Bank tilga hurmatni bilmaydimi?
Qariyb 15 yildan buyon Xalq banki xizmatlaridan foydalanib kelamiz va advokatlik byuromizning bank hisob raqami ham shu bankda ochilgan. Pul ko‘chirish uchun “XAZNA BUSINESS” va “XAZNA” ilovasidan foydalanamiz. Ammo ushbu ilovalarning kamchiliklari ko‘p, zamonga mos tarzda raqobatbardosh qilib takomillashtirish zarurati bor.
Misol uchun, “XAZNA BUSINESS”da pul ko‘chganligini tasdiqlovchi bank hujjati - kvitansiyani yuklab olish imkoniyati yo‘qligi bois “skrinshot”lardan foydalanyapmiz. Lekin “skrinshot” ham bir betga sig‘maganligi uchun ikki bet bo‘ladi. Unga birov ishonadi, birov ishonmaydi. “XAZNA” ilovasida ham shu ahvol - kvitansiya chiqqani bilan ma’lumotlari yetarli emas. Masalan, “CLICK Super Arr” ilovasida kvitansiya cheki mukammal tarzda ishlab chiqilgan, “To‘landi” degan yozuv turtburchak muhr ichida bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘zbek adabiy tilida “XAZNA” degan so‘z yo‘q. Xazina yoki g‘azna so‘zlari bor. O‘zbek tilining izohli lug‘atida keltirilishicha, xazina so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, qimmatbaho narsa, boylik, dafina, mablag‘, kassa ma’nosidagi biror shaxs, tashkilot yoki davlat ixtiyoridagi qimmatbaho buyumlar, mablag‘, boylik, davlat ma’nolarini ifodalaydi. Fazna so‘zi esa xazina so‘zining sinonimi tarzida qo‘llanilishi ko‘rsatilgan. Men bironta o‘zbek tilining birorta izohli lug‘atida “XAZNA” so‘zini qidirib topolmadim.
Xalq foydalanadigan bir emas ikkita ilovaning nomini savodsizlarcha nomlab qo‘yib, mamlakat bo‘yicha keng foydalanishga joriy etish uyat emasmi? Yoki ataylab shunday qo‘yilganmi? Agar ataylab shunday qo‘yilgan bo‘lsa bu o‘zbek tilini mensimaslik, hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari” to‘g‘risidagi Qonuni asosida 14 yillik mijozingiz sifatida ushbu taklifni bildiryapman. Taklifni ko‘rib chiqib, ilovalardagi kamchiliklarni bartaraf etasiz, degan umiddaman.
N.XIDIROV,
Paxtachi tumanidagi “Adolatli Nusratulla” advokatlik byurosi rahbari.