Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Ustozning mehnati, rahbarning mas’uliyati, ota-onaning e’tibori va jamiyatning ta’limga munosabati natija beradi

Samarqand azaldan ilm-fan, ma’rifat va ziyo maskani sifatida tanilgan. Ulug‘ allomalar, mutafakkirlar va ma’rifatparvarlar kamol topgan bu zaminda ta’lim sohasidagi bugungi natijalar ham ana shu tarixiy an’analarga munosib bo‘lishi kerak.

Shu ma’noda Samarqand viloyatining oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikada yetakchi hududlardan biriga aylanishi emas, birinchi o‘rinni egallashi oldiga maqsad qilib qo‘yilgani bejiz emas.

Buning uchun imkoniyatlar bor. Eng katta imkoniyat -yurtimizda ta’limga yaratilayotgan shart-sharoitlar va Samarqandning o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy salohiyati.

Ammo imkoniyatning o‘zi yetarli emas. Uni natijaga aylantiradigan kuch - ustozning mehnati, rahbarning mas’uliyati, ota-onaning e’tibori va jamiyatning ta’limga munosabati.

Beshinchi “Ustozlar milliy forumi”da aytilayotgan fikrlarning barchasi bir nuqtada birlashadi: ta’limdagi islohotlarning markazida inson turibdi. Maktabning markazida o‘quvchi, o‘quvchining yonida ustoz. Ustozning ortida esa uni qo‘llab-quvvatlaydigan tizim bo‘lishi kerak.

Shundagina “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya hayotiy mazmun kasb etadi.

 

Bilim bilan birga tarbiya ham muhim

Maktabning vazifasi faqat bilim berish emas. Yosh avlodda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, mas’uliyat, mehnatsevarlik va jamiyat oldidagi burch tuyg‘usini shakllantirish ham ta’limning muhim vazifasidir.

Shuning uchun yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ta’lim va tarbiya jarayonini milliy ruh va vatanparvarlik g‘oyalari bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu vazifa faqat maktab ma’muriyati yoki sinf rahbari zimmasida emas. Unda ota-ona, mahalla, jamoatchilik va butun jamiyatning mas’uliyati bor.

 

Maktabdan tashqari vaqt - katta imkoniyat

Bolaning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish ham uning kelajagiga ta’sir qiladi. Shu maqsadda “Kelajak” platformasi orqali viloyatdagi 1263 ta umumta’lim maktabi va 55 ta nodavlat ta’lim muassasasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularda 4792 ta fan to‘garagi tashkil qilinib, “Kambag‘al oila” reyestriga kiritilgan oilalarning 21 ming 87 nafar farzandi to‘garaklarga jalb etildi.

Sport yo‘nalishida esa maktablarda 4632 ta sport to‘garagi tashkil qilinib, ularga 81 ming 263 nafar o‘quvchi qamrab olindi.

2026 yilda o‘tkazilgan 28 ta sport musobaqasida 124 ming 952 nafar o‘quvchi ishtirok etgani ham yoshlarning jismoniy tarbiyasiga e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi.

Bu jarayonda asosiy maqsad - bolani faqat dars vaqtida emas, uni bo‘sh vaqtida ham rivojlantirish.

Kasbga yo‘naltirish - kelajakni bugundan belgilash

Yangi o‘quv yilida ta’lim tizimi oldida turgan yana bir muhim vazifa - o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish. O‘tgan o‘quv yilida 96 ta maktabda 6697 nafar o‘quvchi uchun kasb-hunarga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Bu yo‘nalishni yanada rivojlantirish bugungi mehnat bozori talablari nuqtai nazaridan muhim. Zero, maktab bitiruvchisi “Maktabni tugatdim, endi nima qilaman?” degan savol bilan emas, “Menda qaysi qobiliyat bor, qaysi kasbga mosman va jamiyatga qanday naf keltiraman?” degan aniq maqsad bilan katta hayotga qadam qo‘yishi kerak.

2026–2027 o‘quv yilidan respublika miqyosida uzluksiz kasbga yo‘naltirish dasturlarini joriy etish belgilangani ham bu yo‘nalishning strategik ahamiyatini ko‘rsatadi.

“Jasorat maktablari” - intizom va vatanparvarlik maktabi

Bugungi kunda viloyatimizda 16 ta “Jasorat maktabi” faoliyat yuritmoqda. Yangi o‘quv yili qabuli uchun ushbu maktablarga 1738 nafar o‘quvchi ariza topshirdi. Bu ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni intizomlilik, matonat, jamoaviylik va Vatan himoyasiga tayyorlash bilan bir qatorda umumiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga ham e’tibor qaratiladi.

Bu kabi maktablarning ahamiyati shundaki, ular yoshlarga faqat bilim emas, mas’uliyat hissini ham singdirishga xizmat qiladi.

Maktab rahbari - natijaning asosiy tashkilotchisi

Yangi o‘quv yilida ta’lim muassasalari rahbarlari oldida turgan vazifalar alohida ahamiyatga ega. Chunki yaxshi maktabni faqat yaxshi bino yoki ko‘p sonli o‘qituvchilar emas, avvalo, to‘g‘ri boshqaruv yaratadi.

Zamonaviy direktor - faqat ma’mur emas. U lider, tashkilotchi, tahlilchi, jamoa bilan ishlaydigan rahbar bo‘lishi kerak. U maktabdagi har bir o‘quvchining natijasi, pedagoglarning kasbiy o‘sishi, ota-onalar bilan hamkorlik, intizom, ta’lim sifati va muassasa muhiti uchun shaxsiy mas’uliyatni his qilishi lozim.

Shu bois ta’lim sifati past bo‘lgan 57 ta maktab bilan manzilli ishlash, ular uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yangi o‘quv yilining muhim vazifalaridan biri sifatida belgilanmoqda.

Bu yerda asosiy maqsad kamchilikni tanqid qilish emas, muammoli maktabni kuchli maktabga aylantirish bo‘lishi kerak.

 

Yangi o‘quv yili - yangi mas’uliyat

Tizimda erishilgan natijalar salmoqli. Biroq har bir yutuq ortida yangi vazifa paydo bo‘ladi. Maktabgacha ta’lim qamrovi oshgani - endi ta’lim sifatini yanada yaxshilashni taqozo etadi.

Pedagoglarning malakasi oshgani - endi bu bilimlarni dars jarayonida samarali qo‘llashni talab qiladi.

Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi yaxshilangani - endi respublikada yetakchi o‘rinni egallash uchun yanada yuqori natijalarga intilish zarurligini ko‘rsatadi.

Xorijiy til sertifikatlariga ega pedagoglar ko‘paygani -endi o‘quvchilarning til bilish darajasini yanada oshirish vazifasini kun tartibiga qo‘yadi.

Yangi baholash tizimi joriy etilgani - endi har bir o‘quvchining individual natijasini tahlil qilishni taqozo etadi.

Demak, islohotning eng muhim bosqichi - erishilgan natijani barqaror natijaga aylantirish.

***

Yangi o‘quv yili arafasida Samarqand ta’lim tizimi oldida katta maqsadlar turibdi. Bu maqsadlar faqat statistik ko‘rsatkichlarni yaxshilash emas, balki sifatli ta’lim olgan, mustaqil fikrlaydigan, kasb-hunar egallagan, xorijiy tillarni biladigan, raqamli texnologiyalardan foydalana oladigan, Vatanini sevib, uning taraqqiyoti uchun mas’uliyatni his qiladigan avlodni tarbiyalash.

Sifatli ta’lim - shunchaki ta’lim tizimining maqsadi emas. U Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.

Rustam Yo‘ldoshev,
viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.