AQSh davlat qarzi tarixiy rekordni yangiladi: 40 trillion dollarlik chegara ortda qoldi

AQSh davlat qarzi tarixda birinchi marta 40 trillion dollardan oshib ketdi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 avgust holatiga davlat qarzi 40,05 trillion dollarga yetgan. Bu mamlakat moliyaviy tizimi uchun muhim va tashvishli ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.
 
So‘nggi o‘n yil ichida AQSh qarzi ikki baravardan ko‘proq oshdi. Agar 2017 yil boshida davlat qarzi qariyb 20 trillion dollar bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u 40 trillion dollarlik marrani bosib o‘tdi. Mutaxassislar bu holatni davlat xarajatlarining daromadlardan yuqori bo‘lib qolayotgani bilan izohlamoqda. Hukumat byudjet taqchilligini qoplash uchun muntazam ravishda yangi qarz mablag‘larini jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.

Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, qarzning o‘sishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, pandemiya davridagi yirik xarajatlar, ijtimoiy dasturlar uchun ajratilayotgan mablag‘lar, mudofaa sohasiga sarflanayotgan mablag‘lar hamda davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlarining keskin oshishi asosiy sabablar qatorida qayd etilmoqda. Bugungi kunda AQSh byudjetida qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari ayrim muhim davlat dasturlari xarajatlaridan ham yuqori darajaga chiqqan.

Tahlilchilar fikricha, davlat qarzining ortishi nafaqat hukumat uchun, balki oddiy fuqarolar uchun ham oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin. Davlat qarzi ko‘paygani sari obligatsiyalar bo‘yicha daromadlilik oshib, ipoteka, avtokredit va boshqa qarzlar bo‘yicha foiz stavkalari yuqorilashi ehtimoli ortadi. Bu esa aholi va biznes uchun moliyalashtirish xarajatlarini oshiradi.

Shu bilan birga, ayrim iqtisodchilar AQSh iqtisodiyoti hajmi va dollarning jahon zaxira valyutasi maqomi sababli mamlakat hozircha bunday qarz yukini ko‘tara olishini ta’kidlamoqda. Biroq ular ham uzoq muddatda byudjet siyosatida islohotlar o‘tkazilmasa, qarzning yanada o‘sishi jiddiy moliyaviy xavflarga olib kelishi mumkinligini tan olishmoqda.

Hozirgi tendensiya saqlanib qolsa, bir qator tahlil markazlari AQSh davlat qarzi yaqin yillarda 50 trillion dollarga yaqinlashishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bu esa mamlakat rahbariyati oldiga davlat xarajatlari va byudjet siyosatini qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ymoqda.

AQSh davlat qarzi — bu Amerika hukumatining butun dunyodan olgan qarzlaridir. Bu qarz maxsus qog‘ozlarni (obligatsiyalarni) sotish orqali yig‘iladi. Dollar dunyodagi eng asosiy pul bo‘lgani va AQSh shu paytgacha hech qachon "bankrot" bo‘lmagani uchun, hamma o‘z pulini Amerikaga ishonib topshiradi. Shu sababli, AQSh hukumatiga nafaqat oddiy banklar va fondlar, balki boshqa davlatlar ham o‘z zaxira pullarini kuydirmay saqlash uchun jon deb qarz beradi.

Amerikaga eng ko‘p qarz berganlar — dunyoning eng boy davlatlaridir. Bu ro‘yxatda birinchi o‘rinda Yaponiya turadi, undan keyingi o‘rinda esa salgina farq bilan Xitoy boradi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Kayman orollari, Lyuksemburg, Kanada, Belgiya va Irlandiya kabi davlatlar ham AQShga milliardlab dollar qarz bergan. Bu davlatlar o‘z pullarini xavfsiz saqlash va ustiga kafolatlangan foiz (foyda) olish uchun Amerikaning qarz qog‘ozlarini sotib olishadi.