Mirzo Ulug‘bek madrasasining vorisi

Mamlakatimizda ilk madrasalar IX-X asrlardayoq vujudga kelgan va faoliyat olib borgan. Samarqandda Raboti G‘oziyon, Ibrohim Tamg‘ochxon madrasalari, Buxoroda Farjak, Faqixlar madrasalari faoliyati to‘g‘risida manbalarda ma’lumotlar bor. Manbashunos olim Komilxon Kattayevning tadqiqotlariga ko‘ra, IX-XII asrlarda Samarqandda 50 dan ortiq madrasa bo‘lib, ular shaharning o‘ziga xos “oliy o‘quv yurtlari shaharchasi” Raboti G‘oziyonda joylashgan. Ta’lim-tarbiya tizimi uch bosqich hamda uning uch muassasasi - maktab, o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumot beruvchi madrasa va madrasai oliyalardan iborat bo‘lgan. O‘rta maxsus ta’lim madrasalari "madrasatun harbiya" (harbiy bilim yurti), "madrasatun muallimin" (pedagogika instituti) shaklida, yuqori bosqich ilm maskani - universitetlar esa "madrasai ulum" (ilmlar madrasasi) nomi bilan mavjud bo‘lgan.

Sharq Uyg‘onish davri allomalari aynan shu zaminda yetishib chiqishining ma’lum sabablari mavjud. Chunki ta’lim tizimi, maktab, madrasalar bo‘lganligi uchun ham bu diyorda jahon ilm-faniga hissa qo‘shgan Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi olimlar yetishib chiqdi.
Sharq Renessansining ikkinchi davri - Temuriylar zamonida Samarqand ilm-fan markaziga aylandi. O‘sha davrda Bibixonim madrasasi, Feruzshoh madrasasi, Muhammad Sulton madrasasi, Qutbiddin Sadr madrasalari bunyod etildi. Bu madrasalar bejiz faoliyat yuritmagan. Chunki Amir Temur saltanatini kengaytirar ekan, uni yanada mustahkamlash uchun ziyolilarni tayyorlashga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

kkinchidan, Amir Temur qaysi mamlakat va o‘lkada bo‘lmasin, u yerdagi mashhur olim, tabib, hunarmand va iqtidori baland mutaxassislarni Samarqandga olib keldi. Shuning uchun Samarqandda Movarounnahr, Xuroson, Rum, Eron, Shom, Hindistonning turli shahar va kentlaridan mutaxassislar to‘plandi. Jumladan, bular Sa’diddin Mas’ud Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy, Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy, Abu Sayid ibn Burhoniddin Sog‘arjiy, Mavlono Kamoliddin Keshiy kabi olimlar, Faxri Ali, Olim Nasafiy, Zayniddiy Shamsi Tabriz, Muhammad ibn Mahmud Isfahoniy singari hunarmandlar, me’mor va muhandislar, Yusuf Sheroziy, Muhammad bin Hoji Bandgir al-Tug‘roiy Tabriziy kabi naqqosh va xattotlar edi.

1420 yilda Mirzo Ulug‘bek madrasasi qurilgach, birinchi ma’ruzani Shamsiddin Muhammad Xavofiy o‘qidi va madrasaning birinchi mudarrisi sifatida faoliyat boshladi. Xavofiy ma’ruzasida matematika she’riy usulda talqin qilinadi. Ma’ruzani tinglagan 90 nafar tolibi ilm vakillaridan faqat 2 kishi - Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy mavzu mohiyatini anglab yetgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida ijod qilgan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy va Ali Qushchi o‘z davrining akademiklari bo‘lgan. Qozizoda Rumiy Ulug‘bek madrasasida dars berish bilan birga, matematika va astronomiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borgan. Uning birinchi asari “Sharh ashkol at-ta’sis” bo‘lib, unda Rumiy samarqandlik olim Shamsiddin ibn Muxammad as-Samarqandiyning geometrik risolasiga izoh bitgan. Bu risola Mirzo Ulug‘bek madrasasida va keyingi davrdagi madrasalarda geometriya bo‘yicha darslik vazifasini bajargan. Qozizoda Rumiy “Sharh al-mulaxxas fi-l-hay’a va-nujum” asarini yaratadi va shu asar asosida madrasada astronomiyadan dars beradi.
Shuningdek, madrasada G‘iyosiddin Jamshid Koshiy ham astronomiyadan dars bergan va o‘zi zij tuzgan. U asli Iroqi Ajamning Koshon shahridan bo‘lib, Ulug‘bekning zij ilmiga qiziqishini eshitib, Samarqandga kelgan.

