O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari soddalashadi
Adliya vazirligining xabar berishicha, endi ob’yekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartiriladi.
Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
2024 yil 5 avgust kuni qabul qilingan Qonun fuqarolarning yillar davomida hal bo‘lmay kelgan uy-joy va yerga doir muammolariga yechim bo‘ldi. Biroq qonun amaliyotida aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, eng muhim yangiliklardan biri — 1 ta ob’yekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartirilmoqda.
Vakolatli tashkilotlar — 20 kun
Jamoatchilik muhokamasi — 10 kun
Adliya organlari — 20 ish kuni
Bu o‘zgarish qonunning 2028 yil 1 yanvargacha amal qilishini inobatga olgan holda qabul qilinmoqda.
Shuningdek, amaliyotda huquqni e’tirof etishga to‘sqinlik qilayotgan eng katta muammolardan biri — soliq va to‘lov masalasi edi.
Hozirda 243 mingdan ortiq ob’yektda soliq qarzi bor hamda ular qonun doirasida hal bo‘lmay qolmoqda. Shu sababli quyidagi takliflar ilgari surildi:
- coliq qarzi BHMning 30 baravaridan oshmasa (12,3 mln so‘m) — huquq e’tirof etilishi mumkin;
- 1 martalik to‘lov 20 ish kunida amalga oshirilsa — 50 foiz chegirma;
to‘lovni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati.