Maktab hojatxonalari qachon talabga javob beradi?

Yaqinda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida olib borilayotgan ishlar tahlili hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati muhokama etildi.

Unda tuman shahar hokimlariga 171 ta maktabning hojatxonalarini o‘quv yili boshiga qadar ta’mirlash yoki yangisini qurish bo‘yicha topshiriqlar berilgan bo‘lsa-da, hozirgacha ushbu masala oxiriga yetkazilmagani tanqid qilindi. Misol uchun, Payariqda 19 ta, Ishtixonda 15 ta, Urgutda 12 ta, Past Darg‘omda 9 ta, Jomboy, Qo‘shrabot tumanlari va Samarqand shahrida 7 tadan, Toyloqda 6 ta, Nurobod va Samarqand tumanlarida 3 tadan maktab hojatxonalari tayyor emasligi aniqlangan.

Biz ushbu masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida Payariq tumanidagi ayrim maktablarda bo‘lib, hojatxonalar ahvoli, maktabning sanitariya-gigiyena holati bilan tanishdik.

Dastlab tumandagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Maktab 290 o‘rinli bo‘lib, 340 nafar bola o‘qiydi. Maktab hojatxonasi o‘quv binosidan 20-30 metr uzoqlikda, unga borish uchun betonli yo‘lak qilingan. Ammo yerdan kovlab qilingani bois sassiq hid anqib turibdi. Burchakda chiqindi uchun eski chelak bor, xolos. Hojatxonaga elektr energiyasi ulanmagan. Tabiiyki, bunday maktab hojatxonalari qishda isitilmaydi, bunga sharoit ham qilinmagan.

Maktab hovlisida qo‘lbola usulda qo‘l yuvish moslamasi o‘rnatilgan.

- Maktabimiz 2022 yilda rekonstruksiya qilingan, - deydi maktab direktori G‘ayrat Maxamatov. – Faqat hojatxona zamon talablariga javob bermaydi, bizga yangi hojatxona qurib berilsa yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, kutubxonamizning tomi chirib ketgani uchun tom qismini ochib tashlaganmiz. Shuni yopish uchun tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga xat qilganman.

Haqiqatda maktab kutubxonasi eski binoda joylashgani uchun shifti yaroqsiz holga kelgan, birovga zarar yetkazmasin, deb tom qismi ochib tashlanibdi. O‘quv yiliga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, kutubxona ustini yopishga hali qurilish materiallari berilmagan.

Bundan tashqari, maktab hovlisida mevali daraxtlar bo‘lib, bu yilgi gilos hosilidan 5 million so‘m daromad olingan. Ushbu pul maktab ta’miriga sarflangan. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan berilgan qurilish materiallari maktabning faqat bitta bo‘limining ta’miriga yetgan. Qolgan ikkita bo‘lim gilos hosilidan olingan daromad hisobiga ta’mirlangan.

Keyingi manzilimiz tumandagi 99-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi. Maktab 270 o‘rinli bo‘lib, 370 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Maktab hojatxonasi 2016 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan. Hojatxona bo‘limlari taxta panel bilan ajratilgan bo‘lib, uning ko‘p qismi chirigan. Yaroqsiz holga kelgan hojatxonada qog‘oz, chiqindi uchun chelak qo‘yilmagan. Chiroq ham o‘rnatilmagan. Bu maktabda ham qo‘lbola usulda yasalgan qo‘l yuvish moslamasi bor. Hojatxonaga borish yo‘li beton qilingan.

Biz maktabda bo‘lganimizda eski hojatxona yonidan yangisini qurish ishlari boshlangan ekan.

- Yangi hojatxona qurish ishlari boshlanganiga uch kun bo‘ldi, - deydi maktab direktori Jasur Toshqulov. – Tuman mahalliy byudjeti hisobidan qurib beriladi, qurilish materiallari ham keltirildi.

Tumandagi 85- va 87-umumiy o‘rta ta’lim maktablari hojatxonalarida ham yuqoridagi singari kamchiliklar kuzatildi.

Tuman hokimligi tomonidan 14 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi hojatxonalari ta’miri va yangi qurilayotgan beshta maktab hojatxonasi uchun 220 million so‘m ajratilibdi. Yana 763 million so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Biz tuman maktablaridagi sanitariya-gigiyena holatini o‘rganib, xulosa qildikki, hali qishloq joylarida zamonaviy hojatxona haqida o‘ylab ham ko‘rilmabdi. Nahotki, zamon o‘zgargani, kishilarning yashash sharoiti yaxshilangani maktablarda sezilmayapti?

Biz yuqoridagi hojatxonalarda suv va dizinfeksiya vositalarini umuman uchratmadik. Loaqal hojatxonalarda qog‘oz qo‘yiladigan joy qilinmagan. Bu qog‘oz ham qo‘yilmasligidan darak emasmi? Buning uchun ham maktab ma’muriyatini ayblay olmaymiz. Sababi, maktablarga hech qachon hojatxona qog‘ozi, dizinfeksiya vositalari berilmaydi.

Qahraton qishda bunday hojatxonalarga bolalarning qatnashini ko‘z oldingizga keltiring. O‘quv binosidan uzoqda, isitish tizimi umuman o‘rnatilmagan, nomiga qo‘yilgan eshiklari hatto ichkaridan qulflanmaydigan, chirog‘i yonmaydigan hojatxonalar bugungi kun talabiga qanchalik javob beradi? Tashqarida qo‘lbola usulda yasalgan qo‘l yuvish jo‘mraklari qishda muzlab qolishi tayin. Xo‘sh, bolalar qayerda qo‘lini yuvadi? Qo‘l yuvish jo‘mraklari oldida ham sovun qo‘yiladigan joy yo‘q. Buni mas’ullar nega shu paytgacha o‘ylab ko‘rmagan?

Bizni qiziqtirayotgani maktablarda yangi qurilayotgan hojatxonalar unitazli, devori va poli kafelli, isitish tizimi mavjud, eshigi qulflanadigan, chirog‘i, rakovinasi bo‘ladimi yoki yuqoridagi singari nomiga qurib beriladimi? Buni biz tuman hokimligi mas’ullaridan so‘ramadik. Aksincha, viloyatdagi barcha tuman (shahar) hokimliklari o‘zlari qurayotgan maktab hojatxonalariga zamon talabiga xos yondashadi, degan umidda savolimizni maqola orqali beryapmiz.

Hurmatli mas’ullar, zamon o‘zgargan, siz ham tafakkuringizni o‘zgartiring!

Yana bir gap. 2025 yilning 1 mayidan boshlab O‘zbekistonda “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. “Toza qo‘llar” dasturiga ko‘ra, joriy yilning may oyida Payariq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga 195170570 so‘mlik antiseptik vositalari, 130083000 so‘mlik suyuq sovun, 36000000 so‘mlik hojatxona qog‘ozi berilgan. Ammo mas’ullarning aytishicha, ushbu sanitariya-gigiyena vositalari maktablarga hali tarqatilmabdi.

Xuddi shunday sanitariya-gigiyena vositalari boshqa tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga ham yetkazilgandir.

Xurshida Ernazarova.