O‘zboshimcha qurilish qilgan fuqarolarga BHMning 150 baravari miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi
Tuman va shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari xodimlari maxsus planshetlar orqali qurilish ob’yektlarini joyning o‘zida turib onlayn monitoring qilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilishlar elektron tizimda darhol qayd etilib, belgilangan tartibda tezkor choralar ko‘rilmoqda.
O‘tkazilgan navbatdagi monitoring davomida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, Samarqand tumanining Rustam mahallasida fuqaro G‘.N. tomonidan 330 kv.m. yer maydonida shaharsozlik hujjatlarisiz 3 qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi o‘zboshimchalik bilan qurilayotgani ma’lum bo‘ldi. Tumandagi Qavchinoni bolo mahallasida yashovchi fuqaro Sh.N. tomonidan ham xuddi shunday qonunbuzilish holati amalga oshirilganligi aniqlandi.
Nurobod tumani Do‘stlik mahallasida fuqaro X.N. 184,8 kv.m. yer maydonida tegishli ruxsatnomalarsiz ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurayotganligi qayd etildi.
Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari xodimlari tomonidan aniqlangan har bir holat yuzasidan bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatda bu boradagi nazorat ishlari davom ettirilmoqda.
Har qanday yangi qurilish, rekonstruksiya yoki qayta ta’mirlash ishlari belgilangan tartibda, vakolatli organlarning ruxsatnomasi asosida amalga oshirilishi shart, deya axborot bermoqda viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik boshqarmasi axborot xizmati.