Samarqandda faoliyati davrida Koshiy o‘z “zij”ini tugatib, sovg‘a sifatida Ulug‘bek kutubxonasiga taqdim qiladi. Bu zij “Ziji haqoniy dar takmili ziji Elxoniy” deya nomlangan va Ulug‘bek “zij”igacha eng mukammal asar bo‘lgan. Koshiy matematika sohasida ancha salmoqli va ilmiy jihatdan qimmatli yutuqlarga erishdi. Uning “Miftoh al-hisob” va “Risola al-muhitiyya” nomli matematik risololari Samarqand madrasasi va uning ilmiy muhiti mahsuli. Samarqand ilmiy maktabi va Ulug‘bek madrasasi to‘g‘risida Koshiyning otasiga yozgan xati qimmatli manba hisoblanadi. Unda Samarqanddagi ilmiy muhit haqida bayon etilgan bo‘lib, Ulug‘bekning zakovati yuksak baholangan. Ushbu xatdan Samarqand madrasasi olimlari Ptolemey geotsentrik tizimining izchil tarafdorlari ekanligini va uning “Al-majistiy” asarini o‘qib o‘rganganligini bilish mumkin. Koshiyning xatida Mirzo Ulug‘bek madrasasining o‘qitish tizimi, dasturlari, baholash mezoni va vaqf mulklari to‘g‘risida ma’lumotlar ham keltirilgan.
Ulug‘bek madrasasida faoliyat ko‘rsatgan Samarqand astronom olimlaridan eng zabardasti Ali Qushchi edi. U Sharq va G‘arb fanlarini bir biriga bog‘lagan holda tahlil qildi va asarlar yaratdi. Ali Qushchi XV asrning 60-yillari oxirlarida Istanbulga borib, Istanbul madrasasiga birinchi mudarris bo‘lgan.

Madrasada o‘qitiladigan ilmlar xususiyatiga ko‘ra uch tilda – turkiy (o‘zbek), arab va fors tillarida olib borilgan. Har bir madrasada uning vaqfnomasida belgilangan daromadlarga hamda ixtisosiga qarab, tolibi ilmlar soni, miqdori, sadr-mutavvali, mudarris, mu’id, hofiz, imom, muqri, noqit, mujovir, farrosh, musdir va boshqalar soni belgilangan. Sadr-mutavvaliga mudarrislar va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, madrasani ta’mirlab turish vazifalari yuklangan.
Madrasa ish boshlaganda tolibi ilmlarning bilim saviyasi, darajasi aniqlanib, ular uch guruh - a’lo (yuqori), avsat (o‘rta) va adno (past)ga ajratilgan. Tolibi ilmning qaysi guruhga mansubligini bilish uchun ular imtihon qilingan. Imtihonni Qozizoda Rumiy rahbarligidagi maxsus hay’at o‘tkazgan. Imtihon marosimida ba’zan Mirzo Ulug‘bek ham qatnashgan.

Madrasada o‘quv jarayoni olti oy davom etgan. Dars mezon oyining birinchi kuni (21 sentyabr) boshlanib, hamal oyining birinchi kunigacha (21 mart) davom etgan. Hamal oyidan mezon oyigacha ta’til hisoblanib, tolibi ilmlar dehqonchilik, hunarmandchilik, masjid imomligi va boshqa ishlar bilan shug‘ullangan.
Madrasada ta’lim olish muddati 8 yil bo‘lib, shu muddat ichida tolibi ilmga oylik va ulufa berilgan. Qobiliyati va iste’dodi bilan ajralib turgan tolibi ilmlar madrasaning o‘zida mudarris sifatida olib qolingan.

Madrasani xatm qilgan tolibi ilmlarga dars o‘qish, ya’ni mudarrislik qilish mumkinligini bildiruvchi ijozatnoma – diplom berilgan. Diplomda tolibi ilm tomonidan o‘zlashtirgan ilm va o‘rgangan asarlar nomi yozilgan. Madrasaning bosh mudarrisi Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy tomonidan 1435 yil sanasi bilan berilgan ijozatnoma hozirgi kunda O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalari fondida saqlanyapti.

Ulug‘bekning vafotidan so‘ng ham madrasa o‘z faoliyatini davom ettirdi. Mavlono Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ush-shuaro" asarida yozishicha, 1487 yilda madrasada 100 nafardan ortiq tolibi ilm bo‘lgan. Alisher Navoiyning "Majolis un-nafoisi"da yozilishicha, madrasa talabalariga Xoja Fazlulloh Abu Laysiy, Mavlono Xoja Xurd ham mudarrislik qilgan.
Shayboniylar davrida Ulug‘bek madrasasida aniq va tabiiy fanlar, ayniqsa, tibbiyotning turli sohalari o‘rgatilgan. Ashtarxoniylar davrida Yalangto‘shbiy Bahodir tomonidan Registon maydonida yana ikkita - Sherdor va Tillakori madrasalari qurildi.

Ushbu an’anaviy ilm dargohlari XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida ham oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritgan. Madrasa faqat XVIII asrning 20-30-yillarida jung‘orlar hujumi davrida vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Keyin esa XVIII asrning 70-yillarida yana faoliyatini davom ettirib, XX asrning 20-yillarigacha mavjud bo‘lgan.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasasining bevosita vorisi hisoblanadi. Jahondagi universitetlar bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, Yevropadagi Sarbonna, Oksford, Bolonya, Kembrij universitetlari XII-XIII asrlarda dastlab cherkovlar qoshida vujudga kelgan maktablar bo‘lgan. Dunyoviy ilmlarning o‘qitilishiga cherkov yo‘l bermagan. Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida esa dunyoviy ilmlar o‘qitilgan va ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan.

Shokir G‘AFFOROV,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori.
Olimjon IRISQULOV,
universitet dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).