“Ishratxona” yoki “Ashratxona” emas, Sulton Xovand Beka maqbarasi

Samarqand shahridagi ushbu obida haqida nimalarni bilasiz?

Sulton Xovand Beka maqbarasi XV asr temuriylar davri me’morchiligining noyob namunalaridan biri bo‘lib, Samarqand shahrining sharqiy chekka qismida, Registon maydonidan taxminan ikki kilometr uzoqlikda bunyod etilgan. Manbalarda bu inshoot uzoq vaqt “Ishratxona”, keyingi tadqiqotlarda “Ashratxona” nomi bilan qayd etilgan bo‘lsa-da, vaqf hujjatlari hamda tarixiy ma’lumotlar asosida uni Sulton Xovand Beka maqbarasi deb atash ilmiy jihatdan xulosalanmoqda. 

Mazkur maqbara joylashgan hudud Amir Temur davrida muhim landshaft va saroy-bog‘ tizimining tarkibiy qismi bo‘lgan. Bu yerda bir vaqtlar taxminan 1,5 gektar maydonni egallagan Firuza bog‘i mavjud bo‘lib, shu hudud orqali “Darvozai Firuza”dan “Bog‘i Dilkusho” va “Bog‘i Bo‘ldi” tomonga olib boruvchi serqatnov yo‘l o‘tgan. Obidaning shahar tuzilmasidagi o‘rni ham uning tasodifiy emas, balki oldindan puxta o‘ylangan memorial-me’moriy majmua sifatida yaratilganini ko‘rsatadi. XIX asr o‘rtalarida Rossiyaning Buxorodagi elchixonasi a’zosi, topograf I.Yakovlev Samarqand shahri rejasini tuzganida, shahar darvozasining janubi-sharqidagi ushbu binoni yirik an’anaviy belgi bilan ko‘rsatib, “Amir Temur binosi” deb qayd etgan. 

Tarixiy manbalarga ko‘ra, maqbara temuriy hukmdorlardan Abu Said Mirzoning rafiqasi Habiba Sulton begim tomonidan uning qizi Sulton Xovand Beka og‘a uchun bunyod ettirilgan. Bu hijriy 868 yilga, ya’ni milodiy 1464 yilga oid vaqf hujjati bilan bog‘liq. Qurilish ishlari 3-4 yil davom etgan va 1463 yil may oyida yakunlangan. Yuqoridagi vaqf hujjatiga ko‘ra, maqbara Firuza bog‘ining g‘arbiy burchagida, Xo‘ja Abdu Darun maqbarasi yonida, Amir Jaloliddin Suxrobning qizi Habiba Sulton Begim tomonidan qurdirilgan. Ushbu hujjatda yodgorlik bevosita “Sulton Xovand Beka maqbarasi” deb ataladi. Demak, obidaning asl tarixiy mansubligi va nomlanishi aynan shu shaxs bilan bog‘liqdir. 

Maqbara keyinchalik faqat bir shaxs dafn etilgan yodgorlik bo‘lib qolmay, temuriylar sulolasi ayollari va bolalari uchun oilaviy dahma vazifasini ham bajargan. Arxeologik ma’lumotlar yerosti qismida ko‘plab qabrlar mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, yerosti xilxonasida 23 ta qabr qayd etilgani, bu obidaning oddiy maqbara emas, balki sulolaviy yoki oilaviy dafn majmuasi bo‘lganini ko‘rsatadi. Aynan shu jihat maqbarani temuriylar dafn marosimi an’analari va memorial me’morchiligi tarixini o‘rganishda alohida ahamiyatga ega yodgorlikka aylantiradi. 

Me’moriy jihatdan Sulton Xovand Beka maqbarasi murakkab va o‘ziga xos kompozitsiyaga ega. U ikki qavatli, baland peshtoqli, burchaklarida minorasimon unsurlar mavjud, ichki va tashqi gumbazli monumental inshootdir. Maqbara Amir Temur maqbarasi kabi xilxona va ziyoratxona qismlaridan tarkib topgan, biroq uning eng muhim va noyob jihati, gumbaz ostida ikkinchi qavat ham joylashgan. Bu kabi yechim temuriylar davri va undan keyingi ko‘plab maqbaralarda uchramaydi. Shuning uchun ham ushbu obida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo me’morchiligida alohida o‘rin tutadi. Maqbaraning birinchi qavatida yon tomonlarda qo‘shimcha xonalar, kirish peshtoqining ikki yonida bittadan xona, janubi-g‘arbiy tomondagi xonadan esa pastga – xilxonaga tushadigan zinapoya joylashgan. Har ikki yon tomondagi xonalar orqali ikkinchi qavatga ko‘tariladigan zinalar mavjud bo‘lib, umumiy zinapoyalar soni to‘rttani tashkil etadi.

Maqbaraning yerosti qismi, ya’ni xilxonasi katta ilmiy qimmatga ega. U markaziy xona ostida joylashgan bo‘lib, unga shimoli-sharqiy burchak orqali tushilgan. Bu yerga burama zinapoya olib borgan, shuningdek, marhumni tushirish uchun xizmat qilgan alohida yo‘lak ham bo‘lgan. Rejada u deyarli to‘g‘ri sakkizburchak shaklga ega bo‘lib, keng, nisbatan yaxshi yoritilgan va shamollatish uchun mo‘ljallangan uchta tuynukka ega edi. Xilxona devorlari va gumbazsimon yopmasi ganch hamda alebastr suvoq bilan ishlangan, ayrim joylarda marmar bordyur va koshinli panellar izlari aniqlangan. Bu hatto yerosti dafn xonasining ham nihoyatda hashamatli me’moriy-badiiy yechim asosida bezatilganini ko‘rsatadi. Xilxona Amir Temur maqbarasidagidek 8–9 metr diametrli, sakkiz burchakli shaklda qurilgan bo‘lib, tom qismi nisbatan yaxshi saqlangan. Xilxonadagi qabrlar saqlanmagan, ayrimlari keyingi davrlarda tushgan tuproq uyumlari ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, xilxonada joylashgan qabrlar turli yoshdagi marhumlarga tegishli bo‘lgan. Qabrlarning ayrimlari voyaga yetgan shaxslar uchun, boshqalari esa chaqaloq va yosh bolalar uchun mo‘ljallangan. Ular asosan xom va pishiq g‘ishtdan terilib, ganch bilan suvalgan. Ba’zi qabrlar marmar plitalar bilan yopilgan, ayrimlari yog‘och to‘sinlar bilan berkitilgan. Qator qabrlarda skelet qoldiqlari saqlanmagan, ayrimlarida suyaklar tartibsiz holatda topilgan. Bu holat qabrlarning qadimda talangani yoki keyinchalik bezovta qilinganidan dalolat beradi. Ayrim qabrlar ichidan mato qoldiqlari, teri izlari, yog‘och yoki novda parchalari, o‘smir va bolalarga oid suyak bo‘laklari qayd etilgan. Bu ma’lumotlar maqbarada dafn marosimlari bir necha marotaba, ehtimol, bir sulola yoki oila doirasida amalga oshirilganini anglatadi. 

Maqbaraning ichki va tashqi bezagi temuriylar davri san’ati yuksak darajada rivojlanganini yaqqol ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar bino ichki va tashqi devorlarining bir vaqtlar marmar panellar, koshin, mozaika, zarhal va bo‘rtma naqshlar bilan nihoyatda boy bezatilganini qayd etadilar. Gumbaz osti tayanch qismining bezakli qoplamasi binoning quyi qismlariga nisbatan boy badiiy ranglar bilan to‘yingan bo‘lib, bu yerda ko‘k va oq kvadratlarning g‘ishtli mozaikasi, terrakota fonidagi geometrik naqshlar, yulduzsimon kompozitsiyalar, yozuvli dumaloq frizlar, stalaktit karnizlar va rozetkasimon bezaklar ishlatilgan. Pastdan yuqoriga qarab kuchayib boruvchi rang-baranglik yuksak badiiy ta’sir uyg‘otuvchi moviy gumbaz bilan yakunlangan. 

Markaziy zal va unga tutash me’moriy qismlar bezagida kundal texnikasi va murakkab rang-tasvir yechimlari muhim o‘rin egallagan. Oqartirilgan gulganch sath ustiga yelim aralashmasi bilan ishlangan qizil kesak relef, uning ustiga esa oltin suvi yuritilgan. Oqartirilgan fon och kulrang-ko‘k rang bilan qoplanib, undan keyin quyuq ko‘k va xira ko‘k tuslar bilan bezak kompozitsiyalari hosil qilingan. Oltin naqshlar umumiy bezak tizimida nisbatan kam joyni egallasa-da, ular asosiy kompozitsion bog‘lovchi unsur bo‘lib xizmat qilgan. 

Binoning konstruktiv yechimlari ham diqqatga sazovordir. V.Vyatkin ma’lumotiga ko‘ra, maqbara gumbazining balandligi yerdan 26,7 metr, ikkinchi qavat tomidan esa 7,8 metr bo‘lgan. Gumbaz barabanining diametri 8,75 metrni tashkil etgan. Devorlari boshqa temuriylar davri binolaridan farqli ravishda ikki g‘isht qalinlikda ishlangan. Ichki qismlardagi konstruktiv tizim zilzilabardoshlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, to‘rt qator kamarlar orqali bog‘langan. 

Vaqf hujjatlarigaa ko‘ra, maqbaraga o‘z davrida vaqf sifatida Samarqanddan Shahrisabzga ketish yo‘lida joylashgan Malik saroyi qishlog‘i yerlarining yarmi ajratilgan. Ushbu daromad maqbaradagi xizmatlarni ta’minlashga sarflangan. Vaqf hujjatida qayd etilishicha, ikkinchi qavatda maqbarada dafn etilganlar uchun Qur’on tilovat qiluvchi qori — hujjatda “hofiz” deb berilgan shaxs, nazoratchi va xizmatchi yashagan. Ularning har biriga maosh va g‘alla ajratilgan: qori yiliga 364 fulus va 192 pud g‘alla, nazoratchi 404 fulus va 160 pud g‘alla, xizmatchi esa 204 fulus va 192 pud g‘alla bilan ta’minlangan.

