O‘zbekiston tashabbusi: Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlik yo‘li
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli dasturiy maqolasi chop etildi.
Prezidentimizning ushbu maqolasida so‘nggi yillarda mintaqani tubdan o‘zgartirgan jarayonlar va uni yangi bosqichga – ishonch, ochiqlik va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik davriga olib kelgan omillar atroflicha yoritilgan.
Maqolada Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning to‘liq sub’yekti sifatida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab borayotgani alohida ta’kidlangan. Xususan, “Markaziy Osiyo plyus” formatlari jahon hamkorlari mintaqani yagona barqarorlik, muloqot va mas’uliyat makoni sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari mintaqamiz oldida turgan eng muhim masalalarni ham sanab o‘tgan. Mavjud mexanizmlarga barqaror tus berish, xavfsizlikni birgalikda ta’minlash, mintaqaviy savdo, ekologiya, gumanitar aloqalar va tashqi siyosatda kelishilgan harakat qilish borasidagi umumiy vazifalarni quyidagicha belgilagan:
- mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish;
- xavfsizlik sohasida umumiy salohiyatni shakllantirish;
- iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegara tartiblarini soddalashtirish, investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish, ekologik mas’uliyat va suv resurslarini adolatli boshqarish;
- gumanitar hamkorlikni kengaytirish — inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mustahkamlash;
- tashqi siyosatda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning ushbu maqolasi chuqur strategik mazmunga ega bo‘lib, unda O‘zbekiston tashabbusi bilan shakllanayotgan yangi mintaqaviy siyosatning maqsad va istiqbollari aniq belgilab berilgan.
Bundan tashqari, Prezidentimiz maqolada Afg‘oniston masalasiga ham alohida e’tibor qaratgan. Dalatimix rahbari ta’kidlaganidek:
“Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarni hal etmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab bo‘lmaydi. Bu mamlakat umumiy mintaqamizning bir chekkasi emas, balki uning tabiiy bir qismidir. Butun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikning mustahkam bo‘lishi ko‘p jihatdan Afg‘onistonning tiklanishi va rivojlanishiga bog‘liq.”
Umuman, maqola mintaqamizda kechayotgan jarayonlarning asl mazmun-mohiyatini ochib beradi, bu ongli va ortga qaytmas tanlov ekanini aniq misollar orqali tushuntiradi. U nafaqat O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari va sadoqatini tasdiqlaydi, balki qardosh hamkorlarimizni mintaqaning umumiy kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga chorlaydi.
Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi — Markaziy Osiyoda siyosiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan “Kelajak yo‘l xaritasi”, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Badriddin Nasriyev,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati.