Samarqanddagi ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova kecha Samarqand viloyatidagi qator ta’lim tashkilotlari va muassasalar faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Dastlab Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy laboratoriya hamda o‘quv jarayonlari bilan tanishdi.
Universitet jamoasi bilan muloqot davomida ilmiy-amaliy loyihalar, raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlash sifati haqida so‘z yuritildi.
O‘rganish jarayonlari viloyatning Urgut tumanidagi 1-kasb-hunar texnikumida davom etdi. Pedagoglar bilan uchrashuvda yoshlarni kasbga o‘qitish hamda xorijiy tillarni o‘rgatish zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning muhim omili ekanligi ta’kidlandi.
Tumandagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 133-umumta’lim maktabida olib borilgan o‘rganishlar davomida tarbiyalanuvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasi, o‘quv xonalarining jihozlanishi mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Tahliliy o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.