Kattaqo‘rg‘onlik mudira noqonuniy xatti-harakatlarini muassasa vazirlik tasarrufiga o‘tgan davrgacha sodir etgan
Joriy yilning 3 sentyabr kuni “Zarnews” saytida “Kattaqo‘rg‘ondagi bog‘chada 900 million so‘m miqdorida noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi” nomli tanqidiy maqola e’lon qilingandi.
Maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat bo‘limi tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 10-davlat maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotining 2014-2019 yillardagi faoliyati yuzasidan tanlov usulida o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganish yakuni bilan huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan.
Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, 10-davlat maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotining sobiq mudirasi faoliyati davomida iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar turkumiga kiruvchi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlarni qasddan nobud qilish yoki yashirish, odil sudlovga qarshi jinoyatlar turkumiga kiruvchi yolg‘on guvohlik berish kabi tasniflanishi jihatidan og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan. Ya’ni, mudira 922.924.130 so‘mlik juda ko‘p miqdordagi byudjet pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilib, davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga iqtisodiy zarar yetkazgan. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi, 227-moddasi 2-qismi “a” bandi va 238-moddasi 2-qismi bilan ayb e’lon qilinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga oshirilgan. Hozirda mazkur holat sud jarayonida.
Ta’kidlash joizki, aniqlangan qonun buzilish holatlari maktabgacha ta’lim tashkiloti yuridik maqomga va mustaqil balansga ega bo‘lgan vaqtda, ya’ni Maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufiga o‘tgan davrgacha sodir etilgan.
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati.