Olim taklif beradi: Bolalarni intellektual qobiliyatiga qarab o‘qitaylik, kasb-hunar o‘rgataylik!

Har yili yozda test sinovlarida va yaxshi o‘qiydiganlarni ajratmasdan o‘tkazilgan xalqaro reytinglarda ta’limdagi ishlarning natijasi yaqqol ko‘rinadi. To‘rtta-beshta o‘quvchining chetdagi va mamlakat ichidagi kuchli oliy o‘quv yurtlariga kirishi ta’limdagi real ahvoldan darak bermaydi.

Chunki 37 millionli xalq orasida hamma vaqt tabiiy talantlar va ularning orqasida turgan kam sonli ota-onalar hamda o‘qituvchilar ham bo‘ladi. Bu ularning birgalikdagi mehnati natijasi.

Bu sohada qayerda xatoga yo‘l qo‘yayapmiz, vaziyatni yaxshilash uchun nima qilish kerak? Katta mablag‘ va qariyb 20 yil vaqt ketgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari nima uchun kutilgan natijani bermadi? Bu savollarga aniq javob bormi?

Agar mustaqillikka erishganimizdan beri barcha ta’lim sohalarining “tarixi”, buguni har tomonlama, chuqur o‘rganilmas ekan, bu savollarga javob ham bo‘lmaydi. Javob va o‘shanga yarasha ish bo‘lmasa, to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmizmi yoki yana adashyapmizmi, uni baholashning ham imkoni bo‘lmaydi. Katta e’tibor qaratilgan sohaning kamchiliklarini o‘rganishga, tahlil qilishga, xulosa chiqarishga, tuzatish uchun tegishli qarorlar qabul qilib, ularni amalga oshirishga e’tibor berilyaptimi? Menimcha, aynan masalaning shu tomoniga yetarli e’tibor yo‘q, bo‘lganda, vaziyat bunday bo‘lmasdi.

Nima qilish kerak?

Maktab va oliy ta’limda o‘z fikriga ega bo‘lgan va uni aytgan, matbuotda yozgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchi va talaba bilan ishlayotgan 25-30 ta tabiiy fanlar bo‘yicha ilg‘or pedagoglardan tashkil topgan ta’limni o‘rganish instituti ochish kerak. Institutning vazifasi material tayyorlab, SKOPUSga maqola yozish emas (material bo‘ldiki, maqola o‘z o‘zidan bo‘ladi), balki ta’limning haqiqiy ahvolini doimiy ravishda o‘rganib borishdan, uning natijalariga ko‘ra asosiy kamchiliklarni aniqlashdan va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘qituvchilarga va tegishli organlarga tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. T.Qoriniyozov nomidagi pedagogika ilmiy tadqiqot institutini ham shu institutga qo‘shib yuborish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Institutning hamma xodimi Toshkentda ishlashi shart emas, chunki o‘rganish ob’yekti bo‘lgan maktablar va boshqa ta’lim dargohlari respublikamizning hamma viloyatlarida bor. Institutning asosiy funksiyasi nazorat qilish emas, balki ahvolni uzluksiz o‘rganib borishdan iborat bo‘lishi va buning uchun u tamoman mustaqil bo‘lishi kerak. Chunki birinchidan, maktabga yoki OTMga nazoratchi borganda suhbat boshqacha, o‘rganuvchi borganda esa bundan tubdan farq qiladi.

Ta’limni o‘rganish instituti zarur va kerak ekanligini isbotlovchi (ko‘rsatuvchi) bir nechta misollar keltiraman. Nima uchun ba’zi katta shaharlarda rus maktablarining soni ko‘p, ya’ni rus tilida gaplashadigan aholining soniga proporsional emas? Nima uchun aholi o‘z farzandini rus tilidagi maktabda o‘qitishni xohlaydi? O‘zbek bo‘la turib, farzandini rus maktablarida o‘qitayotgan ota-onalarning fikri qanday, ularning ko‘pchiligi qaysi tabaqaga (kambag‘al, o‘rta, boy, ziyoli) mansub? Ular o‘zbek tilidagi maktablardan nima uchun norozi? Bu masala ko‘tarilganda ijtimoiy tarmoqlarda doim buning sabablarini eshitmasdan, o‘rganmasdan, bir-birimizga “tosh” otishni boshlaymiz. Lekin ular ham bizning millatdoshlarimiz, fuqarolarimiz, ular ham farzandlarini yaxshi ko‘radi, yaxshi bilim olishini xohlaydi. Ikkala maktab ham bizniki, ikkalasining ham ijobiy va salbiy tomonlarini o‘rganaylik, ijobiy tomonini qabul qilib, o‘zlashtiraylik. Shunda ular ham o‘z farzandlarini o‘zbek tilidagi maktablarga beradi.

O‘zbek tilidagi maktablarda matematika, fizika, kimyo fanlarini o‘qitayotgan o‘qituvchilarning qancha foizini ayollar tashkil qiladi? O‘z fani bo‘yicha ularning savodi qanday, darsga normal tayyorgarlik ko‘rish uchun imkoniyati bormi? O‘zbek ayollarining aksariyati 4-5 soat maktabda ishlab kelib, uy ro‘zg‘or ishlari bilan band. Bu ishlardan keyin darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun necha soat vaqt qoladi va bu vaqt yetarlimi? Malakasini, bilimini oshirish uchun-chi? Matematika va fizikadan dars berayotgan ayol o‘qituvchilar bir kunda o‘tadigan har bir dars uchun 5-6 masala, misol yechib borib, uni o‘quvchiga o‘rgatadimi?

