Sukutdagi taslim: Ishg‘ol, muhojirlik va so‘nggi xonlar taqdiri

1873 yil Xiva ishg‘olida chor askarlari safida qatnashgan amerikalik harbiy muxbir Yanuariy Aloiziy Mak-Gaxan shunday yozadi:

"Amudaryo kechuvidan o‘tib, horib-charchagan edik. Agar qattiq qarshilik bo‘lsa, bu ahvolda nima qilamiz, degan tashvish bor edi. Ammo biz Xazoraspdan Xivagacha biror qarshiliksiz, hattoki mahalliy aholidan oziq-ovqat olib, qiynalmay yetib bordik.

Askarlarimiz aholidan yangi uzilgan olma, o‘rik, shaftoli, non, choy sotib olishar edi. "Jazirama issiqda otlarimizni nima bilan oziqlantiramiz", deb xavotirda edik. Bog‘ot va xazoraspliklar bizga otlarimiz uchun jo‘xori va beda ham sotishdi".

Yurtiga bostirib kirgan bosqinchilar bilan bemalol savdo qiluvchi bu aholi amerikalik harbiy muxbirni avvaliga taajjublantiradi. Xiva ishg‘olidan so‘ng qochib ketgan xon, Chor Rossiyasi vassali bo‘lishga rozi bo‘lib, yana saroyga qaytgach, muxbir u bilan ko‘rishadi va suhbat quradi. Va shu suhbat jarayonida tushunadiki, bu xalq siyosatdan uzoq tutilgani va doimo kun o‘tkazish, qorin to‘yg‘azish g‘ami bilan band etib qo‘yilgani uchun yurtiga bostirib kelganlarni ham indamay qabul qilaveradigan, hattoki ularga "najotkor" sifatida qaraydigan darajaga yetib kelgan.

Tarixdan ma’lum, qisqa muddatda 3 ta xonlik ishg‘ol etilgan. Ularni boshqargan birorta xon yoki saroy amaldorlari mardlarcha yurtda qolib, uning himoyasi uchun kurashib, jon bermagan.

Qo‘qonning so‘nggi xoni Xudoyorxon bosqinchi Kaufmanga rasman murojaat qilib, siyosiy ishlarga aralashmaslikni va’da qilib, Qo‘qonga qaytishga ruxsat so‘ragan, ammo rad javobini olgan. U 1882 yil Afg‘onistonda, yo‘lda vafot etadi. 

Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullaxon Ukrainada 1930 yili 63 yoshida otboqarlik qilib, ocharchilikdan vafot etadi va konchilar qabristoniga dafn etilgan. Qabri hozirgacha topilmagan.

Buxoroning so‘nggi amiri Said Muhammad Olimxon mamlakatdan qochib ketgach, qorako‘l teri sotib tirikchilik qilgan. Umrining so‘nggi kunlari ko‘zi butunlay ko‘rmay qolgan. 1944 yili 64 yoshida vafot etgan va Afg‘onistonda dafn etilgan.

Qabrtoshiga shu misralar yozilgan:

"Bevatan amir xoru faqirdir,
Gado gar o‘z Vatanida bo‘lsa Amirdir..."

***

Suratda "Vashington Post" nashri jurnalistlari Buxoroning sobiq amiri Amir Olimxondan intervyu olishga kelgan payt aks ettirilgan.

Qobul shahri, 1930 yil.

Erkin Qilichev tayyorladi.