Beparvolik asridan ma’rifat asriga: Qaysi yo‘lni tanlaymiz?

Qariyb bir yarim asr mustabidligimizning bosh sabablaridan biri ilmdan ayri siyosat yuritish bo‘lgani sir emas.

Bir yarim asr. Aytishga oson – bu juda katta muddat. Yo‘qotilgan qadriyatni tiklashning imkoni bo‘lar yoki yo‘q, hali-hanuz savolligicha qolmoqda. Moddiyat masalasini gapirmasak ham bo‘ladi.

Mustaqillik yillaridagi evrilishlar ko‘plarga xuddi osmondan tushganday tuyuladi. Yo‘lda avtomobil haydovchilarining tirbandlikdan nolishini eshitib, kechagina “Sovetning mashinalari” sanoqli ekanligi, yillar davomida “rayispolkom” degan idoralarda navbatga turib, tanish-bilishni ishga solib, sotib olish hammaning ham qo‘lidan kelmasligini esladim. Avtoulovlarning ko‘payishi ijtimoiy holatimiz ijobiy ko‘rsatkichining bittasi.

Hamma import (sifatli) mahsulotlar “pod prilavka”dan topilardi. Paxta yetishtirgan xalq kafanlik matosini kolxoz raisining “zapiskasi” bilan “potrebsoyuz skladi”dan olardi. Gazning O‘zbekistondan shimolga yetkazilishi, oltin va boshqa yer osti boyliklarimiz tashib ketilishi davlat siyosati, unga aralashish mumkin emas, deb uqtirishardi.

Savodsizligimizdan, beparvoligimizdan, birlasha olmaganimizdan.

To‘g‘ri-da, beparvo odamga ilm nima kerak?!

Atrof-muhitda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga daxldorlik talab qilinmagan insonga o‘qish nega kerak?

Hatto sovet davrida harbiy xizmatda “soldat”dan “o‘ylama, sen uchun o‘ylaydigan odamlar bor, faqat buyruqni bajar, boshliq hamisha haq”, degan qat’iy talablar qonunlashgan edi.

Gapirsa gap ko‘p. Muddao nima?

Muddao – ota-bobolarimizning yutuqli an’analarini rivoj toptirib, yo‘l qo‘ygan xatolarini takrorlamaslik. Demak, bosh muddao – el, xalq, millatni ilm bilan oshno qilish. Qanday qilib? Katta va eng qiyin savol. Shuning uchun ham maqolamizga qahramon qilib olimlarni belgiladik.

Najot - ta’limda

Yo‘nalish berish uchun Xitoyni misol qilmoqchi emasman-u lekin Xitoy ko‘z o‘ngimizda bizdanda abgor hayotdan dunyoga ta’sir o‘tkazadigan davlatga aylanishining sababi hammamizga qiziq.

Savodsiz, na o‘qishni, na yozishni va na yashashni eplay oladigan xitoyliklar yashash uchun kurash “janggohi”da chidab bo‘lmas darajada ta’zirlarini yegandan so‘ng savodsizlik bilan yashashni davom ettirsa, oxir-oqibat farzandlarining hayotini ham boy berishini tushunib yetdi. Bolalari tahsil oladigan darsgohlarda o‘tkazilgan ota-onalar yig‘ilishidan birida bir guruh ota-onalar ularni ham o‘qitishlarini tiz cho‘kib o‘qituvchilardan iltimos qildi. Iltimos ko‘p o‘tmay butun davlat bo‘ylab tarqaldi.

Yechim ta’lim ahlidan hech qanday to‘lovlarsiz, o‘quvchilarning uyga vazifalarini hajmiga qo‘shib, ota-onalarni har kuni birga dars qilishni tizimlashtirish bilan barham topdi. 1980-1990 yillarda xitoylik ota-onalar yozish-chizishni uddalashdan tashqari, o‘zlarini qiynayotgan savollar bilan maktab ma’muriyatiga xat yo‘llashni ham o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Qolgan voqea-hodisalardan hammamiz xabardormiz. Bugun ota-onalariga dars bergan o‘quvchilar butun Xitoyni boshqaryapti. Shu avlod sanoatni industriyalashtirdi, hech bo‘lmag‘urlari esa nafaqat ko‘rganlarini, balki eshitganlarini ham ertasi kuni ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Maqsad, vosita, omil

Davlatimiz rahbari o‘zbek zaminida avval ham ilm ulug‘langani, bundan keyin ham ilm najot ekanligini ko‘p bor ta’kidlaydi. Uchinchi Renessans maktab ostonasidan boshlanishiga urg‘u beradi. Muallimlarimiz, professor-o‘qituvchilarimiz va barcha ilm darg‘alarini millatning gultoji deb biladi. Mustabid tuzumdan “yodgorlik” qolgan moliyaviy taqchillikdan ham qisishtirib, ular jamiyatning oldi insonlari bo‘lishlarini ta’minlash borasida izchil strategik siyosat olib boryaptilar.

