O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi mumkin

Bu tartib Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasida aks etgan.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar 126 mingdan ortiq fuqarolarning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimni kutmoqda. Shuningdek, ko‘plab holatlarda fuqarolarning bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylarga hamda kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’yektlarining bino va inshootlariga nisbatan egalik huquqi mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimyati organlarining qarorisiz o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida qurilgan uy-joylar, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan huquqni e’tirof etish asoslari va uning aniq tartibini belgilash zarurati mavjud.

Qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish asoslari nazarda tutilmoqda.

Loyihada o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.