Past Darg‘omdagi ikki qavatli bino talablarga zid ravishda qurilgan
Keyingi vaqtlarda viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan yangi qurilayotgan bino va inshootlarni qurishda samaradorlikni oshirish, sohadagi muammolarni barvaqt aniqlab bartaraf etish maqsadida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, inspeksiya tomonidan joylarda qurilish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida Past Darg‘om tumanidagi Iskandari mahallasida qurilayotgan 2 qavatli savdo do‘koni, dorixona va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari shaharsozlik normalari va qoidalari asosida ko‘zdan kechirildi.
- Mazkur ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari talablarga zid ravishda, hududiy inspeksiyaning ruxsatisiz boshlangani aniqlandi, - deydi hududiy inspeksiya bosh mutaxassisi Abdulaziz Eshmurzayev. - Qonunbuzarlik holatlari yuzasidan javobgar shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan jarimalar qo‘llanildi. Ularga qurilish jarayonlarida qonunchilik talablariga amal qilish, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlamasliklari lozimligi ta’kidlandi.
Zero, bunday holatlar nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlarga, balki inson hayoti xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solishi mumkin.
A.JABBOROV.