24 nafar samarqandlik sportchi Yaponiyada o‘tkaziladigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi

Shu yilning 19 sentyabr - 4 oktyabr kunlari Yaponiyaning Aichi prefekturasi va Nagoya shahrida XX yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Unda O‘zbekiston 42 ta sport turidan 396 nafar (224 erkak va 172 ayol) sportchi bilan qatnashadi.
O‘zbekiston tarixda birinchi marta Osiyo o‘yinlarida plyaj voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo‘yicha ishtirok etadi. Kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, syorfing, triatlon va skvoshda Los Anjeles–2028 Olimpiadasi litsenziyalari ham o‘ynaladi.
Musobaqada Samarqanddan 12 sport turi bo‘yicha 24 nafar sportchi terma jamoa safida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Jumladan, boks bo‘yicha Shavkatjon Boltayev (70 kg) Nigina O‘ktamova (54 kg), Sitora Turdibekova (60), dzyudodan Marjona Nurilloyeva (63), yengil atletikaning uzunlikka sakrash va uch xatlab sakrash  dasturida Sharifa Davronova, akademik eshkak eshish bo‘yicha  Shahzod Nurmatov, Sobir Safaraliyev, Dilshod Xudoyberdiyev, Davrjon Davronov, kamondan otish bo‘yicha yakkalik va jamoaviy bahsda Amirxon Sodiqov, badiiy gimnastikaning guruh ko‘pkurash  dasturida Amaliya Mamedova, ot sportining yakkalik va jamoaviy yo‘nalishida Abdurahmon Abdullayev hamda karate bo‘yicha Durdona To‘raqulova ishtirok etadi.

Shuningdek, jamoaviy o‘yinlarda voleybol bo‘yicha Shahboz Mamayusupov, futbolda Firdavs Abdurahmonov (Dinamo), gandbolda Shalola Keldiyorova, chim ustida xokkey bo‘yicha O‘g‘iloy Faxriddinova, Mo‘’tabar Amriyeva, Marjona Mamatmurodova, Fotima Abdug‘aniyeva, Mexrangiz Abdug‘affarova, Parvina Fayzullayeva, Azamatxon Abbosxonov va Davlat Tollibboyev qatnashadi.