“Har qanday jamiyatning taraqqiyoti asosida ilm turishi aksioma” deb bot-bot eslatib o‘tadi. Maqsadimiz aniq bo‘lmasa, unga erishib bo‘lmaydi. Yakuniy xulosani maqsad, vosita va omillarni ochiqlash fursati keldi. Maqsadimiz – ilmga asoslangan kelajak qurish. Agar insonning qo‘lidan kelsa, ilm bilan shug‘ullanishdan maroqli va saodatli ish yo‘q. Ming bor shukur, Yaratgan mamlakatimizni olimlar masalasida rosa siylagan. Demak, maqsadimizga erishishimizda Renessansga eltuvchi mashaqqatli yo‘lda qo‘limizdan yetaklovchi mo‘’tabar zotlar bilan yaqindan do‘stlashish, Vatan ravnaqi yo‘lida jipslashish qoldi. Xalq intilishi va davlat intilishining uyg‘unligiga erishish qoldi. Elimizda “Ishonchga sazovor bo‘ldingmi, uni oqla”, degan gap bor. Yana “Necha yoshga kirganingga isbot bor. Yashaganingni nima bilan isbotlaysan?” ham deyishadi.

Shu oxirgi savolga har birimiz javob izlashimiz shart. Olimlik martabasini yanada yuksaltirish, ilm-ma’rifat maskanlarini muqaddas deb bilishga barchamiz mas’uliyat bilan yondashishimiz shart va zarur.

Murojaatnoma

Murojaat ilm ahli safiga to‘laqonli qo‘shilganimdan so‘ng “vazifangni bajar”, degandek bezovtalantirdi. Hadiksirab qalam qimirlatganim rost. Shu bois matnda faqat ishonchli manbalarga murojaat qildim. Oqsayotganimizning ob’yektiv va sub’yektiv sabablarini ham atroflicha tahlil qilishga intildim. Hatto keyingi 500 yilda ilmdan uzoqlashishimizni Buyuk ipak yo‘lining yopilish sabablari bilan bog‘liqmikan, deb o‘yladim. Mablag‘siz avval ham, hozir ham hech narsaga erishib bo‘lmasligini tarix isbotlagan.

  Mustaqilligimizga bepisandlarni so‘zimning boshida ozgina eslaganim bejiz emas. Nega bu omil “aks” ishlashi kerak? Hammamiz ber-berga o‘rganib qolganmiz. Davlatdan olish uchun oldin unga berish kerak. Berolmasliging tayin bo‘lsa, hech qursa, behuda “tosh otma”! Dastlabki xulosa, davlatni boy qilish, davlatni buyuk qilish pirovard maqsadimizdir. Davlat ilmni rag‘batlantiruvchi bosh vosita. Ochiqchasiga aytaman, davlatparvarman. Davlatsiz xalq bo‘lmaydi. Millat buyuk bo‘lishi uchun davlat buyuk bo‘lishi kerak. Oddiy misol, mutafakkir Alisher Navoiy buyuk Amir Temur imperiyasining mahsuli. Uning asarlari Sohibqiron davlatining ta’sirida yaratilgan.

Barchamiz unutib ulgurgan, musulmonlarning birinchi Renessansi vaqtida dunyoni zabt etgan, lol qoldirgan yuzlab mutafakkirlarni zaminimiz tarbiyalab yetishtirdi. Bugun O‘zbekistonning har bir oliygohi uchinchi Renessans takomilini ta’minlab bera oladigan katta ilmiy salohiyatga ega. Unga istehzo bilan qarayotganlar chetga chiqsin.

Sev, avayla, asra O‘zbekistonni!

Jamiyat taraqqiyotini ta’minlash, eng avvalo, ilm sohiblarining fidoyiligiga, vatanparvarligiga bog‘liq. Imkoniyat borida g‘ayrat otini qamchilash kerakki, ilmning yetib borilmagan cho‘qqilarini egallash, ajdodlarimizdek g‘ayrat-shijoat bilan tadbir ko‘rish bizni yuksaklarga olib chiqsin.

“Prezidentning Renessans, ma’naviy yuksalish haqida aytayotgan fikrlari, murojaatlari siyosiy populizm emas, balki fundamental asosga, aniq rejaga asoslangan qoyadir”. Nasib etsa, ko‘p o‘tmay dastlabki natijalar qad rostlaydi. Bu jarayon umumxalq harakatiga aylanayotganiga ishora.

Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan iliq fikrlarni o‘qiyapmiz. Jarayonda “olimman” deganlarning barchasi ishtirok etishi shart. “Kuzatuvchi” qalamkashlarimiz ham jarayonga qo‘shilsin, ularning ham takliflari Vatan uchun ahamiyatli. Jarayonga fidoyi olimlarimizni tobora ko‘proq chorlab, pirovardida, uchinchi Renessans nafasi barcha dargohlarga yanada kuchliroq kirib borishiga erishish bosh rejada o‘z aksini topgan.

