Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqanddagi 78-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasida tekshiruv o‘tkazib, bir qator kamchiliklarni aniqladi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova boshchiligida Bola huquqlarini ta’minlash sektori xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida joylashgan bolalar haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan muassasalarga monitoring o‘tkazildi.

Monitoring davomida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, sog‘lomlashtirilishi, sog‘lom ovqatlantirilishi holati, ta’limi, jamiyatga moslashuvi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi holatlari, mavjud muammolar va takliflarga e’tibor qaratildi.

Samarqand shahar MTBga qarashli 78-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi o‘rganilganda, uning ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga aylantirilgani aytildi, lekin tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmadi.

1974 yilda qurilgan ushbu maktabgacha ta’lim muassasasining oxirgi marta 2018 yilda faqatgina issiqlik tizimi ta’mirlangan. 180 o‘ringa mo‘ljallangan muassasada hozirgi kunda 105 nafar tarbiyalanuvchi mavjud, guruhlar soni 12 ta, 10 ta guruh faoliyat ko‘rsatadi. O‘rganish kunida tashkilotda karantin sababli faoliyat to‘xtatilgani sababli bolalar yo‘qligi aytildi.

Tashkilotning faoliyati jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’lim olishiga, shuningdek, ularni tarbiyalash va reabilitatsiya qilishga qaratilgan. Lekin muassasaning jihozlanishi “Maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel, jihozlar va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash me’yorlari” ga mos emas. Bu esa o‘z navbatida muassasa tarbiyalanuvchilarining rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablarining bajarilishi, shuningdek, ta’lim-tarbiya va korreksion ishlarni tashkil etish va tarbiyalanuvchilarga ta’lim-tarbiya va korreksiya-pedagogik yërdam berilishini ta’minlashda to‘sqinlik qilmoqda. Bundan tashqari, muassasada rivojlanishidagi nuqsonlarni korreksiyalash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tibbiy abilitatsiya va reabilitatsiya o‘tkazish, bolalar rivojlanishidagi nuqsonlarni kompensatsiya va korreksiya qilish borasida ham yetarli sharoitlar yaratilmagan. Bolalar to‘g‘ri ovqatlanishini va ularga tibbiy yërdam ko‘rsatilishini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish zarur.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida davlatga qarashli bolalar muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, rivojlantirishga ko‘maklashish chora-tadbirlarini ko‘rish vazifasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘z vazifalari doirasida ushbu vakolatni amalga oshirishi belgilangan.
Shuningdek, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini ta’minlashga doir hududiy dasturlarni shakllantirishi, tasdiqlashi hamda amalga oshirishi, 39-moddasida nogironligi bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’limi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilishi, ularga nisbatan zarur reabilitatsiya va abilitatsiya qilish choralari amalga oshirilishi hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi kabilarni ta’minlashi belgilangan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqand viloyati hokimligi va boshqa tegishli davlat tashkilotlardan 78-maxsus maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini tanqidiy o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi yuzasidan munosabat bildirishini talab qildi.