Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab bo‘lmaydi
Yer davlatniki, uning hisobi bor. Qonunlar ustuvor jamiyatda o‘zboshimchalik faqat o‘zingga tashvish keltiradi.
Urgutlik Begmurod tumandagi fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan, sug‘orib haydaladigan yer maydonidan 0.07 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, 300 kvadrat metr o‘lchamda uy-joy binosi qurib olgan edi. Oqibatda, ushbu yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilib, davlat manfaatlariga 19 million 269 ming 180 so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Barcha holatlar sudda o‘z tasdig‘ini topdi. Begmurod aybiga iqror bo‘ldi. Sud uni Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topdi va 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Yer maydoni fermer xo‘jaligiga qaytarildi.
Payariqlik Norboy fermer xo‘jaligi hisobidagi sug‘oriladigan yer maydonidan 0,12 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, 224 kvadrat metr hajmda uy-joy binosi qurgan. Oqibatda, ushbu sug‘oriladigan yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqib, yaroqsiz holatga keltirilganligi natijasida davlat manfaatlariga 20 million 498 ming 916 so‘m zarar yetkazilgan.
Sudda Norboy ham JKning 229-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi va 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Qonunchilikda yerni turli maqsadlarda qonuniy olish yo‘llari mavjud. Qonunbuzarlikka esa jazo muqarrar.
Aziz AKRAMOV,
Samarqand viloyat sudi sudyasi.