Yodgorlik taqdiri keyingi asrlarda murakkablashgan. Uning xarobaga aylanishi XVI asrdan boshlangan. XV asr oxiri — XVI asr boshlarida O‘rta Osiyoda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar, ya’ni hokimiyatning temuriylardan shayboniylarga o‘tishi natijasida maqbaraga bo‘lgan e’tibor pasaygan. XVII asrda yodgorlikdagi ayrim qabr toshlari yaqin atrofdagi Abdu Darun qabristoniga ko‘chirilib, eski yozuvlari o‘chirilib, o‘rniga yangilari yozilgan. Rossiya imperiyasiga qaramlik yillarida kolleksiya to‘plovchilar qabrlarni ochishga uringanlari qayd etiladi. 

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida obidaning ahvoli yanada og‘irlashadi. Rossiya imperator arxeologiya komissiyasi arxivi nusxalaridan ma’lum bo‘lishicha, Samarqandga kelgan xorijliklar maqbaraning koshinlarini temuriylar poytaxtidan esdalik sifatida qo‘porib olib ketgan. Chor ma’muriyati esa yodgorlik taqdiriga yetarli e’tibor bermagan. 1897 yildagi yer silkinishi vaqtida maqbara kuchli zarar ko‘rib, to‘rtta hujrasi qulab tushgan. 1902 yilda esa yana ikkita xona gumbazi qulagan va natijada asosan qurilish fasadi saqlanib qolgan, qolgan qismi esa g‘isht va sement uyumidan iborat tepalikka aylangan. 

Maqbara ilmiy jihatdan ko‘plab olimlar e’tiborini tortgan. Uning dastlabki suratlari va tavsiflari nemis sharqshunosi va san’atshunosi Fridrix Sarr nomi bilan bog‘liq bo‘lib, u Sulton Xovand Beka maqbarasiga oid fotosuratlarni 1899 yilda Berlinda, 1903-yilda Parijda namoyish etgan. Keyinroq Ernst Kon-Viner ham o‘zining 1930 yilda Berlinda chop etilgan “Turon: O‘rta Osiyoda islom me’morchiligi” asarida maqbaraning bir necha suratini e’lon qilgan.

2007 yilda Germaniyaning Potsdam amaliy san’at maktabi va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabalari doktor Shteffen Lauye rahbarligida maqbarada tadqiqot olib borib, devoriy suratlar va sopol qoplamalardan namunalar oldi, laboratoriya sharoitida ranglarning mikrokimyoviy tahlilini amalga oshirdi. Shu ma’lumotlarga tayangan holda bezaklarning dastlabki holatini tiklashga qaratilgan restavratsion tajribalar ham o‘tkazildi. 2009 yilda esa Veymar universiteti professori Yens Yordan rahbarligida Drezden universiteti talabalari uchun Samarqandda amaliy mashg‘ulot tashkil etilib, maqbarani restavratsiya qilish va undan foydalanish muammolari o‘rganildi. Natijada bu yerda kichik muzey majmuasi tashkil etish, muhandislik kommunikatsiyalarini to‘g‘ri joylashtirish, transport shovqinini kamaytirish, dam olish muhiti yaratish hamda yodgorlikni 3D modellar va doimiy ko‘rgazmalar bilan boyitish yuzasidan takliflar ilgari surildi. 

Bugungi kunda maqbaraning tom qismi yopilishi bilan qisman konservatsiya qilingan. Yodgorlikda sayyohlar uchun yo‘naltiruvchi axborot, ekspozitsion talqin, xizmat infratuzilmasi va tushuntiruvchi materiallar ham yaratilgan. Chunki Sulton Xovand Beka maqbarasi me’moriy yechimlari, ikki qavatli gumbazli kompozitsiyasi, oilaviy dafn majmuasi sifatidagi funksiyasi, boy ichki bezaklari va temuriylar davri dafn marosimlariga oid nodir arxeologik ma’lumotlari bilan nafaqat Samarqand, balki butun Markaziy Osiyo tarixiy-madaniy merosining bebaho qismidir. 

Sulton Xovand Beka maqbarasi  faqat bir tarixiy bino emas, u temuriylar sulolasi xotirasini, XV asr Samarqandining yuksak me’moriy didini, bezak san’atining nozik namunalarini, sulolaviy dafn marosimi an’analarini va ko‘p asrlik tarixiy taqdirni o‘zida mujassam etgan noyob yodgorlikdir. Shu bois ushbu obidani tarixiy manbalardagi noaniq yoki keyingi davr nomlari bilan emas, aynan uning tarixiy shaxsiy mansubligini ifodalovchi Sulton Xovand Beka maqbarasi nomi bilan talqin etish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Mahmudxon YuNUSOV, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, muzeyshunos.