Magistraturaga kimlar va qanday qabul qilinadi?

Ta’lim tizimidagi islohotlar yildan yilga takomillashib bormoqda. Ularning har biri haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Masalan, hamma ham magistraturaga qabul jarayoni qanday bo‘lishini, unga qay tartibda hujjat topshirishni bilmaydi.

Ushbu savollarga javob topish maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining magistratura bo‘limi boshlig‘i Elmurod Muxtorovni suhbatga chorladik.

- Ayting-chi, magistraturaga kimlar qabul qilinadi? Hujjat topshirish tartibi qanday?

- Magistraturaga oliy ta’limning bakalavr bosqichini tamomlaganlar qabul qilinadi. Talabgorlar magistr.edu.uz platformasi orqali hujjat topshiradi. Tizimga diplomi, diplom ilovalari hamda chet tilini bilish sertifikatini yuklaydi. Talabgorlarning bakalavr davrida olgan baholari va chet tilini bilish sertifikatiga qarab o‘qishga qabul qilinadi. Ulardan imtihon olinmaydi, faqat belgilangan kvota bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar tanlab olinadi.

Hujjat topshirish jarayonida bakalavr bosqichini bitirganlar yo‘nalishiga mos magistratura yo‘nalishini tanlashi kerak. Agar talabgor tanlagan yo‘nalish bakalavr diplomidagi yo‘nalishga to‘g‘ri kelmasa, unga boshqa mos yo‘nalish tanlash bo‘yicha tushuntirish beriladi. Masalan, siz iqtisod yo‘nalishini bitirdingiz, veterinariya mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga hujjat topshirsangiz, qabul qilish dispetcherida ishlaydiganlar qo‘ng‘iroq qilib: “Sizning diplomingiz bu yo‘nalishiga mos kelmadi, boshqa yo‘nalishni tanlang”, deb yo‘naltiradi.  

Universitetimizda 28 ta magistratura yo‘nalishi bo‘lib, iqtisod, buxgalteriya yo‘nalishlariga chet tilini bilish bo‘yicha B2 darajali milliy yoki xalqaro sertifikat, qolgan mutaxassisliklarga B1 sertifikat talab qilinadi. Shuningdek, ko‘z, quloq yoki nutqida nuqsoni bo‘lganlar nogironlik ma’lumotnomasi bilan ham magistraturaga qabul qilinadi.

- Magistraturaga qabul qilishda yosh chegaralanganmi?

- Magistratura qabulida yosh chegaralanmagan, faqat bakalavr diplomi bo‘lishi kerak.

- Magistr xotin-qizlarga qanday imtiyozlar berilgan?

- Prezidentimizning 2022 yil 15 avgustda “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, magistraturaga kontrakt asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab beriladi. Buning uchun dastlab talaba rektor nomiga ariza yozadi. So‘ngra kontrakt.edu.uz tizimidan o‘tadi. Bugun universitetda birinchi va ikkinchi kursda 8 nafardan jami 16 nafar xotin-qiz ta’lim olmoqda. Ularning kontrakt pullari to‘liq davlat tomonidan to‘lab berilyapti.

- Magistraturaga ajratilayotgan kvotalar to‘lyaptimi? Bugun universitetda qancha magistr o‘qiyapti?

- Ikkinchi kurs magistrlarimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, ularda kvotalar to‘lmagan. Bunga sabab chet tilini bilish sertifikatini olish ayrim talabalarda qiyinchilik tug‘diryapti. Aslida bugun astoydil o‘qiyman degan yoshlarga hamma shart-sharoit bor. Menimcha, ba’zi yoshlar dangasalik qilib, chet tilini o‘rganishga hafsala qilmayapti. Shuningdek, biz targ‘ibot ishlarini kam olib borgan bo‘lishimiz mumkin. Birinchi kurslarimizga esa 28 ta mutaxassislikdan jami 96 ta kvota berilgan. Ushbu mutaxassisliklarga 78 nafar talabgor hujjat topshirgan va o‘qishga qabul qilingan. O‘zimizda aynan mazkur sohada bitiruvchi bo‘lmagani uchun dorivor o‘simliklar yo‘nalishiga hech kim hujjat topshirmagan. Nasib bo‘lsa shu yil bakalavriatda dorivor o‘simliklar yo‘nalishining birinchi bitiruvchilari bor. Birinchi kurs magistrlarimizga ajratilgan kvotalar to‘liq to‘lmagan bo‘lsa ham, qolgan barcha yo‘nalishlarga hujjatlar topshirilgan. Ayni paytda universitetda 118 nafar magistr o‘qiyapti.  

- Magistrlarga stipendiya beriladimi?

- Davlat granti bilan o‘qishga kirgan magistrlarga stipendiya beriladi. Shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan talaba barcha fanlardan a’lo bahoga o‘qisa va oraliq baholari “5” bo‘lsa, unga bazaviy stipendiyaning 20 foizi miqdorida stipendiya to‘lanadi. Bundan tashqari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan talaba birinchi kursda a’lo baholarga o‘qisa, ikkinchi kursda unga stipendiya beriladi. Aksincha, davlat granti asosida o‘qishga kirgan talabaning baholari past bo‘lsa, ikkinchi kursdan unga stipendiya berilmaydi.

- Magistratura qabulida qanday muammolar bor?

- Qabulda biz tomondan ham, talabalar tomonidan ham hech qanday muammo bo‘lmaydi. Tizim shaffof tarzda tashkil etilgan bo‘lib, unda biz faqat hujjat topshirganlarning soni va kvotani ko‘rib turamiz. Talabgorlarning ism-familiyasi bizga ko‘rinmaydi. Shuningdek, hujjat topshirganlarni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalikka tanlab beradi. Bu jarayonda bizning ishtirokimiz bo‘lmaydi.

- Magistrlar ham o‘qib, ham ishlashi mumkinmi?

- Qonunda magistrlarning ishlashiga cheklov berilmagan, faqat darsdan keyin ishlashi mumkin.

Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.