Samarqand viloyatida 17 ta DMTT faoliyatini boshladi
Respublikamizda karantin qoidalari yumshatilgach, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash boshlandi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni birinchilardan bo‘lib o‘z bag‘riga olgan 17 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 840 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olindi. Jumladan, Past Darg‘om (8), Paxtachi (5) va Ishtixon (4) tumanlarida bog‘chalar faoliyatini boshladi.
Mazkur maktabgacha ta’lim muassasalari xalq deputatlari mahalliy Kengashi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlarining xulosasi asosida ish boshladi. Biz Past Darg‘om tumanida bo‘lib, bog‘chalarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.
Tumandagi Beshbola mahallasidagi 34-maktabgacha ta’lim tashkiloti 60 nafar bolani qamrab olgan. 150 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘cha "Sinchi" va "Besh bola" mahallalari aholisi uchun uzoq kutilgan maskan. Chunki ko‘p yillar davomida bu hududda maktabgacha tarbiya tashkiloti bo‘lmagan. Aholidan kelgan ko‘plab shikoyatlar tufayli 70-maktabning eski binosi bolalar bog‘chasiga moslashtirildi. Qayta qurish ishlari shu yil boshida yakunlandi.
- Hozircha to‘liq quvvat bilan ishlamayapmiz. Chunki har bir guruhda yangi sanitariya-gigiyena me’yorlariga ko‘ra, 15 nafardan ortiq bola bo‘lmasligi kerak, - deydi muassasa mudirasi Anzirat Haqberdiyeva. – Asosan ishlaydigan ota-onalar, harbiy xizmatchilar va yetim bolalar farzandlarini bog‘chaga jalb qildik. Ammo ko‘pgina ota-onalar farzandini ta’lim muassasasiga borishini xohlashadi. Yil boshidan buyon 130 nafardan ortiq bola navbatda. Pandemiya paytida bolalarning salomatligi uchun qo‘l yuvish joylarini bir martalik sochiqlar bilan jihozladik, kirish joyida kontaktsiz termometr yordamida bolaning haroratini o‘lchaydigan hamshira kutib oladi va ularning qo‘llarini dezinfeksiyalaydi. Shundan keyingina bolani guruhga kuzatib qo‘yishadi. Ota-onalarga binoga kirish qat’iyan man etiladi.
Xuddi shu sanitariya-gigiyena qoidalari Past Darg‘om tumanidagi 16- maktabgacha ta’lim tashkilotida ham tashkil qilingan. U yerda bugungi kunda Qorag‘uppa mahallasidan atigi 30 nafar bola qatnaydi. 2019 yilda investitsiya dasturi asosida ajratilgan 2,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga maktabgacha ta’lim muassasasi barcha sharoitlarga ega zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Muassasa ikki qavatli qilib qayta ta’mirlangach, 100 nafar bolani qamrab olish imkoniga bo‘ldi.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutaxassisi Husniddin Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Past Darg‘om tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish 44,7 foizni tashkil etadi. Pandemiya paytida 105 ta oilaviy va 96 ta xususiy MTT qayta tiklandi.
Davlat bolalar bog‘chalari faoliyatini xavfsiz qayta tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni ta’minlash va ularning ishlashi uchun sharoit yaratish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Zamira BOLTAYeVA.
Raqamlar: Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan dezinfeksiya vositalari sotib olish uchun faoliyat yuritayotgan 662 ta bolalar bog‘chasiga 848 million so‘m mablag‘ ajratildi.