Markazimizda joriy etilayotgan innovatsiyalar yangi yutuqlarga xizmat qilyapti

Zamonaviy ta’lim metodlari va xalqaro tajribani joriy etish asosida 2017 yildan buyon xorijiy tillarni o‘qitish hamda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelyapmiz.

Xalqaro hamkorliklarimiz samarasi o‘laroq, “MM Publications” nashriyoti tomonidan O‘zbekiston uchun 600 ming yevro miqdorida grant ajratildi. Shuningdek, uch nafar shogirdimiz Gretsiyadagi Mariah Diabath Research Institute tomonidan 50 ming yevro miqdoridagi investitsiyaga munosib deb topildi.

2025 yilda Kembrij imtihonlarini tashkil etishda “pay-at-property” tizimi joriy qilindi. Ushbu tizim orqali talabgorlar imtihon to‘lovini oldindan emas, balki bevosita imtihon markazida amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natijada Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Pokiston va Erondan tashrif buyurgan 170 nafar talabgor Samarqand shahrida Kembrij imtihonlarini topshirdi. Bu esa ta’lim eksporti hajmini 40 ming AQSh dollariga yetkazish imkonini berdi.

O‘tgan yili tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda o‘quv markazimiz faoliyati haqida Prezidentimizga ma’lumot berish imkoniga ega bo‘ldim. Davlatimiz rahbari amalga oshirayotgan ishlarimizni yuqori baholagan edilar. Joriy yilning 18 mart kuni viloyatimizga tashriflari doirasida o‘quv markazimizga kelib, ta’lim jarayoni bilan shaxsan tanishdilar. Bu e’tibor jamoamiz uchun katta rag‘bat bo‘lib, oldimizga yanada yuksak maqsadlarni qo‘yishga undadi.

2026 yilning birinchi yarim yilligida ta’lim eksporti geografiyasi yanada kengayib, AQSh hamda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan ham talabgorlar jalb qilindi. Natijada birinchi yarim yillikda ta’lim eksporti hajmi 48 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 128 foizga, o‘tgan yilgi umumiy ko‘rsatkichga nisbatan esa 20 foizga o‘sish qayd etilganini ko‘rsatadi.

2026 yilda amerikalik xalqaro ekspert Vinsent Russa ishtirokida viloyatdagi birinchi sun’iy intellekt laboratoriyasi hamda sun’iy intellekt bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mart oyida “Smart Library” loyihasiga asos solindi. Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida ochilgan mazkur kutubxona uchun Yevropaning yirik nashriyotlaridan biri — Vector Publishing House tomonidan 40 ming yevro miqdoridagi investitsion grant jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“INNOVATSION MARKAZ” nodavlat ta’lim muassasasiga 2023 yilda 3450 nafar yosh ingliz tilini o‘rganish uchun murojaat qilgan bo‘lib, ularning 450 nafari turli darajadagi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda esa markazda 6500 nafar yosh ta’lim olmoqda. Bu avvalgi yilga nisbatan 3050 nafarga ko‘pdir. Shuningdek, 1400 nafar o‘quvchi turli darajadagi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 950 nafarga ko‘p natijani tashkil etdi.

Kelgusida o‘quv markazlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirish, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini yuksaltirish, dunyoning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish va xalqaro standartlarni keng joriy etish orqali xalqaro sertifikatga ega yoshlar sonini yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, xalqaro imtihonlar sonini oshirish, ta’lim eksporti bozorlarini kengaytirish hamda Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, shuningdek Yevropa Ittifoqi davlatlaridan talabgorlarni jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettiriladi.

Muhammadxon SOLIYeV,
“INNOVATSION MARKAZ” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari.