoshim to‘qsonga qarab boryapti, ne-ne buyuk o‘zgarishlarni ko‘rdim, lekin bunday ulug‘ ziyorat, bunday ulug‘ ibodatni ilgari hech qachon ko‘rmaganman! Yeru ko‘kka odam sig‘may ketdi! O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ajoyib ma’ruza qildilar. Muqaddas ayyomimiz juma kuniga to‘g‘ri kelganini qarang-da! Juma nomozini ham shayx hazratlari boshchiligida o‘qiymiz. Ilgari chekka va ko‘rimsiz qishloq bo‘lgan bu maskan bir necha yilda shaharga, ma’rifat markazi, ziyoratchilar maskaniga aylanib ketdi”.
To‘ng‘ich akam – butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan xalq ta’limi a’lochisi, Misriddin domladan so‘radim:
– Hayit namozini yangi masjidda o‘qish nasib etdimi?
– Har doimgidek bo‘ladi, deb sal bemalolroq borgan ekanmiz, yaqinlashib bo‘lmadi. Hammayoq tumonat odam. Axiyri shu yaqin oradagi boshqa masjidda o‘qishga majbur bo‘ldik. Lekin juma namoziga albatta vaqtida yetib boramiz.
Eshitganlarimni tahlil qilib, o‘zimcha bir xulosaga keldim. Buni qarangki, tumanimizda bir kunning o‘zida uchta hayrat, uchta mo‘’jiza yuz berdi.
Birinchisi – Allohning inoyati bilan Yangi O‘zbekiston durdonasi deya e’tirof etilayotgan shunday muazzam majmua ulug‘ ayyom – muborak Ramazon hayiti kuni el-yurtimizga o‘z bag‘rini ochdi. Mamlakatimiz diniy-ma’rifiy jamoatchiligining eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan bu ziyorat va ibodat chindan ham har doim ham bo‘lavermaydigan buyuk voqea edi.
Ikkinchisi – xalqimiz, mo‘min-musulmonlarimiz ilgari hech ko‘rilmagan birlik va hamjihatlik, cheksiz ehtirom tuyg‘usi bilan ziyoratga otlandi. Imom Buxoriy bobomiz, ul zotning muborak sajdagohi o‘sha kunlari bamisoli milliy birlik timsoliga aylandi, ma’naviy kuch-qudrat manbai sifatida bizni bir millat bolalari, yagona yurt dilbandlari bo‘lib, o‘zaro mehr-oqibat ko‘rsatib, yanada ahil va inoq yashashga chaqirdi.
Uchinchisi... Keling, bu haqda batafsilroq fikr yuritaylik.
Bir necha kun oldin radiodan yomg‘ir yog‘adi, degan ma’lumot berilgan edi, lekin yog‘madi. Aks holda tashqarida maydonlarni to‘ldirib o‘tirgan shuncha odam ertalabki izg‘irinda ivib, sovqotib, kasal orttirib olishi mumkin edi. Imom Buxoriy bobomizning ziyoratiga kelgan odamlarni ayab, mehribon Parvardigorimiz shunchalar marhamat ko‘rsatgani chinakam mo‘’jiza emasmi?
Qariyb bir yuz o‘ttiz yil mustamlakachilik zulmi ostida yashagan xalqimiz doimo tazyiq va taqiq ostida ne-ne azoblar bilan umr o‘tkazib, bunday mo‘’jizalarni hatto xayoliga ham keltirmagan. Biz esa bir kunda shuncha o‘zgarishga, yangi bir uyg‘onishga guvoh bo‘ldik.
–Tinchlik yaxshi-da, iloyim, yurtimizga ko‘z tegmasin! – dedi Sharof Rashidov, Vladimir Qodirov, Bektosh Rahimov, Ismoil Jo‘rabekov kabi atoqli davlat arboblari bilan birga ishlagan Abdushukur bobo nuroniylarimizga xos donishmandlik va shukronalik bilan.
– Aytganingiz kelsin, ustoz! – dedim o‘tmish va bugungi kun manzaralarini xayolan solishtirgan holda men ham mamnun bo‘lib.
Murtazo Qarshiboy,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.