Inson boshqa sayyoralarda qancha og‘irlikni ko‘tara olishi mumkin?

Birinchi bekat - Quyosh! U yerda shunchalik issiqki, tunda borgani ma’qul. Hazil! Quyoshda qattiq sirt yo‘q, shuning uchun biz kabinani tark eta olmaymiz. Bu yerda 100 grammlik bulochka vazni naqd yigirma yetti martaga og‘irlashib - deyarli 3 kilogrammni tashkil qiladi. Hammasi massa va zichlikka bog‘liq. Massa qanchalik baland bo‘lsa, zichlik ham shunchalik yuqori, tortishish kuchi esa shunchalik katta bo‘ladi.
Keyingi bekat - Merkuriy. Bu yerda tortishish kuchi ancha zaif. Taroziga chiqqan odam vaznining ikki yarim baravar kam bo‘lganini ko‘radi. Merkuriyda o‘rtacha vaznli odam 170 kilogrammni ko‘tara olishi mumkin. Quyoshga eng yaqin sayyoraning yuzasi 430 darajagacha qizishi mumkin! Merkuriy juda sekin aylanishi bois kechasi undagi harorat 190 daraja sovuqqacha tushadi.
Venera. O‘lchamlari deyarli bir xil bo‘lganligi tufayli Venera Yerning qardosh sayyorasi deb ataladi, shu sababli tortishish kuchi ham taxminan bir xil. Lekin bu yerda odam normal nafas ololmaydi. Shunday bo‘lsa-da, siz taxminan o‘zingiz bilan tyeng vaznli insonni bemalol ko‘tara olishingiz mumkin!
Oyga qarab borsak. Oyning tortishish kuchi Yernikidan olti baravar pastroq, shuning uchun odam bir qo‘lda lunoxod (Oyga tushiriladigan o‘ziyurar avtomatik apparat)ni ko‘tara oladi. Hatto ikkitani - har bir qo‘lda bittadan! Bu taxminan 400 kilogramm degani.
Mars. Bu yerda siz yoqimli yengillik va kuch tuyg‘usini his qilasiz. Marsdagi tortishish kuchi Yerdagiga qaraganda ikki yarim baravar zaifroq, shuning uchun agar ular Yerda qolsalar siz bemalol professional sportchilar bilan raqobatlasha olasiz. Marsda odam yelkasida sumkadek og‘ir motosiklni ko‘tarib yurishi mumkin.

Gaz giganti Yupiterda qattiq sirt yo‘q; siz shunchaki gaz buluti ichiga tushib qolasiz. Yupiter Yerdan 317 marta og‘irroq, shu sababli undagi tortishish juda kuchli bo‘lib, odamning hatto oyog‘ida to‘g‘ri turish amri malol. Inson 27 kilogrammdan ko‘p bo‘lmagan yukni ko‘tara oladi. Lekin o‘zingizni g‘alati his qilasiz. Og‘irligingiz yo‘qdek tuyuladi va harakat qilishdan qo‘rqasiz. Tasavvur qiling-a, istalgan soniyada o‘zingizni uchib ketadigandek his qilsangiz...

Saturn. Bu boshqa gaz giganti, shuning uchun kemada qolish tavsiya etiladi. Biz ko‘tara oladigan maksimal vazn 64 kilogramm. Lekin bu yerda uzoq qolmasligimiz kerak. Shamollar juda kuchli! Atmosfera esa ammiak bilan to‘la, bu hatto robotlar uchun ham juda xavfli maskandir.

Uran muz giganti Quyosh tizimidagi eng sovuq sayyora. G‘alatisi, bu yerda ham qattiq sirt yo‘q. Kechasi harorat minus 224 darajaga tushadi. Bu yerda tortishish kuchi Yernikiga qaraganda biroz zaifroq, shuning uchun odam bemalol kichik traktor g‘ildiragini ko‘tara olishi mumkin.
Neptun. Bu sayyoradagi tortishish ancha kuchli. Agar Yerda inson 68 kilogrammni ko‘tara olishi mumkin bo‘lsa, Neptunda ko‘pi bilan 60 kilogrammni ko‘tara oladi. Saturnda bo‘lgani kabi bu yerda ham o‘ta qahrli - soatiga 2092 kilometrdan ortiq shamollar esib turadi.


Pluton. Bu haqiqiy sayyora hisoblanmasa-da, Neptunga qaraganda ancha tinchroq. Plutonda o‘rta vaznli odam 1 tonnaga yaqin yukni ko‘tara olishi mumkin. Siz 7,5 metrgacha havoga sakrashingiz ham mumkin! Plutonda Olimpiya o‘yinlari aqlbovar qilmaydigan darajada o‘tgan bo‘lar edi. Faqat sakrash juda xavfli, ochiq kosmosga chiqib ketish ehtimoli juda katta.
***
Uzoq kelajakda odamlar boshqa sayyoralarni o‘zlashtirib, yashay olishi mumkin, shuning uchun quyosh tizimidan tashqaridagi bu sayyoralar turli tadqiqot o‘tkazishga arziydi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.