10 nafar o‘qituvchisi 1000 dollardan oylik oladigan maktab
Payariqdagi 53-maktab tuman markazidan ancha olisda, Kattasaydov qishlog‘ida joylashgan, ammo bu shaharlardagi eng yaxshi ta’lim muassasalaridan qolishmaydi.
Birinchilar qatorida
Yaratilgan sharoit va undan unumli foydalanayotgan o‘qituvchilar hamda o‘quvchilarning sa’y-harakati natijasida maktab bir necha yildirki, reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha tumanda birinchilar qatoridan o‘rin olib kelyapti.
- Bundan 5-6 yil ilgari binolarimiz juda ko‘rimsiz ahvolda edi, - deydi maktab direktori o‘rinbosari Komil Nizomov. - 2019 yilda homiylik hisobidan maktab qayta qurilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Bugungi kunda 570 o‘quvchiga 48 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelyapti. Ustozlarning qariyb 50 foizi - oliy toifali. 10 nafari turli xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, davlatimiz rahbari aytganidek, har biri ming dollar atrofida oylik oladi.
Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi – 100 foiz
3 yildan beri maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga qamrov ko‘rsatkichi 100 foizni tashkil etyapti.
- Ham jismoniy tarbiya o‘qituvchisiman, ham bir sinfga rahbarlik qilaman, - deydi Muhammad Ochilov. – Men rahbarlik qilgan sinf o‘quvchilari bundan ikki yil ilgari maktabni muvaffaqiyatli tamomladi. 25 nafar bitiruvchining 24 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bir nafari xususiy oliy o‘quv yurtida tahsil olyapti. Ayni paytda 7-sinf o‘quvchilariga rahbarlik qilyapman. Ularning barchasi nufuzli davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda men ham ularga qo‘limdan kelgancha ko‘magimni, maslahatlarimni ayamayman.
Qo‘shimcha to‘garaklar mutlaqo bepul
Ta’lim muassasasida darslar bir navbatda tashkil etilib, o‘quvchilar kunning ikkinchi yarmida qo‘shimcha to‘garaklarga jalb etiladi.
Ham ota-ona, ham ustoz sifatida maktabdagi dars jarayonlarini kuzatib boraman, - deydi Muhammad Ochilov. – O‘quvchilarning aksariyati kech soat 18:00 gacha maktabda bo‘ladi. Ular shu yerda, qo‘shimcha to‘garaklarda ham ertangi uyga vazifani bajarib ketadi, ham turli sertifikatlar olish, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘radi. Qo‘shimcha to‘garaklar malakali ustozlar tomonidan bepul o‘tiladi. Nega bepul? Ustozlar, avvalo, o‘z ustida ishlaganligi, qolaversa, o‘quvchilarining muvaffaqiyatga erishayotganligi uchun ham beriladigan qo‘shimcha ustama mablag‘ hisobidan katta summada oylik oladi. Shuning uchun ham maktabimizdagi har bir o‘qituvchi vijdonan mehnat qiladi. Hali yaqindagina ish boshlagan yosh, shijoatli o‘qituvchilar bor. Ular ham maktabdagi tajribali ustozlar izidan boryapti.
O‘qituvchilar tanlov asosida qabul qilinadi
Maktab yangi, zamonaviy binolarga ega bo‘lgandan keyin ta’lim sifatini ham shunga mos qilish uchun har bir o‘qituvchi sinovdan o‘tkazilib, ishga qabul qilindi. Jamoa ham deyarli yangilandi.
- Avvalgi jamoadan bor-yo‘g‘i 3 kishi qoldi, - deydi maktab direktori o‘rinbosari K.Nizomov. – Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan yosh, bilimli, tashabbuskor o‘qituvchilar ish boshladi. Shuningdek, o‘quvchilarimiz har chorakda maxsus test sinovlaridan o‘tkaziladi. Natijaga qarab ularni “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratamiz. Yaxshi o‘zlashtirayotganlarni rag‘batlantiramiz, orqada qolayotganlarga alohida e’tibor qaratib, qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tamiz. Ularning ko‘rsatayotgan natijalariga qarab ustozlari ham baholanadi. Shuningdek, har bir sinfxonada ham tasvir, ham ovoz yozib oluvchi kameralar o‘rnatilgan. Bu ham ta’lim sifat va samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Shogird ustozdan o‘tmasa...
Maktabda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘layotgan o‘qituvchilar safi yildan-yilga kengayib boryapti. Ularning biri ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sitorabonu O‘roqboyevadir.
- Shu maktabda dars berayotganim bilan faxrlanaman, - deydi u. – O‘quvchilarimiz bilimga chanqoq. Hatto ustozlardan qolishmaslikka, turli yuqori darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritishga harakat qilayotgan shogirdlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Avvalo, biz, o‘qituvchilarning ota-onalar bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va bu o‘z natijasini ko‘rsatyapti. O‘quvchilarni qiziqishiga qarab, to‘garaklarga jalb qilamiz. Men “Yosh adabiyotshunoslar” to‘garagiga rahbarlik qilaman. Unda 20 nafarga yaqin o‘quvchi qatnashadi. Shogirdlarimning boshqa to‘garaklarda qay darajada qatnashayotganini hamkasblarimdan so‘rab turaman. Uyda bo‘sh vaqti qanday o‘tayotganligi haqida ularning ota-onalari xabar berib turadi.
“Dugonalari yo‘q o‘quvchi”
10-sinf o‘quvchisi, “Yosh adabiyotshunoslar” to‘garagi a’zosi Nigina Bo‘ltakova tomonidan yozilgan bir hikoya ana shunday nomlanadi. Bosh qahramon bo‘lgan o‘quvchi qiz dugonalari bilan ba’zida ko‘ngilochar tadbirlarga, sayr qilish uchun istirohat bog‘lariga, turli tamaddixonalarga bora olmagani uchun kamsitiladi. Shunda u maishatparast dugonalaridan voz kechib, bo‘sh vaqtini qo‘shimcha to‘garaklarda bilim olishga sarflaydi. Natijada sinfdosh dugonalari orasida yolg‘iz o‘zi talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ladi.
Maktabda ijodkor o‘quvchilarga ham alohida e’tibor qaratiladi. Vaqti-vaqti bilan taniqli shoir va yozuvchilar taklif etilib, o‘quvchilar uchun mahorat darslari tashkil etiladi.
- Ustozimiz Sitorabonu O‘roqboyeva to‘garak mashg‘ulotlarida bizga adabiyot nazariyasi, shoir va yozuvchilar hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar beradi, - deydi N.Bo‘ltakova. – Mashg‘ulotlar davomida o‘qigan kitoblarimizni, yozgan mashqlarimizni muhokama qilamiz. She’r va hikoya yozish sirlarini o‘rganamiz. Bu to‘garakda ham qalamimiz charxlanyapti, ham oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Shu qishloq maktabida ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlar orasida nufuzli tanlov g‘oliblari, sport chempionlari bor. O‘quvchilarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida turli klublar faoliyat olib boradi. Xullas, bu maktabni boshqa ayrim ta’lim muassasalariga o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).