Ma’lumki, hayotimizning barcha jabhalari davlat boshqaruvi tuzilmalariga taqsimlangan. Egasi aniq vazirliklar va ularning tuzilmalari. Kelajagimizni uyg‘onish davri bilan bog‘laydigan, mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qiladigan davlat idoralari doimo sergak, tashabbuskor bo‘lishlari kerak. Faqat bu jarayonda to‘g‘anoq, jamoatchilikni chalg‘itayotgan qusurlarni bartaraf etib harakatlanish lozim. Qayta-qayta, bir xil xatoni takrorlashdan uyalmaymiz. Lekin olimlarning xulosalarini, ilmiy ishlanmalarini so‘rashdan uyalamiz. Uchinchi Renessans odimlashiga asosiy to‘sqinlik shu.

“Egri ish ellik yildan keyin ham elanar”, degan hayotiy haqiqat bor. Yuqorida eslatganimdek, “Yashaganimizni nima bilan isbot qilamiz?”. Vaholanki, davlatimiz rahbari qayd etganidek, biz shiddat bilan kirib borayotgan jamiyatga iste’molchi bo‘lib emas, ixtirochi bo‘lib qadam bosishimiz zarur.

Takliflar, istaklar

Avvalo, ilm-fanning ommabop tilda ommaga kirib borishiga erishishimiz lozim. To‘g‘risi, bizda ko‘p hollarda uning teskarisi bo‘ladi – fanda eng oson ish tushuntirishlarni qiyinlashtirish, eng qiyin ish ularni osonlashtirish.

Ilm-fanga hurmat-e’tibor bilan bir qatorda, omma ishtirokidagi ilmiy bahs-munozaralar ham an’anaga aylanishini ta’minlashimiz kerak.

Bizdan keyingi avlod sun’iy intellekt bilan ishlaydi. Shu jarayonda jilov olimlarimiz qo‘lida bo‘lishiga erishaylik.

Yoshlarimizni eskicha fikrlaydigan kishilarning gaplarini shubha ostiga olib, erkin tafakkur qilishga o‘rgataylik.

Bilim, ko‘nikma va malaka orttirish jarayonini mustahkamlash uchun bolalarimiz murg‘akligidanoq tajriba qilishga o‘rgatish, har bir dars mavzusini atrof-muhitdagi hayotiy misollarga bog‘lab o‘tish mexanizmlarini ishlab chiqish hayotiy zaruratdir.

Jamiyatda, o‘zaro muhokamalarimizda ham ilmga ishora bilan suhbatlashish zamonaviylik, madaniyatlilik belgisi, etiketiga aylanishiga erishishimiz kerak.

Olimlarimiz jamiyatdan, vazirliklardan buyurtma olib, u yoki bu qusurlarni aniqlab bartaraf qilishga qaratilgan tizimli ilmiy izlanishlarni amalga oshirishi zarur.

Uchinchi Renessansning tamal toshidan yuksalib borishigacha bo‘lgan jarayonni bitta tizimga solish, ijrosi haqidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda ochiqlab borish, ilmga oshno qatlamni jamiyatimizda ko‘payishni ta’minlash talab etiladi. Olimlarimizning ishtiyoq va qiziqishiga to‘sqinlik, foydali ish qilishining oldini to‘sish xiyonat deb baholanishi lozim. Bu borada yelkani qisib emas, yelkani yelkaga berib ishlash kerak.

Ilm – bu kashfiyot, ishchi o‘rni, obro‘-e’tibor, mavqe. Shu muhitda bo‘lishning o‘zi o‘qishga, bilishga ehtiyojni uyg‘otadi, ishtiyoqni oshiradi. Maktab bilan oliygoh va jamiyat o‘rtasida mana shunday hamma ham ilg‘amaydigan bog‘liqlik bor.

Ba’zida yashash, ishlash qiyindek tuyuladi. To‘g‘ri, oson ishning o‘zi yo‘q. Bugungi kunda ilmsizlikka cho‘mgan xalqlar tushkunlikka batamom tushib bo‘lgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilm poydevorini, Renessans qad ko‘tarishi uchun barcha muammolarni yechib bergan. Davlat va xalq yagona tana – fikriy birlik bo‘lib ulgurgan.

Biror ishni rejalashtirar ekanmiz, ularni amalga oshirish uchun turli xayollarga boramiz. Ba’zida xayolot kuchi bilimdan ham kuchli bo‘ladi. O‘zbekistonni asrash, avaylash va sevish vujudimizni egallasagina olimlik chegara bilmas darajadagi ixtirolar bilan, har kunimiz soatimiz ijobiy natijalar bilan to‘lishi turgan gap.

Mahmud BOBOYoROV.