AQSh ilk bor kosmosga qurol joylashtirganini tan oldi

AQSh orbitada kosmik makonni nazorat qilishga mo‘ljallangan qurollarga ega ekanini ma’lum qildi.
Bu haqda AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meynk Vashington yaqinida o‘tkazilgan Havo va Kosmik kuchlar assotsiatsiyasi konferensiyasida aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, orbitadagi tizimlar AQSh Qurolli kuchlarini ehtimoliy dushman harakatlaridan himoya qilish uchun mo‘ljallangan.

“Hozirda AQSh orbitada kosmik makonni nazorat qilishga mo‘ljallangan va Qurolli kuchlarimizni dushmanlarning tajovuzkor harakatlaridan himoya qila oladigan qurollarga ega”, – dedi Meynk.
Vazir ushbu tizimlarning turi va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh uchun nafaqat havoda, balki kosmosda ham ustunlikni saqlash muhim. Chunki boshqa davlatlar Amerika kosmik salohiyatiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vositalarni ishlab chiqmoqda.

AQSh shuningdek, “Oltin gumbaz” raketadan mudofaa dasturi doirasida kosmosga joylashtiriladigan raketa tutib qoluvchi qurilmalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Tizimning dastlabki imkoniyatlarini 2028 yilga qadar shakllantirish rejalashtirilgan.
Rossiya avvalroq kosmosda qurollarni ishlab chiqish va joylashtirish yangi qurollanish poygasiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Moskva, xususan, AQShning “Oltin gumbaz” loyihasini tanqid qilgan.
Kosmosda harbiy tizimlarning ko‘payishi AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi strategik raqobatni yanada kuchaytirishi mumkin.