O‘zboshimcha qurilishni kamaytirish uchun jazoni kuchaytirish lozim

Qurilish sohasida nazorat tizimini takomillashtirish va sifatni ta’minlash borasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi joriy etildi. Viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektorlari tizimda ishlash uchun planshetlar bilan ta’minlandi. Hozirda qurilish ob’yektlarida inspektorlar monitoring jarayonlarini ushbu tizim asosida onlayn rejimida amalga oshirmoqda. Bu esa tekshirishlar jarayonining shaffofligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Hozirgacha elektron tizimda 2642 ta ob’yekt ro‘yxatga olindi. Bu ob’yektlarda 8508 ta monitoring ishlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 4441 ta yozma ko‘rsatma berilgan hamda ijrosi nazoratga olingan. Belgilangan tartibda ko‘rsatmalar ijrosi ta’minlanmagan 63 holat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tizimga kiritilgan 1085 ta ob’yektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilingan.

2021 yil 10 dekabrda davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Mazkur qaror bilan Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi hamda hududiy va tuman (shahar) shtablari tashkil etildi. Sohaga aloqador bo‘lgan barcha tashkilot va muassasalardan mas’ullar biriktirilib, prokuratura organlarining nazorati ostida shtablarning doimiy faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shtab a’zolari tomonidan ob’yektlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari va kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish choralari ko‘rilib, har chorak yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga xabar berilmoqda.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2022 yildan kelgusi yilgi dasturlar ishlab chiqilishida 1 aprelga qadar joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasining holatini, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurati va ularning joylashuvi, shuningdek, ushbu masalalar bo‘yicha keng jamoatchilik fikri o‘rganiladi. 1 mayga qadar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning tavsiyalaridan kelib chiqib, Dasturga kiritiladigan loyihalar yuzasidan Bosh vazirga shaxsiy kafillik asosida taklif kiritiladi. Moliya vazirligi loyiha-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni buyurtmachilar kesimida shakllantiradi.

1 iyulga qadar Vazirlar Mahkamasi dasturga kiritish taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqib, ularning dastlabki manzilli ro‘yxatini tasdiqlaydi. 1 noyabrgacha hududlar, sohalar va tarmoqlar rahbarlari dastlabki manzilli ro‘yxatga kiritilgan loyihalar bo‘yicha (loyiha oldi) hujjatlarni belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish choralarini ko‘radi va bu borada ularga shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.

Kalendar yilining yakuniga qadar kelgusi yillar uchun dastur tasdiqlanib, unga kiritilgan loyihalar bo‘yicha tanlov (tender)lar e’lon qilinadi. Bunda dasturga loyiha (loyiha oldi) hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmagan loyihalar kiritilmaydi.

2022 yil 1 yanvardan moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmaganda, konsolidatsiyalashgan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlandi. Belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari mavjud bo‘lmaganda yoki loyiha hujjatlari qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlanganda, ya’ni parallel ravishda olib borilganda, pudratchi (loyihachi) tashkilotlar tanlov (tender) o‘tkazilmasdan tanlab olinishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Qurilish-pudrat ishlari bo‘yicha tanlov (tender)lar elektron shaklda o‘tkazilmasdan, tuzilgan shartnomalar Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan ro‘yxatga olinmaydi va ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmaydi.

Qurilish vazirligi tomonidan fuqarolarga qurilayotgan ob’yektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” elektron tizimi yaratildi. Bu tizimda noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish ob’yektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni qayd etish (foto va videomateriallar ko‘rinishida) va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish mumkin.

Ushbu elektron tizim orqali fuqarolar hududlardagi barcha qurilish ob’yektlarida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatidan foydalanadi.

Viloyatda noqonuniy qurilishlarning oldini olish va ularni bartaraf etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi qarori asosida doimiy ishlovchi komissiya tashkil etilgan. Komissiya tomonidan 2021 yilda qurilish sohasida 1510 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Shundan 493 tasi hududiy komissiya va ma’muriy organlar tomonidan bartaraf etilgan, 8 tasi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgan, 1009 holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rish ishlari davom etmoqda. Biroq amaldagi qonunchilikda qurilish sohasidagi qonunbuzilish holatlariga nisbatan keskin chora ko‘rish nazarda tutilmaganligi sababli qonunbuzilish holatlari davom etishiga olib kelmoqda.

Misol uchun, yer qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan Kadastr agentiligining hududiy bo‘limlari yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallaganda, jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun 50 baravarigacha jarima chorasi qo‘llashi mumkin. Shu kabi yer maydonlarida noqonuniy qurilishlarni amalga oshirganda, jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun 300 baravarigacha jarima choralarini qo‘llash amaliyoti joriy qilingan.

Laziz Hamidov,

viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i.