Past Darg‘omda yangi arxeologik ob’yektlar va topilmalar aniqlandi

Olimlar ularning tarixi va davrini o‘rganadimi?
Keyingi yillarda tumanda turli davrlarga tegishli sopol buyumlar, tangalar, qadimiy qabrtoshlar, mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan tepaliklar aniqlanmoqda. Bularning barchasi hududning qadimiy shaharsozlik an’analariga boy ekanini ko‘rsatadi.
Xususan, yaqinda tumanning Zarmon va Mash’al qishloqlari hududidagi tepaliklarda qadimiy shahar qoldiqlari aniqlandi. Tarixchi Sharifjon Saxatov va shu tumanda yashovchi Akmal Hamroyev hududdagi tepaliklar tarixini o‘rganish davomida antik davrga oid sopol idishlar va odam suyagining qoldiqlarini topishdi.
Hudud Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgani bois qadimda muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan, - deydi A.Hamroyev. – Buni tepalikdan chiqqan topilmalar davridan kelib chiqib, taxmin qildik. Yaqinda bu yerga Qozog‘iston va Misrdan kelgan ommaviy axborot vositalari vakillari va arxeologlar qiziqish bildirib, tadqiqotlar olib bordi. Shuningdek, Zarmon qishlog‘ida somoniylar sulolasining asoschisi Ismoil Somoniy yashagani va shu yerda vafot etgani hududning qadim tarixga ega ekanligini anglatadi.
Jumladan, bu haqda Narshaxiyning mashhur “Buxoro tarixi” asarida ham qayd etilgan. Amir Ismoil bemor bo‘lib bir qancha vakt yotadi. Tabiblar: «Juyi muliyonning havosi xushrok», deb uni o‘zining xos mulkidan bo‘lgan Zarmon kishlog‘iga olib boradilar: «Bu yerning havosi unga muvofikroq keladi», - deydilar. Amir bu qishloqni yaxshi ko‘rar va ov qilish uchun hamma vaqt o‘sha yerga borardi. U yerda bog‘ yaratgan edi. Bir muddat u yerda bemor yotib, oxiri ikki yuz to‘qson beshinchi yili safar oyining o‘n beshinchisida (907 yil 25 noyabr) xuddi shu bog‘da katta bir daraxt tagida vafot etgan.
Bundan ko‘rinadiki, Ismoil Somoniyning qabri Zarmon qishlog‘i hududida bo‘lishi va keyinchalik xoki amirning yaqinlari tomonidan Buxoroga olib borilgan bo‘lishi mumkin.
Tarixchi Sharifjon Saxatovning ta’kidlashicha, “Zarmon” toponimi turk-nayman qabilalaridagi beshta katta urug‘ning nomidan kelib chiqqan. Aslida bu nom hududning Zarafshon daryosi bo‘yida, ya’ni dehqonchilik uchun qulay bo‘lgan suvli joyda joylashganidan kelib chiqqan (Zarmon – zarli joy ma’nosida). Zarmon bilan chegaradosh Mash’al qishlog‘i esa avval Qizilmayoq yoki qiziloyoq nomi bilan atalgan shahar bo‘lgan. Manbalarda keltirilishicha, bu shahar savdo-sotiq yo‘lida mayoq vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, turkmanlarning “qiziloyoq” urug‘i qadimda quloq qilinishi natijasida shu qishloqqa ko‘chib kelgan va shu nom bilan yuritilgan.
- Zarafshon daryosi yaqinida joylashgan ushbu hududlarda laylakuytepa, sariqtepa va qo‘rg‘ontepa tepaliklari mavjud, - deydi Sh.Saxatov. - O‘rganish davomida tepaliklardan topilgan sopollar antik davrga, ya’ni miloddan avvalgi IV asrga tegishli ekani aniqlandi. O‘sha davrda hudud shahriston bo‘lgan, dehqonchilik, chorvachilik, savdo-sotiq va madaniy aloqalar rivojlangan. Atrofida pishiq g‘ishtdan, arkali yerosti yo‘li qurilgan. Keyinchalik bu joylardan yerto‘la, qabr, suv yo‘li yoki chillaxona sifatida foydalanilgan.
Tumanda 300 dan ortiq ana shunday arxeologik yodgorlik mavjud. Lekin ularning 150 tasi madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan, xolos. Ko‘plab tepaliklarga nom berilmagan, muhofoza belgilari o‘rnatilmagan, ob’yektlar va topilmalarning aniq davri yo‘q. Buning ustiga hududlarda aholi tomonidan chorva mollarining boqilishi, noqonuniy qazishma ishlari olib borish holatlari kuzatilmoqda.
Arxeolog-olimlar ushbu yodgorliklarda tadqiqot olib borib, hududni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirishni o‘ylab ko‘rsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shuningdek, tepaliklarning Zarafshon daryosi bo‘yi yaqinida joylashganini hisobga olsak, daryo bo‘yida dam olish va diqqatga sazovor maskanlar tashkil etish kerak. Bu nafaqat ziyorat turizmini rivojlantirish, balki aholining moddiy-ma’naviy hayotini boyitishga ham xizmat qiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.