Samarqandda alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarning ijtimoiy integratsiyasiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar boshlandi

Samarqand shahridagi 60-son «Nurli maskan» maktab-internatida «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ijtimoiy integratsiyasi: innovatsion yondashuvlar va amaliy yechimlar» mavzusida respublika amaliy o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir ochilishida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev hamda agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev alohida ehtiyojli bolalar bilan ishlashda zamonaviy pedagogik va psixologik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish bugungi kun talabi ekanini ta’kidladi.

— Alohida ehtiyoji bo‘lgan bolalarning ijtimoiy integratsiyasi zamonaviy ta’limda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bolaning shaxsiy rivojlanishi, jamiyatda teng huquqli ishtirok etishi uchun zarur muhit yaratilishi lozim, — dedi Usmon Sharifxo‘jayev. — Jahon tajribasi innovatsion pedagogik texnologiyalar, individual dasturlar va kompleks yondashuvlar bunday bolalar moslashuvida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatmoqda. Bugungi seminar pedagoglar va mutaxassislar malakasini oshirish, innovatsion ta’lim usullarini amaliyotga tatbiq etish hamda alohida ehtiyojli bolalarning ijtimoiylashuv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Seminarda respublikadagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari va oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari ijtimoiylashuv jarayonlarini to‘g‘ri tashkil qilish, innovatsion pedagogik va psixologik yondashuvlar, amaliy mashqlar orqali muammolarni hal qilish ko‘nikmasini rivojlantirish, bola–ota-ona–jamoa o‘rtasida hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish, rolli o‘yinlar, amaliy mashg‘ulotlar, keyslar asosida real vaziyatlarda muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tajriba almashmoqda.

— Bunday amaliy seminarlar bizning ishimiz uchun juda kerak, — deydi Qashqadaryo  viloyatidagi 18-son “Nurli  maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Gulshan Karimova. — To‘g‘ri, biz har kuni bolalar bilan muloqotda bo‘lamiz, ularning ehtiyoji, ruhiy holati, ijtimoiy muhitga moslashuvidagi qiyinchiliklarini yaxshi bilamiz. Lekin innovatsion yondashuvlar, xorij tajribasi asosida ishlab chiqilgan yechimlar bizga keng imkoniyat beradi. Aslida bolalarning jamiyatga moslashuvi faqat maktab yoki pedagogning vazifasi emas. Bunda oila, jamoa, muhit va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga kasb etadi. Treningda ushbu yo‘nalishdagi amaliy yondashuvlar, muloqot usullari, stress holatlarini yengillashtirishga xizmat qiluvchi metodlar o‘rgatilmoqda va, asosiysi, pedagoglar olgan bilimlarini faoliyati davomida qo‘llay olishi eng katta natija.

60-son “Nurli maskan” maktab-internati direktori Farangiz Shokirovaning ta’kidlashicha, muassasada inklyuziv ta’lim innovatsion yondashuvlar va individual metodikalar asosida rivojlanmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda muassasa bitiruvchilarining 80 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan va seminarning ushbu maskanda tashkil etilishi bejiz emas.

— Muassasada avval kasb-hunar yo‘nalishlari cheklangan bo‘lsa, bugun yog‘ochga ishlov berish, to‘qimachilik, kulolchilik, qandolatchilik, poyabzalchilik, injiniring, robototexnika, 3D modellashtirish kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishda ta’lim yo‘lga qo‘yilgan, — deydi F.Shokirova. — Shuningdek, 267 nafar o‘quvchi uchun individual rivojlanish xaritalari ishlab chiqilgan bo‘lib, shaxsiy ta’lim trayektoriyalari amaliyotga joriy etilgan. Bu pedagoglar mehnati va zamonaviy ta’lim strategiyalarining samarasidir. Muassasamizda tashkil etilgan bugungi seminar ham pedagoglar bilan tajriba almashish, yangi g‘oya va metodikalarni o‘rganish orqali ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Samarqand shahridagi 59 va 60-son «Nurli maskan» maktab-internatlari faoliyati hamda o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.