Qishloq bolalari uchun logoped kerak
Farzand tarbiyasi — har bir jamiyatning eng muhim va mas’uliyatli vazifalaridan biri. Zero, bolaning ertangi kuni bugungi yaratilgan sharoit, berilgan e’tibor va to‘g‘ri yo‘naltirilgan tarbiyaga bevosita bog‘liq.
Shu ma’noda, farzandlarimizni har tomonlama yetuk, sog‘lom va bilimli qilib tarbiyalash uchun poydevorni aynan kichik yoshdan boshlab mustahkam qo‘yish zarur.
Bugungi kunda shaharlarda davlat va nodavlat bog‘chalar, maktablar hamda turli o‘quv markazlari jadal rivojlanib bormoqda. Ularda zamonaviy jihozlar, ilg‘or ta’lim texnologiyalari, malakali mutaxassislar jamlangan. Bolalar erta yoshdanoq suzish, raqs, sport va turli fan to‘garaklariga qatnashib, o‘z qobiliyatini rivojlantirish imkoniga ega.
Biroq shu imkoniyatlar barcha hududlarda birdek ta’minlangan, deb aytish qiyin. Ayniqsa, chekka qishloq joylarda bu masala dolzarbligicha qolmoqda. Ba’zi qishloqlarda bog‘chalar yetarli emas, mavjudlarida esa shart-sharoitlar talab darajasidamas. Maktablarda malakali o‘qituvchilar yetishmasligi ham ta’lim sifatini to‘liq ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda.
- Alohida e’tibor talab etadigan jihatlardan biri bolalar nutqidagi kamchiliklarni bartaraf etish masalasidir, – deydi Qo‘shrabot tumanining olis mahallalaridan birida yashovchi tanishim. – Logoped xizmatlarining yetishmasligi sababli ayrim oilalar farzandlarini viloyat markazlariga olib borishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa vaqt va mablag‘ jihatidan qiyinchilik tug‘dirib, ba’zan bolalarning ta’lim jarayonidan ortda qolishiga ham sabab bo‘ladi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan oilalar uchun bu masala yanada murakkab.
Shu nuqtada tabiiy savol tug‘iladi: barcha bolalar uchun teng imkoniyatlarni qanday ta’minlash mumkin? Chunki bolalikda olingan bilim va ko‘nikmalar insonning butun hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Qishloq bolalari ham o‘z qiziqishlari va iqtidorini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lishi kerak emasmi?
Mulohaza sifatida aytish mumkinki, chekka hududlarda davlat standartiga javob beradigan bog‘chalar, maktablar, o‘quv markazlari va ayniqsa, logoped kabi mutaxassislar faoliyatini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki ijtimoiy tenglikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat – qishloqdan yetishib chiqqan mutaxassislarning o‘z hududiga qaytib, shu yerda faoliyat yuritishini rag‘batlantirishdir. Zero, ular o‘z yurtining ehtiyojini yaxshi biladi va shu asosda samarali ish olib borishi mumkin.
Albatta, so‘nggi yillarda ayrim hududlarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yangi o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Ammo bog‘cha yoshidagi bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislar, xususan logopedlar hali ham yetarli emas.
Farzandlar – kelajagimiz. Ularning barkamol bo‘lib ulg‘ayishi esa faqat ota-onaning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Shu bois, har bir bolaga teng imkoniyat yaratish yo‘lida barchamiz birdek mas’ulmiz. Ana shundagina yurtimiz kelajagi yanada porloq bo‘ladi.
N.Karimova,
SamDPI o‘qituvchisi.