Kasb-hunar kollejlariga milliard-milliard so‘mlik asbob-uskunalar, hatto ba’zilariga ma’lum mahsulot ishlab chiqaradigan texnologik uskunalargacha olindi. Hatto universitetlarda bo‘lmagan 200 ga yaqin qimmatbaho OPTIZEN III spektrofotometrlarning 90 foizi ham asosan kasb-hunar kollejlariga berildi. Lekin ularning ko‘pchiligi ishlatilmadi, ishlatilganlarining foydali ish koeffitsiyenti kam bo‘ldi.

O‘quvchini bilimga va kasb-hunarga o‘rgatish, bu - doimiy ish. Shuning uchun, bu masalalarni o‘rganishning kechi yo‘q. Ularni uzluksiz o‘rganib borish, qaysi ishni oldin, qaysini keyin va ishning qaysi qismi kimning vazifasi ekanligi, qaysi bosqichida qanday xarajat borligini aniqlab, uni optimal darajada amalga oshirishga imkon beradi. Lekin bu masalalar hozirgacha o‘rganilgani yo‘q.

Bundan 6-7 yil oldin o‘nga yaqin ilg‘or universitetlarga Kanadaning “AURORA shirkatida ishlab chiqarilgan narxi 83000 yevro bo‘lgan AI 1200 markali atom absorbsion spektrometr sotib olindi. Shundan beri ularning birortasi ishlatilmaydi. Asosiy sabab uni biladigan mutaxassisning yo‘qligi, tayyorlanmaganligi, ikkinchisi unga malakali texnik xizmat ko‘rsatadigan, ishlashni o‘rgatadigan, buzilganda tuzatadigan savodli mutaxassis tayyorlanmaganligida. Shu universitetlarning birortasiga masalan, Milliy universitetga tajribaga ega bo‘lgan, ya’ni spektral asboblar bilan ishlagan fizik yoki muxandisni ishga olib, unga yaxshi oylik to‘lab, asbobda ishlashni, texnik xizmat ko‘rsatishni, sozlashni o‘rganib kelish uchun Kanadaga (yoki shu asboblarga xizmat ko‘rsatadigan boshqa mamlakat shirkatiga) yuborib tayyorlaganda edi, u Toshkentda boshqalarga o‘rgatardi, asbob-uskunalarni ishga tushirardi. Axir gap kamida 1 million dollarga sotib olingan yaxshi asboblar haqida boryapti. Bunga ham men o‘zim guvoh. 2000 yilda keltirilgan bu asbob kollej va litseylarning kimyo kabinetlariga berildi. 30 ga yaqin kimyo o‘qituvchisi Toshkent Pediatriya institutining akademik litseyida 5 kun asbobda ishlashni o‘rgandi. Ularning orasida kamina ham bor edi. Rahbarlarning rejasiga ko‘ra, barcha viloyatlardan borgan o‘qituvchilar asbobda ishlashni o‘rganib o‘zining viloyatidagi boshqa o‘qituvchilarga o‘rgatishi kerak edi. Besh kunlik o‘qishning mutloqo foydasi bo‘lmadi. Chunki turli OTMlarni bitirgan kimyo o‘qituvchilari o‘qigan vaqtida bunga o‘xshash asboblarni ko‘rmagan, bilmagan, spektroskopiya, elektromagnit nurlarning modda tomonidan yutilishi, yutilishning miqdori va konsentrasiya orasidagi bog‘lanish bo‘yicha elementar tushunchaga ega emas edi. Samarqandda men ham 17 o‘qituvchini o‘qitdim, yuqorida aytilgan sabablarga ko‘ra ularning aksariyatining savodi chiqmadi. Buning asl sababi ushbu asbob, universitetlarning 3-4 kurs talabalariga mo‘ljallangan va u yerda o‘tiladigan fanlarning dasturiga kirgan edi. Ushbu asbob va u bilan bog‘liq mavzu litsey va kollejlarning kimyo fani dasturida yo‘q edi. Buni hamma o‘qituvchilar aytishdi. Bunday vaqtda masala yetarli darajada o‘rganilishi va uning natijalarini hisobga olib shunga yarasha chora tadbir ko‘rish kerak edi. Shunday qilib, Oliy ta’lim vazirligining aybi, quyi rahbarlarning tomoshabinligi, befarqligi, ojizligi, savodsizligi va mas’uliyatsizligi oqibatida qariyb bir million dollarga sotib olingan spektrofotometrlarning birortasi ishtilmasdan ado bo‘ldi. Bu kabi voqealarning sabablari o‘rganilmasa, bunday ishlar yana bo‘ladi. Yuqorida aytgan AI 1200 atom absorbsion spektrometr voqeasi bundan keyin bo‘ldi va hozir ham shunga o‘xshashlari bo‘layapti. Masalan, universitetlarga jumladan SamDUga Shimadzu shirkatining zamonaviy XRD-7000 markali rentgen difraktometri sotib olingan, lekin uni ishlatib natija oladigan, qayta ishlaydigan, sharhlaydigan, ilmiy maqola yoki hisobot ko‘rinishda tayyorlashgacha bo‘lgan ishlarni qilishga yordam bera oladigan mutaxassis yo‘q, tayyorlanmagan. Bunday masalalarda ahvol hamma joyda bir xil.

Abdulla Quvvatov,

SamDU dotsenti.

(Davomi bor)