Ta’lim jarayoni raqamlashmoqda, ta’lim sifati-chi?
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida “Ta’lim jarayonini raqamlashtirish istiqbollari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi.
Mazkur anjuman ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy etish hamda turli fan sohalarida raqamli yechimlardan foydalanish imkoniyatlarini keng muhokama qilishni maqsad qilgan.

- Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasi ham raqamlashmoqda, - dedi Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filiali direktori, professor Nizomjon Ishonkulov. – Shu maqsad yo‘lida mavjud muammolar va ularning yechimlari masalasi haqida fikr almashish uchun xalqaro doirada olimlarni jalb etdik. Xorijiy davlatlardan kelgan olimlar o‘zlaridagi mavjud muammolar bilan o‘rtoqlashyapti, yutuqlar e’tirof etilib, kamchiliklarga yechim izlanyapti. Keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida ham raqamlashtirish orqali ko‘plab qog‘ozbozlik ishlari kamaydi, Hemis tizimi orqali oliy ta’lim jarayonini boshqarish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Filialimizda 15 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, ularni hujjatlashtirish ishlari, ta’lim jarayonini boshqarish tizimi raqamlashtirilgan. Ta’lim jarayonini raqamlashtirish orqali ta’limning samaradorligi va sifatini yanada oshirishga erishishimiz kerak.
Anjumanda 300 dan ortiq mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar ilmiy maqola va tezislari bilan ishtirok etmoqda. Qatnashchilar Yevropa, Osiyo va MDH davlatlaridan kelgan bo‘lib, bu raqamlashtirish masalasining global miqyosdagi dolzarbligidan dalolat beradi.

- Hozirgi kunda butun dunyoda oliy ta’lim muassasalari oldida turgan muammo va savol shundan iborat: sun’iy intellekt ta’limni qanchalik o‘zgartiradi? - dedi Toshkent Kimyo xalqaro universitetining moliya kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Shohjahon Elmurodov. - Adashmasam, ikki kun oldin sun’iy intellekt bir kunga ishlamadi. Natijada ancha ish to‘xtab qoldi. Shunda biz sun’iy intellektga qanchalik bog‘lanib qolganimizni tushunib yetdik. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Universitetlarning oldida turgan vazifa sun’iy intellektdan foydalanish etikasini talabalarga o‘rgatishdan iborat. Talabalar sun’iy intellektga suyanib, kitob o‘qimay qo‘ydi. Sun’iy intellektdan faqat ta’lim olishda qo‘shimcha bir vosita sifatida foydalanish lozim, lekin hamma narsani undan so‘rash kerak emas.
Ikki kun davom etadigan ilmiy-amaliy anjumanda olimlar oltita sho‘bada ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishning iqtisodiy ahamiyati, fanlarni o‘qitishda raqamlashtirish amaliyoti kabi mavzularda muhokamalar olib boradi.

Anjuman doirasida taqdim etilayotgan ilmiy ishlanmalar, ta’lim tizimiga tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan metodik takliflar hamda raqamli transformatsiya bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar O‘zbekistonning ta’lim sifatini oshirish, akademik muhitni raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Xurshida Ernazarova.